Qurilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (141-son)
22.04.2016
Fargʻona viloyati hokimining
qarori
Ayrim shahar va tuman hokimliklari, hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalari (boʻlimlari) tomonidan nazoratning susaytirib yuborilganligi natijasida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish, obyektlar qurilishini shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda amalga oshirish kabi holatlar kuzatilmoqda.
Bu esa oʻz navbatida, eng avvalo, aholi punktlarini zamonaviy shaharsozlik talablari va milliy anʼanalarga muvofiq kompleks rivojlantirishni taʼminlash, qabul qilinayotgan loyiha yechimlari sifatini oshirish, shuningdek shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining (Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 63-modda) 19-moddasiga ijrosini taʼminlash hamda viloyat hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish, obyektlarni qurishda belgilangan norma va qoidalarga rioya etilishini taʼminlash, bu borada mahalliy hokimliklar, tegishli tashkilot va korxonalar, fuqarolarning masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Qurilish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Viloyat Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi, Ichki ishlar boshqarmasi yongʻin xavfsizligi boshqarmasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi hamda shahar va tuman hokimliklari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan mazkur qaror bilan tasdiqlangan Qoidalarga qatʼiy rioya etilishini oʻz nazoratiga olsinlar.
3. Viloyat hokimining matbuot kotibi, Matbuot va axborot boshqarmasi, Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, viloyat Teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari rahbarlari shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda doimiy ravishda aholi oʻrtasida mazkur Qoidalarga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini olib borilishini taʼminlasinlar.
4. Mazkur qaror “Fargʻona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarida rasmiy eʼlon qilinsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oydan keyin kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari O. Axmedov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. GʻANIYEV
Fargʻona sh.,
2016-yil 22-aprel,
141-son
Viloyat hokimining 2016-yil 22-apreldagi 141-sonli qaroriga ILOVA
Qurilish qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar qurilish jarayonida ishtirok etuvchi manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini tartibga soladi, jismoniy va yuridik shaxslarga qurilish uchun ruxsatnomalar berish, qurilish davomida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya qilish, qurilish sifatini nazorat qilish hamda obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yer uchastkasi — belgilangan chegaraga, maydonga, manzilga, huquqiy rejimga va davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa tavsiflarga ega boʻlgan yer fondining bir qismi;
yer uchastkasini berish — yer uchastkasini joylashtirish, uni tanlash va ajratish materiallarini tayyorlash hamda yer uchastkasi berish yuzasidan davlat hokimiyati tegishli organi tomonidan qaror qabul qilish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi;
aholi punktining bosh rejasi — hayot faoliyati muhitini shakllantirishning kompleks shartlarini, aholi punktlarini hududiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi shaharsozlik hujjati;
qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini hududini meʼmoriy rejalashni tashkil etish loyihasi — aholining yashash sharoitlarini yaxshilashni taʼminlashni, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishni, atrof-muhitni muhofaza qilishni, tabiiy, odam va moddiy resurslardan foydalanishni taʼminlaydigan qishloq aholi punktlarining rejali tuzilmasini, toʻla qimmatli arxitektura qiyofasini yaratgan holda qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini hududini kompleks rivojlantirish va zonalashtirishdan iborat asosiy shaharsozlik vazifalari yechimlarini nazarda tutuvchi kompleks shaharsozlik hujjati;
qurilish loyihasi — binolar, inshootlar va boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shuningdek obodonlashtirish ishlari qiymatini belgilaydigan, hajmiy-rejali, konstruktiv va texnik yechimlarni belgilaydigan, obyektni qurishga ruxsat berish uchun asos hisoblanadigan hujjatlar;
shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy va sanitariya-gigiyenaga oid yechimlarining yigʻindisini taʼminlovchi nazariyasi va amaliyoti;
shaharsozlik faoliyati — tegishli davlat hokimiyati organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning fuqarolar, ijtimoiy va davlat manfaatlari, shuningdek hududlar va aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy xususiyatlari hisobga olingan holda hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan foydalanish, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish turlarini belgilash, binolar, inshootlar va boshqa obyektlarni loyihalash, qurish hamda rekonstruksiya qilish sohasidagi faoliyati;
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatlar;
3. Qurilish ishlarini amalga oshirish tartibi quyidagilardan iborat:
obyektlar qurilishi uchun yer uchastkasini tanlash va ajratish;
qurilish loyihasini ishlab chiqish;
qurilishga ruxsatnomalar berish;
qurilish ishlarini nazorat qilib borish;
obyektlarni foydalanishga qabul qilish.
