Ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishni koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi (11-1508/6041-son)
28.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Parkent tuman hokimining 2015-yil 4-martdagi 317-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
“Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvo predmetini oʻzgartirib, Parkent tuman hokimining 2015-yil 4-martdagi 317-sonli qarorining 2, 3, 4-bandlarini haqiqiy emas deb topishni va 11 gektar yer maydonini unga qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 20-maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Parkent tuman hokimining 2015-yil 4-martdagi 317-sonli qarorining 2, 3, 4-bandlari haqiqiy emas deb topilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 7-iyuldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Sudning 2015-yil 15-iyuldagi ajrimi bilan “Sardorbek Sarkor” fermer xoʻjaligi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
“Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvo predmetini oʻzgartirib, Parkent tuman hokimining 2008-yil 2-noyabrdagi 560-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni va 11 gektar yer maydonini unga qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 17-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Parkent tuman hokimining 2015-yil 4-martdagi 317-sonli qarorining 2, 3, 4-bandlari haqiqiy emas deb topilgan va 11 gektar yer maydoni daʼvogarga qaytarilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 27-oktabrdagi ajrimi bilan Parkent tuman hokimining apellatsiya shikoyati va Toshkent viloyat prokurori oʻrinbosarining apellatsiya protesti boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 23-dekabrdagi qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilgan. Xususiy ajrim chiqarilib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2016-yil 2-avgustdagi ajrimi bilan “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligining qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrishda protsessual huquq normalarini buzib, ishni koʻrish vaqti va joyi haqida tegishli ravishda xabardor qilinmagan “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi vakili ishtirokisiz apellatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrganligi bayon qilinib, ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni quvvatlab, uni qanoatlantirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra, ajrimni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi Toshkent viloyat xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, qonuniy kuchga kirgan apellatsiya instansiyasi sudining ajrimini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishni soʻragan.
Qonuniy kuchga kirgan apellatsiya instansiyasi sudining ajrimini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishga fuqarolik ishlari boʻyicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudining Parkent tuman hokimiyatining xatti-harakatlarini gʻayriqonuniy deb topish va Parkent tuman hokimining 2015-yil 12-sentabrdagi “Maqbullashtirilgan fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi 1263-sonli qarorining “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligiga tegishli qismini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida” 2016-yil 15-martdagi hal qiluv qarori asos sifatida keltirilgan.
Biroq mazkur hal qiluv qarori fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi apellatsiya instansiyasining 2016-yil 13-iyuldagi ajrimi bilan bekor qilinib, ish yuritish tugatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 204-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan bunday qayta koʻrish asoslari roʻyxati qatʼiydir. Bu toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2003-yil 25-iyuldagi “Xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanishi haqida”gi 111-sonli qarorining 3-bandida taʼkidlangan.
Shu bois, apellatsiya instansiyasi sudi sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 204-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslarning yoʻqligi sababli, “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligining qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelishmaydi. Chunki, apellatsiya instansiyasi sudining xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritishni tiklash toʻgʻrisida 2016-yil 20-iyuldagi ajrimi “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligiga pochta aloqa xizmati orqali 2016-yil 25-iyulda yetkazilgan (i.v.262). Ushbu ajrimda ishni koʻrish 2016-yil 2-avgust kuni soat 14-30 ga tayinlanganligi belgilangan. Mazkur ajrim “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligiga pochta aloqa xizmati orqali yetkazilgan boʻlsa-da, undan vakil uzrsiz sabablarga koʻra sud majlisiga kelmagan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatiga ilova qilingan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Parkent pochta aloqa tarmogʻining 2016-yil 16-avgustdagi 38-30-01/569-sonli maʼlumotnomasida keltirilgan vajlari ham asossiz. Chunki ish hujjatlarida 2016-yil 20-iyuldagi sud ajrimi “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligiga 2016-yil 25-iyulda yetkazilganligi toʻgʻrisidagi dalil mavjud. Qolaversa barcha sud hujjatlari fermer xoʻjaligining yuridik manziliga, Parkent tumani, “Boyqozon” qoʻrgʻoniga yuborilgan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati ajrimni oʻzgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajatlarini “Nurmuhammad baraka” fermer xoʻjaligi zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2016-yil 28-sentabr,
11-1508/6041-son
