Viloyatda toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida (324-son)
24.08.2016
Namangan viloyati hokimining
Qarori
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6, 25-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-sonli Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1998-yil, 10-11-son, 203-modda) ijrosini taʼminlash hamda viloyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyat Xotin-qizlar qoʻmitasi (X. Yusupova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi (M. Xodjayev), “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi (Gʻ. Ortiqov), Respublika maʼnaviyat targʻibot markazi viloyat boʻlimi (S. Muxitdinov)ning viloyatda toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini tartibga solish boʻyicha takliflari maʼqullansin.
2. Viloyatda toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini muvofiqlashtiruvchi Ishchi guruhi tarkibi 1-ilovaga muvofiq, toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Viloyat Ishchi guruhi Namangan shahar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda viloyatda toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini tartibga solish va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish yuzasidan taʼsirchan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
viloyatning barcha hududlaridagi mavjud holatni oʻrganib chiqib, shahar, tuman hokimliklarining ishchi guruhlari tavsiyalari asosida keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini tartibli, ixcham, isrofgarchiliklarsiz va milliy qadriyatlar asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, targʻibot qilish orqali jamiyat hayotiga tatbiq etsin;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilib, mazkur masalani mahalla va mehnat jamoasida muhokama qilish va tushuntirish ishlarini olib borish tavsiya etilsin.
4. Viloyat toʻy-hasham, oilaviy tantana, maʼraka va dafn marosimlarini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi aholi oʻrtasida muqaddas dinimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizning haqiqiy mohiyatini hayotiy, taʼsirchan misollar asosida toʻy va boshqa marosimlarini ixchamlashtirish, iqtisodiy imkoniyati yuqori boʻlgan oilalar dabdaba oʻrniga mablagʻlarini kam taʼminlangan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish borasida keng targʻibot-tushuntirish ishlarini olib borsinlar;
zamon talablariga mos, xalqimizning qarashlariga muvofiq keladigan yangi, namunaviy anʼanalarni tashkil qilish, jamiyat hayotiga taʼsir etuvchi taxdidlarning oldini olish, tinchlik va mustaqillik neʼmatini asrash kabi masalalarga alohida etibor qaratish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakili (A. Tursunov) imom-xatiblar tomonidan yoshlarni qonuniy nikohdan oʻtmasdan oldin sharʼiy nikoh oʻqiyotganlarni aniqlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan koʻmaklashish, imom-xatiblarning toʻy va dafn marosimlaridagi maʼruzalari aholini eʼtiborini yoshlar tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati, oilani muqaddasligi, sharʼiy va qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh munosabatlarini oldini olish, oila aʼzolarini axloq-odob qoidalariga rioya etishi kabi masalalarga qaratilsin.
6. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (A. Toshpoʻlatov), viloyat Davlat soliq boshqarmasi (A. Xakimov), Namangan shahar va tumanlar hokimlari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda:
restoran, kafe va toʻyxonada toʻy-hasham va turli marosimlarni oʻtkazishda plastik kartochkalar, pul oʻtkazish yoʻli va bank krediti orqali oʻtkaziladigan toʻlovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, narxlarni bir xil, sunʼiy oshib ketishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirilishini taʼminlansin;
barcha restoran, kafe va toʻyxonalarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi texnikalar, koʻrgazmalar, pirotexnikadan foydalanmaslik, atrofda yashovchi aholining tinchi, osoyishtaligini buzmaslik, tungi vaqtlarda maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
7. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (A. Toshpoʻlatov), “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi (M. Xodjayev)larga:
toʻy-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlarini koʻcha, hiyobonlarda fotosuratga olish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari va jamoat tartibiga rioya etilishini taʼminlash;
profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla fuqarolar yigʻini rahbarlari bilan birgalikda toʻy-hasham va boshqa tadbirlarni oʻtkazish vaqtini qisqa va ixcham boʻlishi, jamoat tartibi va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi yuzasidan xonadon egalari bilan yakka tartibda tushuntirish ishlarini olib borish tavsiya etilsin.
8. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi (A. Xakimov), “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi (N. Qoʻchkarov), viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi (R. Nizambayev) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-sonli qarori ijrosi asosida litsenziya, ruxsatnoma talablari va shartlari asosida toʻy-hashamlarda madaniy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, qaror talabalariga rioya etmagan xonanda, sozanda, raqqosa, ovoz operatorlari, konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanadigan shaxslarni aniqlash hamda qayd etilgan tartiblarga amal qilmaslik boʻyicha amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar qoʻllash vazifasi yuklansin.
9. Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi (X. Yusupova) shahar, tuman hokimliklari bilan birgalikda mahalliy dizaynyerlarni jalb etgan holda milliy qadriyatlarimizga xos boʻlgan kelinlar liboslari namunalarini yaratish va uni hayotga tatbiq etish, nikoh liboslari salonlaridagi liboslarni milliy-zamonaviy liboslarga almashtirish choralarini koʻrish vazifasi topshirilsin.
10. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi (S. Moʻminov) Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 365-sonli qaroriga muvofiq sogʻlom oilani shakllantirish, irsiyat bilan bogʻliq tugʻma nogiron bolalar tugʻilishini oldini olish maqsadida nikohlanuvchi shaxslarni tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki xaftadan oshmagan muddatda sifatli tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlash;
qarindoshlar oʻrtasida nikoh qurilishini oldini olish boʻyicha nikohlanuvchilarga uning salbiy oqibatlarini tibbiy yondoshuv asosida ishonchli misollar bilan tushuntirish;
fuqarolar yigʻinlari, taʼlim muassasalari bilan birgalikda joylarda malakali xodimlarni jalb etgan holda aholi, yoshlar oʻrtasida tibbiy koʻrikdan oʻtish masalalari dolzarb ekanligi boʻyicha targʻibot tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish vazifalari topshirilsin.
11. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi (M. Xodjayev), “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi (Gʻ. Ortiqov), Respublika maʼnaviyat targʻibot markazi viloyat boʻlimi (S. Muxitdinov), “Kamolot” YIH viloyat Kengashi (M. Ubaydullayev) joylardagi xotin-qizlar qoʻmitalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda:
mahallalarda, faollar va keng aholi oʻrtasida toʻy marosimlarini ixcham, kamxarj va kamchiqim oʻtkazish boʻyicha tushuntirish targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish orqali ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarni oldini olish;
fuqarolar yigʻinining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar ayniqsa, yarashtirish komissiyasini toʻlaqonli ishlashini taʼminlash;
sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari bilan hamkorlikda erta va sharʼiy nikoxlar, balogʻat yoshiga yetmay ona boʻlish holatlarini oldini olish, sogʻlom bolalar tugʻilishi va ularni tarbiyalash muammolari boʻyicha aholi va yoshlar oʻrtasida tushuntirish ishlarini tashkil etilsin.
12. Viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi (Z. Mansurov), viloyat teleradiokompaniyasi (U. Mamadaliyev), “Namangan haqiqati” (M. Parpiyev), “Namanganskaya pravda” (V. Bichurin) gazetalari tahririyati va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan toʻy-hasham va dafn marosimlarini tartibga solish, oila va turmush doirasidagi muammolar va ularning yechimlari, nikoxlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish mohiyatini keng targʻib etish tavsiya etilsin.
13. Viloyat hokimining 1998-yil 7-noyabrdagi 282-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining soha boʻyicha oʻrinbosarlari zimmalariga yuklansin.
Hokim X. BOZAROV
Namangan sh.,
2016-yil 24-avgust,
324-son
Viloyat hokimining 2016-yil 24-avgustdagi 324-sonli qaroriga 1-ILOVA
Viloyatda toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh
TARKIBI
Rais: 1. X. Bozarov — Viloyat hokimi Rais oʻrinbosarlari: 2. U. Ergashev — Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari 3. T. Dadabayev — Viloyat hokimining oʻrinbosari 4. A. Mamatov — Viloyat hokimining oʻrinbosari 5. X. Matkarimov — Viloyat hokimining diniy va jamoat tashkilotlari bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari 6. X. Yusupova — Viloyat hokimining oʻrinbosari, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Aʼzolar: 7. A. Toshpoʻlatov — Viloyat IIB boshligʻi 8. M. Xodjayev — “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi raisi 9. Gʻ. Ortiqov — “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi 10. R. Gulamov — Viloyat oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshligʻi 11. V. Rajapov — Viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi 12. S. Moʻminov — Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi 13. A. Xakimov — Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi 14. R. Nizambayev — Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshligʻi 15. M. Ubaydullayev — “Kamolot” YIH viloyat Kengashi raisi 16. A. Tursunov — Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili 17. S. Muxitdinov — Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi viloyat boʻlimi rahbari 18. Z. Mansurov — Viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi 19. U. Mamadaliyev — Viloyat teleradiokompaniyasi raisi 20. M. Parpiyev — “Namangan haqiqati” gazetasi bosh muharriri
Viloyat hokimining 2016-yil 24-avgustdagi 324-sonli qaroriga 2-ILOVA
Viloyatda toʻy-hasham va dafn marosimlarini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi
TARKIBI
Rais: 1. X. Yusupova — Viloyat hokimining oʻrinbosari, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Rais oʻrinbosari: 2. T. Aripov — Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari Aʼzolar: 3. M. Xodjayev — “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi raisi 4. Gʻ. Ortiqov — “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi 5. R. Gulamov — Viloyat oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshligʻi 6. V. Rajapov — Viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi 7. S. Moʻminov — Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi 8. A. Xakimov — Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi 9. R. Nizambayev — Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshligʻi 10. M. Ubaydullayev — “Kamolot” YIH viloyat Kengashi raisi 11. A. Tursunov — Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili 12. S. Muxitdinov — Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi viloyat boʻlimi rahbari 13. Z. Mansurov — Viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi 14. U. Mamadaliyev — Viloyat teleradiokompaniyasi raisi 15. M. Parpiyev — “Namangan haqiqati” gazetasi bosh muharriri