4. Mazkur Qoidalar bilan qurilish ishlarini boshlash va tugallash bilan bogʻliq boʻlgan asosiy yoʻnalishlar belgilab berilgan va amaldagi shaharsozlik sohasiga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga tayangan holda amalga oshiriladi.
II. Obyektlar qurilishi uchun yer uchastkasini tanlash va ajratish tartibi
5. Qurilish uchun yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash hamda ularni vakolatli organlar bilan kelishish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 54-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Yer uchastkalari berish bilan bogʻliq shaharsozlik faoliyati aholi punktlari va aholi punktlariaro hududlarni rivojlantirish va qurish boʻyicha quyidagi shaharsozlik hujjatlariga (keyingi oʻrinlarda — shaharsozlik hujjatlari) asoslanadi:
aholi punktlarining bosh rejalari;
shahar va posyolka chegaralarining loyihalari;
aholi punktlari hududlarini rivojlantirishning tarmoq sxemalari;
qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarini meʼmoriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari (HMRTL);
aholi punkti hududi qismlarining batafsil rejalashtirish loyihalari (BRL);
qurish loyihalari.
7. Aholi punktining bosh rejasisiz, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarini meʼmoriy rejalashtirishni tashkil etish loyihasisiz va aholi punkti hududi qismlarining batafsil rejalashtirish loyihasisiz aholi punktlari hududida yer uchastkalari berish taqiqlanadi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
8. Yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni koʻrib chiqishda tegishli davlat hokimiyati organlari, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, tuman (shahar), viloyat komissiyalari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi holatlarda obyekt qurilishi uchun yer uchastkasi joylashtirilishini rad etish huquqiga ega:
yongʻinga qarshi, sanitariya va tabiatni muhofaza qilish normalari buzilishi mumkin boʻlgan holatlarda;
ulardan yer uchastkalari olib qoʻyilayotgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari yoki mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilganda.
Yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar ular belgilangan roʻyxatga muvofiq taqdim etilmagan taqdirda qaytarilishi mumkin. Rad etish asoslangan boʻlishi va yozma shaklda taqdim etilishi kerak.
9. Yer uchastkasini ajratib berish ishlari shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlganda yoki shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevraldagi “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 54-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida doimiy foydalanishga maydoni 1 gektargacha va 1 gektar boʻlgan yer uchastkalari ajratib berish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 285-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Yer ajratilgan kundan boshlab ikki yil muddatda obyektning qurilish ishlarini boshlamagan yuridik yoki jismoniy shaxsning qurilish uchun ajratilgan yer uchastkasi oʻrnatilgan tartib asosida qaytarib olinadi.
III. Qurilish loyihasini ishlab chiqish, qurilishga ruxsatnomalar berish tartibi
12. Shahar va tuman hokimlarining yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarori rasmiylashtirilgandan soʻng, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi (I-II qismlar) rasmiylashtirilib, yuridik va jismoniy shaxslar loyiha tashkilotiga loyihalash yuzasidan topshiriq beradilar va qurilish loyihasini tayyorlash uchun shartnoma tuzadilar.
13. Loyiha tashkilotining quyidagilarni taʼminlash boʻyicha majburiyatlari yuridik (jismoniy) shaxs bilan loyiha tashkiloti oʻrtasidagi shartnomaning majburiy sharti hisoblanadi:
topografiya xaritasini ishlab chiqish va geologik xulosani tayyorlash;
qurilish loyihasini viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishish;
qurilish loyihasi boʻyicha obyektning yongʻinga qarshi xavfsizligi va zilzilaga bardoshliligi yuzasidan davlat ekspertizasi organlarining ijobiy xulosasini olish.
Mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik imoratlar va maishiy xonalar, amaldagi muhandislik tarmoqlarini oʻzgartirishni talab qilmaydigan kichik (300 kub. metrdan koʻp boʻlmagan) hajmlarda alohida qurilayotgan obyektlar qurilishi bundan mustasno.
14. Qurilishning ishlab chiqilgan loyihasini viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan uning arxitektura-rejalashtirish topshirigʻiga muvofiqlik boʻyicha kelishish amalga oshiriladi.
Loyihaning arxitekturaviy qismini kelishish arxitektura va qurilish hududiy bosh boshqarmasi tomonidan bepul amalga oshiriladi.
