Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida (169-son)
26.02.2016
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 320-modda) 25-moddasiga hamda “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunining (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2007-y., 40-son, 410-modda) 20-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash va tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 342-sonli qaroriga (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-yil, 52-son, 562-modda) asosan, Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining 2016-yil 13-yanvardagi 10-5/75-sonli murojaatini inobatga olib, Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibini belgilash maqsadida qaror qilaman:
1. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (B. Qurbonov), Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (A. Karimov), kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilot, boshqarma va korxonalar:
mazkur qarorning ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli choralar koʻrilsin hamda mazkur qaror talablariga qatʼiy rioya qilinsin.
3. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (B. Qurbonov), Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (A. Karimov):
Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibini buzgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq jazo choralari koʻrilishi taʼminlansin.
4. Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati (X. Ermatov), “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asamov):
mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinishi va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari B. Raxmonov zimmasiga yuklansin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-fevral,
169-son
Shahar hokimining 2016-yil 26-fevraldagi 169-sonli qaroriga ILOVA
Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish
tartibi
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonuni (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2007-y., 40-son, 410-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash va tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 342-sonli qaroriga (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-yil, 52-son, 562-modda) va boshqa normativ huquqiy hujjatlarga asosan Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Tartibda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
Toshkent shahar koʻchalari — transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan, ularning belgilangan tezlikda, ogʻirlikda, oʻlchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishini taʼminlaydigan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari va majmua ustidagi belgilangan doiradagi boʻshliq;
ajratilgan mintaqa — avtomobil yoʻli, uning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek avtomobil yoʻlidan foydalanish uchun zarur boʻlgan binolar, inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun doimiy foydalanishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan yer uchastkasi;
Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilar — yoʻl harakatining ishtirokchilari boʻlgan yoki ajratilgan mintaqa doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
qatnov qismining cheti — qatnov qismini yoʻl boʻyidan ajratuvchi chiziq;
qizil chiziq — qatnov qismi chetidan boshlab belgilangan xavfsizlik mintaqasi;
mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi (mopeddan tashqari). Ushbu atama barcha traktor va oʻziyurar moslamalarga ham taalluqlidir;
xavfsizlik mintaqasi — qatnov qismi chetidan qizil chiziqqacha boʻlgan masofa.
yoʻl xizmati tashkilotlari — Toshkent shahar koʻchalarini va yoʻl inshootlarini saqlash va tuzatish, harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻlning texnik toifasini saqlash va oshirish boʻyicha ishlar yuklangan boshqarma va tashkilotlar;
3. Toshkent shahar koʻchalari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi boshqarmalar tasarrufidadir.
4. Toshkent shahar koʻchalari va ularga ajratilgan mintaqalardan foydalanish hamda ularni saqlash ishlari yoʻl xizmati tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilar, Toshkent shahar koʻchalari mintaqasida yer osti va ustidan oʻtuvchi hamda boshqa inshootlar, kommunikatsiyalarni quruvchi yoki taʼmirlovchi tashkilotlar ushbu Tartibga amal qilishi majburiydir.
6. Toshkent shahar koʻchalarini taʼmirlash manzilli roʻyxatlarini shakllantirish hamda xarajatlarini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish (toʻlovlarni amalga oshirish) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 16-mayda 1808-son bilan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2008-yil 7-maydagi 49-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Shahar va boshqa aholi punktlari koʻchalarini, shuningdek xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini taʼmirlash manzilli roʻyxatlarini shakllantirish hamda xarajatlarini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish (toʻlovlarni amalga oshirish) tartibi boʻyicha nizom” (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2008-yil, 20-21-son, 181-modda.) talablariga binoan amalga oshiriladi.
II. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish
7. Toshkent shahar koʻchalari uchun xavfsizlik mintaqasi shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilanadi.
8. Yuridik va jismoniy shaxslar yoʻl qoplamalari va yoʻl inshootlariga ziyon yetkazmaydigan, harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan, texnik jihatdan soz mexanik transport vositalaridan foydalanishi shart.
9. Oʻqiga tushadigan yuklama va toʻliq vazni amaldagi meʼyoriy hujjatlarda belgilangandan yuqori boʻlmagan transport vositalariga, oʻziyurar mashinalar va mexanizmlarga avtomobil yoʻllarida harakatlanishga ruxsat etiladi.
