Xoʻjalik sudlari tomonidan 2012-2015-yillar hamda 2016-yilning birinchi choragida hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
Xoʻjalik sudlari tomonidan 2012-2015-yillar hamda 2016-yilning birinchi choragida hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
31.03.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining
Maʼlumoti
Oliy xoʻjalik sudining 2016-yilga moʻljallangan ish rejasining uchinchi boʻlimining 9-bandiga asosan 2012 — 2015-yillar hamda 2016-yilning birinchi choragida hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrish bilan bogʻliq xoʻjalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (775 ta) xoʻjalik ishlari va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
Ushbu toifadagi ishlar xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) hamda “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari asosida hal etilmoqda.
1. Hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi arizadan voz kechilganda, ish boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan tugatiladi.
MChJ huzuridagi Hakamlik sudining 2012-yil 30-maydagi hal qiluv qarori bilan “Sifco international” MChJ shaklidagi qoʻshma korxonaning daʼvosi qanoatlantirilib, daʼvogar va “Parvoz plyus fayz” MChJ oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan, javobgardan daʼvogar foydasiga 294 421 566 soʻm undirilgan va lizing obyekti daʼvogarga qaytarilgan.
Hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan “Parvoz plyus fayz” MChJ xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2012-yil 30-maydagi hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan.
“Parvoz plyus fayz” MChJning arizasida hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun hakamlik sudi javobgarni tegishli tartibda hakamlik muhokamasi vaqti va joyi haqida xabardor qilmaganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Ishni koʻrish jarayonida “Parvoz plyus fayz” MChJ sudga ariza bilan murojaat qilib, arizasidan voz kechishini va arizani koʻrmasdan qoldirishni soʻragan.
XPK 40-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvoning asosi yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, yoxud daʼvodan voz kechishga haqli.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga binoan, agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishni, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi. Bunday hollarda xoʻjalik sudi ishni mazmunan koʻradi.
Shu bois, “Parvoz plyus fayz” MChJning arizasidan voz kechishi qonun hujjatlariga xilof boʻlmaganligi yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmaganligi sababli sud arizadan voz kechishni qabul qilgan.
XPK 86-moddasining 6-bandiga asosan daʼvogar daʼvosidan voz kechgan va xoʻjalik sudi uni qabul qilgan boʻlsa xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi.
Sud ushbu normaga asoslanib, ish boʻyicha ish yuritishni tugatgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
2. Xoʻjalik sudi hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Oʻzbekiston hakamlik sudlari Assotsiatsiyasi huzuridagi Hakamlik sudining 2014-yil 10-apreldagi hal qiluv qarori bilan “Pod klyuch” MChJ (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi)ning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, “Arktika” shuʼba korxonasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)dan MChJ foydasiga 8 000 000 soʻm undirilgan.
Hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan javobgar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2014-yil 10-apreldagi hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan. Bunga hakamlik sudi tomonidan shartnoma shartlari oʻrganilmaganligi, shartnoma taraflari oʻz majburiyatini bajargan yoki bajarmaganligiga tegishli baho berilmaganligi, bu esa nizo yuzasidan noqonuniy qaror qabul qilinishiga olib kelganligi sababli Qonunning 10-moddasiga binoan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish lozimligi vaj qilib koʻrsatilgan.
XPK 155-3-moddasining beshinchi qismi va Qonun 47-moddasining birinchi qismiga muvofiq xoʻjalik sudi ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 238-sonli qarorining 10-bandida sudlar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda xoʻjalik sudi hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emasligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozimligi haqida tushuntirish bergan.
Mazkur holatda javobgarning vajlariga xoʻjalik sudi tomonidan baho berilishi hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishi va hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishiga olib keladi.
Shu bois, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilinishiga XPKning 155-4-moddasi va Qonun 47-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan asoslar mavjud emasligi sababli, sudning ajrimi bilan javobgarning arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan sudning ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
3. Hakamlik bitimida nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim. Ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
“Dio Tritron” MChJ huzuridagi Hakamlik sudining 2013-yil 18-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Invest Treyding Plyus” MChJ (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi)ning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, “Oʻtkir gazchi” ishlab chiqarish korxonasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)dan MChJ foydasiga 1 996 15 000 soʻm undirilgan.
Hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan javobgar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2013-yil 18-noyabrdagi hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan. Bunga hakamlik sudi javobgarga hakamlik muhokamasi vaqti va joyi haqida xabarnoma yubormaganligi, taraflar oʻrtasida hakamlik bitimi tuzilmaganligi bois, hakamlik sudining nizoni hal etishga vakolati boʻlmaganligini vaj qilib koʻrsatilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 238-sonli qarori 15.1-bandining ikkinchi xatboshisiga koʻra hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud maʼlum bir nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilinmagan taqdirda, bitim Qonunning 12 va 13-moddalariga muvofiq haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Mazkur holatda taraflar oʻrtasida 2003-yil 31-oktabrda tuzilgan birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish toʻgʻrisidagi bosh bitimning 8.2-bandida yuzaga keladigan barcha nizolar haqamlik yoki boshqa sudda hal etilishi belgilangan.