15. Qurilishning kelishilgan loyihasi obyektning yongʻinga qarshi xavfsizligi va zilzilaga bardoshliligi yuzasidan davlat ekspertiza organlarida, loyiha tashkiloti tomonidan zarur hujjatlarning toʻliq paketi taqdim etilgan sanadan boshlab yetti kun mobaynida ekspertizadan oʻtadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Loyiha hujjatlarini obyektning yongʻinga qarshi xavfsizligi va zilzilaga bardoshliligi yuzasidan davlat ekspertizasidan oʻtkazganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda toʻlov undiriladi.
16. Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) qurilish loyihasini ishlab chiqish yuzasidan monitoring olib boradi.
Loyihalash tashkiloti qurilish loyihasini ishlab chiqish yuzasidan shartnoma tuzib, belgilangan tartib asosida tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi)ni loyiha-qidiruv ishlari boshlangan va tugallangan muddatlarni koʻrsatgan holda xabardor qiladi.
17. Yuridik va jismoniy shaxslar qurilish loyihasini olgandan keyin qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun viloyat Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — inspeksiya) murojaat qiladilar va obyektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish davrida inspeksiya tomonidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish yuzasidan shartnoma tuzadilar.
18. Quyidagilar uchun qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish va berish talab qilinmaydi:
yakka tartibda uy-joy qurish obyektlari (Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturiga kiritilgan obyektlardan tashqari);
turar joylar toifasidan noturar joylar toifasiga oʻtkaziladigan xonalar;
mavsumiy ishlar va uzoq yaylovlardagi chorvachilik uchun vaqtinchalik imoratlar va maishiy xonalar;
mobil aloqa stansiyalarini montaj qilish;
amaldagi muhandislik tarmoqlarini oʻzgartirishni talab qilmaydigan alohida qurilayotgan kichik (300 kub. metrdan koʻp boʻlmagan) hajmli obyektlar;
konni qazib olish ishlari;
ular boʻyicha texnologik resurs tamom boʻlgan va obyektni rekonstruksiya qilish yoki yoʻnalishini qayta oʻzgartirish talab qilinmaydigan texnologik va muhandislik asbob-uskunalari birliklarini taʼmirlash va almashtirish.
19. Qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish va qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnoma olish uchun inspeksiyaga quyidagilar taqdim etiladi:
a) ariza;
b) loyiha hujjatlari boʻyicha ekspertiza organlarining ijobiy yigʻma ekspert xulosasi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq qurilayotgan obyektlar uchun — loyihaning tasdiqlanayotgan bosqichi yuzasidan ekspertiza organlarining ijobiy yigʻma ekspert xulosasi;
g) obyektni loyihalash bilan parallel holda qurishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni bilan kelishgan holda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori;
d) qurilish-montaj ishlarining alohida litsenziyalanadigan alohida turlarini amalga oshirishda — pudrat tashkiloti litsenziyasining nusxasi;
e) viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashi protokolining nusxasi;
j) arxitektura va qurilish organlari bilan kelishilgan obyekt plani va fasadining eskizi, uzun obyektlar uchun — trassaning bosh rejasi (sxemasi);
z) mukammal qurish va (yoki) mukammal taʼmirlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarning manzilli roʻyxati;
i) tanlov savdolari natijalari toʻgʻrisidagi yigʻilish bayoni (mavjud boʻlsa);
k) xavfli ishlab chiqarish obyektlari boʻyicha — loyiha hujjatlarining sanoat xavfsizligi boʻyicha ekspertizasining ijobiy xulosasi;
l) qurilishni tanlov savdolari oʻtkazmasdan, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirishda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining obyektlarni qurish yoki mukammal taʼmirlash masalasi boʻyicha qarori nusxasi.
20. Inspeksiya bir ish kuni mobaynida bepul asosda obyektni roʻyxatdan oʻtkazadi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini bajarishga qurilishning butun muddati uchun ruxsatnoma beradi.
Koʻrsatilgan muddatda qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnoma taqdim etilmaganda yoki rad etilganda ruxsatnoma olingan deb hisoblanadi (murakkablik (xavflilik)ning maksimal toifasidagi obyektlardan tashqari) hamda yuridik va jismoniy shaxslar, bu toʻgʻrida inspeksiyani xabardor qilgan holda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishni boshlash huquqiga egadirlar.
