Toshkent shahri tumanlarida koʻchma savdo obyektlarining oʻrinlar soni, sotiladigan tovarlar roʻyxati va koʻchma savdo davri koʻrsatilgan koʻchma savdo obyektlari joylashishi sxemalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (965-son)
26.10.2016
Toshkent shahar hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 320-modda) 25-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-iyuldagi “Koʻchma savdoga ruxsat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 28-son, 339-modda) 233-sonli qarori ijrosini taʼminlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qaror qilaman:
1. Toshkent shahri tumanlarida koʻchma savdo obyektlarining oʻrinlar soni, sotiladigan tovarlar roʻyxati va koʻchma savdo davri koʻrsatilgan koʻchma savdo obyektlari joylashishi sxemalari Bektemir tumani boʻyicha 1-ilovaga*, Mirobod tumani boʻyicha 2-ilovaga*, Mirzo Ulugʻbek tumani boʻyicha 3-ilovaga*, Olmazor tumani boʻyicha 4-ilovaga*, Sergeli tumani boʻyicha 5-ilovaga*, Uchtepa tumani boʻyicha 6-ilovaga*, Chilonzor tumani boʻyicha 7-ilovaga*, Shayxontohur tumani boʻyicha 8-ilovaga*, Yunusobod tumani boʻyicha 9-ilovaga*, Yakkasaroy tumani boʻyicha 10-ilovaga*, Yashnobod tumani boʻyicha 11-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 11-ilovalar berilmaydi.
2. Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari (N. Xusanov), Toshkent shahar hokimligining Kompyuterlashtirish markazi DUK (M. Asamov), tuman hokimliklari:
uch kun muddatda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Toshkent shahri tumanlarida koʻchma savdo obyektlarining oʻrinlar soni, sotiladigan tovarlar roʻyxati va koʻchma savdo davri koʻrsatilgan koʻchma savdo obyektlari joylashishi sxemalari tumanlardagi “Yagona darcha” markazlarida hamda tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini taʼminlasin.
3. Tuman hokimlari, Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi (M. Pardayev), Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (R. Umarov), Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (S. Muxtorxujayev), Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi (M. Toxirov):
Koʻchma savdo obyektining tasdiqlangan joylashish sxemasi ilova qilingan ruxsatnoma arizada koʻrsatilgan muddatga, biroq olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari orqali berilishi;
Koʻchma savdoni amalga oshirish ruxsatnomasini olgan tadbirkorlik subyektlarini qonun hujjatlariga, shu jumladan chakana savdo qoidalariga, sanitariya qoidalariga, normalarga va gigiyenik normativlarga majburiy rioya qilish;
xaridorlar bilan naqd pulda hisob-kitob qilishda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qoʻllash;
bank plastik kartochkalardan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminali mavjudligi;
koʻchma savdo joyini va atrof hududni zarur tarzdagi sanitariya holatida saqlash;
sotuvchilarda koʻchma savdo obyekti ruxsatnomasining va uning joylashishining tasdiqlangan sxemasining va sotiladigan tovarlarning kelib chiqishi, sifati va xavfsizligini tasdiqlaydigan hujjatlarning asl nusxalari boʻlishi, shuningdek ular nazorat organlarining mansabdor shaxslari talablariga koʻra koʻrsatilishi;
ish kuni tamom boʻlgandan keyin koʻchma savdo obyektlarini qismlarga ajratish yoki koʻchirish va koʻchma savdo joyini zarur tarzdagi sanitariya holatiga keltirish;
tovarlarni ruxsatnomaga muvofiq obyektlar orqali va koʻchma savdo joyi boʻyicha sotilishi boʻyicha nazorat oʻrnatilsin.
4. Toshkent hokimining oʻrinbosari (N. Xusanov):
Tumanlar hududida joylashtirilgan koʻchma savdo obyektlarida faoliyat olib borish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilayotganligi doimiy muhokama qilib borilsin.
5. “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asamov): mazkur qarorni rasmiy eʼlon qilinishi va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy muddat oʻtganidan keyin qonuniy kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari N. Xusanov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-oktabr,
965-son
