Qashqadaryo viloyatining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida (X-6/01-son)
11.01.2016
Qashqadaryo viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-I-son) 28-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yil 11-noyabrdagi 276-III sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi Qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015-yil 3-dekabrdagi SQ-61-III-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi Qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2455-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993., 320-modda)ning 6-moddasiga asosan, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2455-son va Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining 2015-yil 28-dekabrdagi “Viloyat mahalliy budjetning 2015-yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2016-yilgi budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi 42/10-5-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi 1-ilovaga;
mahalliy budjetning asosiy parametrlari 2-ilovaga;
Qarshi shahar hamda tumanlar mahalliy budjetlarining daromadlar va harajatlar hajmlari, viloyat budjetidan beriladigan maqsadli subvensiyalarning va oʻtkazib beriladigan daromadlarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga;
Qarshi shahar va tumanlar mahalliy budjetlariga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga;
Qarshi shahar va tumanlar mahalliy budjetlari aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 5-ilovaga;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 6-ilovaga;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(* 1 — 7 ilovalar berilmaydi.)
3. 2016-yil uchun viloyat mahalliy budjetining zaxira jamgʻarmasi 2174,2 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son qaroriga asosan:
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foiz;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividentlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz;
belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,6 foiz, Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,4 foiz va Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 0,5 foiz;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining tegishli ilovasida keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlangan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foiz;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari stavkasi 7,5 foiz miqdorida belgilanganligi;
yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi stavkalari;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari;
yagona soliq toʻlovi stavkalari;
tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalari;
yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq stavkalari;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
imzolanadigan bonus va tijorat topilmasi bonusi stavkalari;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha qoʻshimcha foyda soligʻi stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari;
yagona yer soligʻi stavkalari;
Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga ajratmalar va yigʻimlar stavkalari;
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara haqi stavkalari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarning barcha darajalardagi mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan oʻsimlik moyi va pivo mahsulotining aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar;
davlat boji, yigʻimlar va jarimalar toʻliq miqdorda shahar va tumanning mahalliy budjetlar daromadlariga oʻtkazilishi belgilab quyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinib, ijroga yoʻnaltirilsin.
6. Viloyat hokimligi moliya boshqarmasiga mahalliy budjetlarga budjetdan maqsadli subvensiyalar va budjet ssudalari (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutlarini qoplash uchun) ajratishda ularning miqdorlarini hududlar boʻyicha barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushushidan, shuningdek mahalliy budjetning birinchi navbatdagi xarajatlarini (ish haqi, ish haqidan ajratmalar, stipendiyalar, nafaqalar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarni) soʻzsiz moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda aniqlashtirish huquqi berilsin.
7. Viloyat Iqtisodiyot Bosh boshqarmasi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlangan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozining bajarilishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrib borsin.
8. Qashqadaryo viloyat hokimligi moliya boshqarmasi, viloyat gʻaznachilik boshqarmasi, viloyat Markaziy bank Bosh boshqarmasi bilan birgalikda 2016-yilning yanvar oyida oʻtkazilgan operatsiyalarni 2015-yilgi mahalliy budjetning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirgan holda, 2015-yilgi mahalliy budjet ijrosi boʻyicha qonun xujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalarni oʻtkazsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son qarorining 36-ilovasiga muvofiq. 2016-yil 1-yanvardan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1245-sonli Qarori 24-bandining amal qilishi 2017-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Viloyat hokimining 2014-yil 19-dekabrdagi X-376/12-sonli qarori 2016-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻ. Djavliyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Z. RUZIYEV
Qarshi sh.,
2016-yil 11-yanvar,
X-6/01-son