21. Inspeksiya qurilish obyektini roʻyxatdan oʻtkazishni qarorda yoki Nizomda belgilangan asoslar boʻyicha rad etishga haqlidir.
Qurilish obyektini roʻyxatdan oʻtkazishni va qurilish-montaj ishlariga ruxsatnoma berishni rad etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi deb ataladi) yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
IV. Qurilish ishlarini nazorat qilib borish tartibi
22. Obyektdagi qurilish ishlari qurilish-pudrat tashkiloti tomonidan (yuridik yoki jismoniy shaxs hamda qurilish-pudrat tashkiloti oʻrtasida tuzilgan pudrat shartnomasi asosida) yoki yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz kuchlari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart.
23. Roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlarda inspeksiya tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazorat oʻrnatiladi.
Qurilishi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olib borilayotgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini bajarishning sifati va toʻliqligi yuzasidan inspeksiya tomonidan nazorat funksiyalari amalga oshirilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda toʻlov toʻlanadi.
24. Ruxsatnomalar berilgan shartlar oʻzgargan taqdirda (obyektda ishlarni bajaruvchi, texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar oʻzgarganda, litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda, loyiha yechimlarida jiddiy oʻzgarishlar boʻlganda va shu kabi holatlarda) yuridik va jismoniy shaxslar oʻn kun mobaynida inspeksiyaga tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
25. Viloyat hokimligi huzurida Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) faoliyat yuritadi.
26. Komissiya:
shaharsozlik faoliyati, shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish, shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya norma va qoidalariga rioya etilishi monitoringini olib boradi;
tumanlar (shaharlar) hokimliklari, hududiy arxitektura va qurilish, yer resurslari va davlat kadastri boʻlinmalari, boshqa aloqador organlar tomonidan shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
obyektlar qurilishini rejalashtirishda zamonaviy talablar va milliy anʼanalarga muvofiq aholi punktlarini shaharsozlik boʻyicha kompleks rivojlantirishni, ularning meʼmoriy-badiiy qiyofasi va boy meʼmoriy-tarixiy meros saqlanishini taʼminlaydi;
noqonuniy qurilishlar, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalaridan nooʻrin foydalanishning oldini olish va unga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradilar.
vakolatli davlat organlariga tegishli hududda shaharsozlikka doir qonun hujjatlari talablarini buzgan holda amalga oshirilayotgan shaharsozlik faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki belgilangan tartibda toʻxtatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
27. Arxitektura va qurilish boshqarmalari (boʻlimlari)ning tegishli ruxsatisiz koʻp qavatli turar joylar xonadonlarining ichki qismidagi devorlarini buzish, kirish joylariga hamda tashqi fasad qismiga oʻzgartirish kiritish qatʼiyan taqiqlanadi.
28. Koʻp qavatli turar joylar, yakka tartibdagi uy-joylarni taʼmirlash jarayonida tashqi qismiga rang berish ishlarini faqat Arxitektura va qurilish boshqarmalari (boʻlimlari) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
V. Obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi
29. Yuridik va jismoniy shaxslar qurilish tugallangandan keyin yetti kun mobaynida qonunda belgilangan tartibda binolar va inshootlarning, yer osti muhandislik kommunikatsiyalarining raqamli ijroviy topografiya xaritasini tuzishni taʼminlaydilar.
Ijroviy topografiya xaritasi tuzishni amalga oshirganlik uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
30. Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish, qabul komissiyasi tomonidan, belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilib olish qurilish pudrat tashkiloti (qurilish oʻz kuchlari bilan amalga oshirilgan hollarda — yuridik va jismoniy shaxslar) tuman (shahar) hokimiga murojaat qilgan vaqtdan boshlab koʻpi bilan besh kun muddatda qabul komissiyasining barcha aʼzolari imzolaydigan qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Tuman (shahar) hokimi qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida ikki kun muddatda qaror qabul qiladi.
Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
32. Tuman (shahar) hokimining qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori tuman (shahar) xoʻjalik hisobidagi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasida obyektni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Obyektni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tuman (shahar) xoʻjalik hisobidagi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan yetti kun mobaynida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
33. Ushbu Qoidalarga viloyat hududidagi barcha jismoniy va yuridik shaxslar (mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) rioya etishi shart.
Qoidalar talablariga rioya qilmagan jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
34. Qurilish jarayonida ishtirok etuvchi tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
Tomonlarning muzokaralar olib borishi yoʻli bilan hal etilmagan barcha nizolar va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