Yaʼni, nizo “Dio Tritron” MChJ huzuridagi hakamlik sudida koʻrib chiqilishi haqida taraflar oʻrtasida hakamlik bitimi mavjud emas.
Shu bois, xoʻjalik sudining ajrimi bilan javobgarning arizasi qanoatlantirilib, hakamlik sudining hal qiluv qarori bekor qilingan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
4. Agar xoʻjalik sudining ish yurituvida XPK 155-1-moddasining ikkinchi qismi va 155-2-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi alohida qoʻzgʻatilgan ishlar mavjud boʻlsa, XPK 115-moddasining ikkinchi qismiga asosan bu ishlar bitta ish yuritishga birlashtirilishi mumkin.
Daʼvogar “Nafis Nusha Barokat” MChJ javobgar “Omad teks” MChJdan 45 654 000 soʻm asosiy qarz, 22 827 000 soʻm penya undirish haqidagi daʼvo arizasi bilan Oʻzbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat Fondi huzuridagi Sirdaryo viloyat hakamlik sudiga murojaat qilgan.
Hakamlik sudining 2014-yil 24-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Omad teks” MChJdan “Nafis Nusha Barokat” MChJ foydasiga 45 654 000 soʻm asosiy qarz va 2 282 700 soʻm penya undirilgan.
Mazkur hal qiluv qarori ixtiyoriy ijro etilmaganligi sababli “Nafis Nusha Barokat” MChJ xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2014-yil 26-iyundagi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni soʻragan. Ariza ish yuritishga qabul qilinib, 12-1507/12208-sonli xoʻjalik ishi qoʻzgʻatilgan.
Oʻz navbatida “Omad teks” MChJ xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2014-yil 24-iyundagi hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan. Mazkur ariza ham ish yuritishga qabul qilinib, 12-1507/13410-sonli xoʻjalik ishi qoʻzgʻatilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 238-sonli qarori 12-bandining oltinchi va yettinchi xatboshilariga koʻra, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin manfaatdor shaxs tomonidan shu ish doirasida hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisida ariza XPKning 155-7-moddasi hamda Qonunning 51-moddasi talablariga rioya qilingan holda berilgan boʻlsa, u ish yuritishga qabul qilinadi va dastlabki ariza bilan birga koʻrib chiqiladi. Agar xoʻjalik sudining ish yurituvida XPK 155-1-moddasining ikkinchi qismi va 155-2-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi alohida qoʻzgʻatilgan ishlar mavjud boʻlsa, XPK 115-moddasining ikkinchi qismiga asosan bu ishlar bitta ish yuritishga birlashtirilishi mumkin.
Shu sababli, xoʻjalik sudining 2015-yil 5-oktabrdagi ajrimi bilan ikkala xoʻjalik ishi birlashtirilib, ish 12-1507/13410-son bilan yuritilgan.
Sudning 2015-yil 8-oktabrdagi ajrimi bilan “Omad teks” MChJning arizasi qanoatlantirilib, hakamlik sudi javobgarni sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilmagan holda ishni koʻrib chiqganligi sababli, XPK 155-4-moddasi birinchi qismining 5-bandiga muvofiq hakamlik sudining hal qiluv qarori bekor qilingan.
Sudning mazkur ajrimi bilan “Nafis Nusha Barokat” MChJning hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirish hal qiluv qarori bekor qilinganligi munosabati bilan rad etilgan.
5. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining ixtiyoriy bajarilganligi, bunday hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etishga asos boʻladi.
Biznes va investitsiya muammolarini oʻrganish markazi huzuridagi Hakamlik sudining 2015-yil 10-iyuldagi hal qiluv qarori bilan “Avto Iveko-Servis” xususiy korxonasi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi)ning daʼvosi qanoatlantirilib, “8-sonli Avtosaroy” AJ (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)dan daʼvogar foydasiga 20 795 300 soʻm undirilgan.
Daʼvogar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining 2015-yil 10-iyuldagi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni soʻragan. Arizada javobgar tomonidan hal qiluv qarori ixtiyoriy bajarilmaganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Xoʻjalik sudi tomonidan daʼvogarning arizasi ish yuritishga qabul qilinib, ishni sud majlisida koʻrishga tayinlangan.
Sud majlisida haqamlik muhokamasi taraflari hakamlik sudining hal qiluv qarori javobgar tomonidan ixtiyoriy bajarilganligini maʼlum qilib, bu holatni tasdiqlovchi hujjatni sudga taqdim qilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 238-sonli qarorining 23-bandiga koʻra, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish jarayonida hakamlik sudining hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi aniqlansa va ijro varaqasini berishni rad etish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, ajrim hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijro etilmagan qismi boʻyicha chiqariladi. Bunda hakamlik sudi hal qiluv qarorining qisman ijro etilganligini tasdiqlovchi dalillar sudga manfaatdor shaxs tomonidan taqdim etiladi.
Ushbu normaga tayanib sud asosli ravishda daʼvogarning xakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.