10. Toshkent shahar koʻchalari va ularning xavfsizlik mintaqalarida quyidagilar taqiqlanadi:
koʻchalarni ulardagi sunʼiy inshootlarni saqlashga va harakat xavfsizligini taʼminlashga taalluqli boʻlmagan boshqa bino va inshootlarni qurish;
yoʻllarga, yoʻl inshootlari, yoʻl belgilari va koʻrsatkichlariga, harakatlanishni tashkil etuvchi va boshqaruvchi vositalarga hamda yoʻlga taalluqli boshqa narsalarga ziyon yetkazish;
harakatlanish vaqtincha toʻxtatilgan yoʻl qismlaridan transport vositasida maxsus ruxsatnomasiz oʻtish;
qattiq va kuchaytirilgan qoplamali yoʻllarda zanjirli transport vositalarining maxsus himoyalovchi boshmoqlarsiz harakatlanishi, shuningdek katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni tashish;
qatnov qismi va yoʻl chetini, koʻpriklarni, quvurlarni, ariqchalarni, suv qochirish inshooti (drenaj) qurilmalarini ifloslantirish, yoʻllarga va ajratilgan mintaqaga toʻkilib-sochiladigan yuklarni belgilangan idishlarga joylashtirmasdan tashish;
yoʻnalishlarni ajratuvchi tasmaga barcha turdagi transport vositalarining chiqishi;
yoʻl va yoʻl inshootlarini har qanday elementlar bilan, aravalar, texnikalar, materiallar va boshqalar bilan toʻsib qoʻyish, arkalar, shlagbaumlar va boshqa inshootlar qurish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish, har xil materiallarni taxlab qoʻyish, chiqindi va qorlarni uyib qoʻyish;
transport vositalarini taʼmirlash va moylash, yonilgʻi-moylash materiallarini quyish, yuk ortish, yuk tushirish, yukni boshqa texnikaga ortish va mahkamlash, tozalash va yuvish (ilojsiz holatlarda ular yoʻldan chiqib, ajratilgan tasma hududida amalga oshirilishi mumkin, biroq haydovchi yoki transport vositasi egasi shu joyni darhol tozalab qoʻyishi shart);
Toshkent shahar hududidagi kanallarning koʻpriklari ostida qayiqlar stansiyasi, qayiqlar toʻxtash joyi va boshqa inshootlar qurish;
koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa sunʼiy inshootlar ostida va ustida yoʻl infrastrukturasiga bogʻliq boʻlmagan bino va inshootlarni qurish;
er shoʻrini yuvish, yoʻl chetidagi ariqchalardan sugʻorish uchun foydalanish, madaniy qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish, yashil mintaqani sugʻorish kabi ishlarda avtomobil yoʻllarini suvga bostirish, ajratilgan mintaqani balchiqlantirish;
suv qochiruvchi inshootlarga va zaxira yerlarga kanalizatsiya, ishlatilgan melioratsiya va oqava suvlarni oqizish;
yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining avtomobil yoʻllarini kesib oʻtish joylarini elektr simi uzilib yoʻl qismiga tushishiga qarshi xavfsizlikni taʼminlovchi himoya qurilmalarisiz qurish.
11. Toshkent shahar koʻchalarida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida yoʻl xizmati tashkilotlari quyidagilarni amalga oshirishi shart:
yoʻllarni va yoʻl inshootlarini soz holda saqlash, qishda qisqa vaqtda qordan tozalash va muzlamalarning oldini olish uchun tegishli choralar koʻrish;
yoʻl belgilarini amaldagi davlat standartlariga asosan oʻrnatish, harakatlanish uchun xavfli boʻlgan uchastkalarni zarur toʻsiqlar va qurilmalar bilan jihozlash;
yoʻllarda taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotganda ushbu uchastkalarning talab darajasida jihozlanishini, kechasi va kunduzi yaxshi koʻrinadigan toʻsiqlar, yoʻl belgilari va koʻrsatkichlarining oʻrnatilishini taʼminlash, zarur hollarda aylanib oʻtuvchi yoʻllarni tashkil etish hamda Toshkent shahar IIBB YHXB va Toshkent shahar hokimligi Yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va mufoviqlashtirish departamentiga taʼmirlash ishlari boshlanayotganligi haqida maʼlum qilish;
taʼmirlash ishlari olib borilayotgan manzilda taʼmirlash ishlarini olib borayotgan yoʻl xizmati tashkiloti nomini, aloqa telefon raqamlari aks ettirgan maʼlumotlarni koʻrinarlik joyga joylashtirish.
