21-modda. Kasaba uyushmalarining hamda ularga qarashli tashkilotlarning mulkiy va moliyaviy huquqlari
“Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida (O‘RQ-413-son) · Sana: 28.11.2016 · Amalda
Kasaba uyushmalari mulk huquqi asosida oʻziga qarashli boʻlgan mol-mulk va pul mablagʻlariga egalik qiladi, ulardan foydalanadi hamda ularni tasarruf etadi.
Kasaba uyushmalari davlat organlari va boshqa tashkilotlarning majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, oʻz navbatida ular ham kasaba uyushmalarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Kasaba uyushmalari budjeti mablagʻlarining manbalari, mablagʻlarni shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi ularning ustavlarida belgilanadi.
Kasaba uyushmalarining moliyaviy faoliyati ularning ustavlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmalariga qarashli tashkilotlar daromadlarining manbalari, ular olgan mablagʻlarning miqdorlari va soliqlarni toʻlash davlat soliq xizmati organlari va moliya organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilinadi.
Kasaba uyushmalari oʻz ustavlarida qayd etilgan maqsad va vazifalarga muvofiq belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, tijorat tashkilotlarini tashkil etish, noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish, turli fondlar tuzish huquqiga ega.
