Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak (11-1608/9384-son)
21.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“OBI-RAVON” MChJ (bundan buyon matnda — MChJ deb yuritiladi) taʼsischisi Djalalov Shuhrat Zaripovich xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ taʼsischilari “STOCK-INVEST” MChJ va “HERMES KAPITAL” MChJlarni MChJ taʼsischilari safidan chiqarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
MChJ taʼsischisi Sh. Djalalov kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda sud tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilganligi, ish holatlari toʻliq oʻrganilmaganligi, javobgarlar vakolatlariga kirgan masalalarni hal etishda oʻz majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzib kelayotganliklari, MChJni boshqarishda ishtirok emayotganliklari bayon etilib, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Zangiota tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2010-yil 4-fevralda 2959-raqam bilan roʻyxatga olingan MChJ Nizomiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq MChJning Nizom jamgʻarmasi 5 668 950 soʻmni, taʼsischi “STOCK-INVEST” MChJning ulushi 1 829 085 soʻm yoki 32,27 foizni, taʼsischi “HERMES KAPITAL” MChJning ulushi 1 954 895 soʻm yoki 34,48 foizni, taʼsischi Djalalov Shuhrat Zaripovichning ulushi 1 884 970 soʻm, yoki 33,25 foizni tashkil qilgan.
MChJ Nizomining 6.2-bandiga koʻra, jami ulushlari MChJ Ustav fondining kamida oʻn foizini tashkil etadigan MChJ ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan MChJning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini MChJdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda — Qonun deb yuritiladi) 8-moddasining ikkinchi qismiga koʻra jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
Qonunning 9-moddasiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari, jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi sir tutilgan axborotni oshkor qilmasliklari shart. Jamiyat ishtirokchilarining qonun hujjatlarida va jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Ishtirokchilar oʻrtasida, ishtirokchilar bilan xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari oʻrtasida, aksiyadorlar oʻrtasida, aksiyador bilan aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida xoʻjalik shirkatlar va jamiyatlar faoliyatidan kelib chiqadigan nizolarni xoʻjalik sudlari tomonidan hal qilishning ayrim masalalari haqida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 19-bandida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan sudga faqat jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari murojaat qilishlari mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Biroq, MChJ taʼsischisi Djalalov Shuhrat Zaripovich oʻz daʼvo talabini, yaʼni MChJ taʼsischilari “STOCK-INVEST” MChJ va “HERMES KAPITAL” MChJni MChJ taʼsischilari safidan chiqarish uchun ularning Qonun 9-moddasi hamda MChJ Nizomining 6.5-bandi talablaridan kelib chiqqan holda Nizomda belgilangan aynan qaysi majburiyatni bajarmayotganligini, oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotganligini yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan MChJning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotganligini yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi nimada ifodalanganligini tegishli dalillar bilan isbotlamagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Ushbu holda, birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
XPKning 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi instansiyasi sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan 1 302 400 soʻm davlat bojining 976 800 soʻmi va 7000 soʻm pochta xarajatini MChJ taʼsischisi Djalalov Shuhrat Zaripovich zimmasida qoldirishni, shuningdek undan qoʻshimcha ravishda 325 600 soʻm davlat boji undirishni lozim topdi.
2016-yil 21-sentabr,
11-1608/9384-son