yoʻllarning qatnov qismi qurilish materiallari bilan toʻsilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, ishlamayotgan yoʻl mashinalari va mexanizmlarini oʻz vaqtida yoʻldan chetga chiqarib qoʻyish;
avtobus bekatlarida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonchalari boʻlishini taʼminlash;
haydovchilarning dam olishi uchun belgilangan joylarda transport vositalari turishi uchun tegishli shart-sharoitlar boʻlgan maydonchalar tashkil etish;
koʻcha elementlarini toza va tartibli saqlash, kichik nosozliklarning oldini olish va bartaraf etish;
yuvish mashinalari yordamida chang, iflosliklar, qor, muzdan tozalash, yuvish, qoplama yuzasidagi mayda toshchalarni supurib yoʻqotish;
toʻsiqlarni, signal stolbalarini oʻz vaqtida koʻzdan kechirish, nosoz elementlarni almashtirish va joriy taʼmirlash;
mustahkamlagichlarni qattiqlash, toʻsiqlarni chang va iflosdan tozalash, yuvish, boʻyash, bekat maydonchalarini toza saqlash, boʻyalgan joylarni yuvish va tiklash, kichik buzilishlarni tuzatish, buzilgan detallarni almashtirish;
oʻtkazish yoʻllarini, yer osti tunnellarini toza saqlash, baʼzi kichik buzilishlarni, toʻshamalarni, suyangichlarni, bruslarni sozlash, boltlarni, ilgaklarni qattiqlash, konus mustahkamlagichlarni sozlash;
asfalt qoplamali, shuningdek shagʻal qoplamali yoʻllar yuzasini tekislash;
tuproqli va tosh yoʻllarni tekislash;
suyanchiqlar, toʻsiqlar, bekat maydonchalari, tonnellar, koʻpriklarni boʻyash;
daraxtlarni parvarish qilish, daraxtlarni kesish-kallaklash, quruq daraxtlarni yigʻishtirib olish, daraxtlarni yongʻindan himoya qilish, oʻsimlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;
urugʻlik sepish va gul ekish, ajratilgan mintaqaga va ajratish tasmasiga maysalar ekish;
yoʻl sharoiti bilan bogʻliq holda sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining sabablarini doimiy ravishda oʻrganib borish va Toshkent shahar IIBB YHXB bilan hamkorlikda harakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni belgilash.
12. Toshkent shahar koʻchalariga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar:
Toshkent shahar koʻchasiga qoʻshiladigan va shoxobcha yoʻllarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashi;
trotuarlar va piyodalar yoʻlkalarining qor va chiqindilardan tozalab turilishini amalga oshirishi;
ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrashi va saqlashi;
yoʻl bilan tutash boʻlgan toʻsiqlar hamda qurilishlarni soz va boʻyalgan holda saqlashi;
avtomobil yoʻliga tutash butalarni parvarish qilishi va imoratlarni soz holatda saqlashi shart.
13. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilar avtomobil yoʻllarida va yoʻl inshootlarida harakat xavfsizligiga zid nosozliklar va buzilishlarni koʻrishganda, bu haqda yaqindagi yoʻl xizmati tashkilotlariga yoki Toshkent shahar IIBB YHXBga zudlik bilan xabar berishlari zarur.
14. Amaldagi texnik meʼyorlarga asosan avtomobil yoʻllari bilan bir sathda kesishgan temir yoʻl kesishmalarini saqlash, shuningdek barcha turdagi shlagbaumlar va kesishmalarni qoʻriqlash temir yoʻl organlari tomonidan amalga oshiriladi. Temir yoʻllar ustida qurilgan yoʻl oʻtkazgichlarini soz holatda saqlash va ulardan belgilangan tartibda foydalanishni taʼminlash yoʻl xizmati tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yer osti va yer ustidan oʻtuvchi muhandislik kommunikatsiyalari meʼyoriy hujjatlar asosida rivojlanishni hisobga olgan xolda, shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq belgilangan tartibda oʻtishi kerak.
Birorta kommunikatsiya tarmoqlarining toʻgʻridan toʻgʻri yoʻl toʻshamasida joylashtirilishi taqiqlanadi.
15. Toshkent shahar koʻchalarida taʼmirlash ishlarini olib boruvchi tashkilotlar oʻrnatilgan tartibga rioya etishlari, bajariladigan ishlarni oʻz vaqtida sifatli tugallashlari, shuningdek transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlashi shart.
Mazkur tashkilotlarning masʼul xodimi taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, texnologik jarayon, ishlarni boshlash va tugallash vaqti koʻrsatilgan hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirishi kerak.
Taʼmirlanayotgan koʻcha orqali jamoat transportining harakati tashkil etilgan holatlarda, taʼmirlash ishlarini olib borishdan oldin Toshkent shahar hokimligi Yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va mufoviqlashtirish departamenti bilan kelishilishi shart.
16. Toshkent shahar koʻchalari mintaqalarida servis va infratuzilma obyektlarini joylashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. Yoʻl boʻyida amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablari asosida joylashgan bozorlar va boshqa tashkilotlar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari boʻlsa, ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar transport vositalari uchun barcha qulayliklarga ega, kirish va chiqish yoʻllari boʻlgan maydonlar hamda transport vositalarini vaqtincha saqlash joylari boʻlishini belgilangan tartibda taʼminlashi shart.
18. Noqulay ob-havo-iqlim sharoitlarida, tabiiy ofatlar, yongʻinlar yuz berganda, avtomobil yoʻli koʻtarish qobiliyatini yoʻqotganda va boshqa shunga oʻxshash hollarda, shuningdek taʼmirlash-qurilish ishlari olib borilayotganda yoʻl xizmati tashkilotlari mahalliy davlat hokimiyati organlariga bu haqda bildirgan, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish bilan xabardor qilgan hamda tegishli belgilar oʻrnatgan holda Toshkent shahar IIBB YHXB va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega.
III. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
19. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
koʻchalardan oʻtish;
muttasil, yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish;
harakatlanishning yoʻl sharoitlari toʻgʻrisida tezkor axborot olish;
koʻchalardagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish.
Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
20. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilarning majburiyatlari:
harakat xavfsizligini va avtomobil yoʻllarini saqlashni taʼminlay oladigan holatdagi transport vositalaridan foydalanishlari;
Toshkent shahar koʻchalarini ifloslantirmasliklari;
avtomobil yoʻllarining shikastlanish hollariga yoʻl qoʻymasliklari, koʻchalarni iflos qilishi mumkin boʻlgan yuklar, qurilish chiqindilari, qum va tuproq faqat maxsus jihozlangan mashinalarda namlangan holda tashilishi;
yoʻl xarakati qoidalariga rioya etishlari shart.
Koʻchalarni ifloslantirish holatlarining oldini olish maqsadida yuklar ortilgan mashinalar ustini brezent bilan yopish tavsiya etiladi.
Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanuvchilarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
IV. Toshkent shahar koʻchalaridan ularning asosiy vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda foydalanish
21. Toshkent shahar koʻchalaridan ularning asosiy vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda foydalanish Toshkent shahar hokimligi va yoʻl xizmati tashkilotlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Toshkent shahar hokimligi va yoʻl xizmati tashkilotlari bilan kelishmasdan turib:
ajratilgan mintaqada yoʻl axborotiga aloqasi boʻlmagan reklama peshtaxtalari, peshlavhalar, eʼlonlar oʻrnatish va joylashtirishga;
sport musobaqalari va jamoatchilik tadbirlari oʻtkazishga;
ajratilgan mintaqa doirasida koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borishga;
kanallar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, quvurlar, temir yoʻllar hamda boshqa kommunikatsiyalarning avtomobil yoʻllarini kesib oʻtishiga;
tutashadigan va ajralib chiqadigan yoʻllar qurishga;
koʻpriklar va suv quvurlari yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolar va zovurlarning oʻzanlarini chuqurlashtirishga;
er qazish va qurilish kommunikatsiya ishlarini olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.
V. Toshkent shahar koʻchalarida harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash
22. Ushbu Tartibning 18-bandida koʻrsatilgan hollarda va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda avtomobil yoʻllarida harakatlanish cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.
Yoʻl xizmati tashkilotlar ish olib borilayotganda, agar bunday ishlar transport vositalari hamda piyodalarning harakat xavfsizligiga taxdid qilsa, avtomobil yoʻllaridagi yoki ularning ayrim uchastkalaridagi harakatlanishni vaqtincha cheklash yoxud taqiqlashga haqli.
23. Ommaviy tadbirlar oʻtkazish paytida esa yoʻllarda harakatlanishni vaqtincha cheklash yoxud taqiqlash Toshkent shahar hokimligi farmoyishi asosida amalga oshiriladi.
24. Avtomobil yoʻllarida harakatlanishni vaqtincha cheklash yoxud taqiqlash tegishliligi boʻyicha yoʻl xizmati tashkilotlari tomonidan, Toshkent shahar IIBB YHXB va Toshkent shahar hokimligi Yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va mufoviqlashtirish departamenti bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shoshilinch, kechiktirib boʻlmaydigan hollarda avtomobil yoʻllarida harakatlanishni vaqtincha cheklash yoki taqiqlash ishlar olib borish uchun oldindan ruxsatnoma olmagan holda joriy etilishi mumkin, bunda yoʻl xizmati tashkilotlari, Toshkent shahar IIBB YHXB va Toshkent shahar hokimligi Yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va mufoviqlashtirish departamenti bu haqda xabardor qilinishi shart.
VI. Toshkent shahar koʻchalaridan foydalanish tartibiga rioya qilmaganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligi
25. Ushbu Tartibga rioya qilmaganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.
