Viloyatdagi qabristonlarda dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida (186-son)
18.06.2016
Surxondaryo viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi 101-sonli “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan viloyat hududidagi dafn xizmatlarini sifatini yaxshilash, dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyatdagi qabristonlarda dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdori ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
ilova berilmaydi.
2. Quyidagilar:
tegishli diniy konfessiya qabristonida vafot etgan yaqinlari va qarindoshlarini dafn etish uchun uchastka olish;
sanitariya qoidalari hamda boshqa qoidalar va meʼyorlarga zid boʻlmagan diniy marosimlar va mahalliy anʼanalarga rioya etgan holda dafn etish udumini bajarish;
qabrga va qabr usti yodgorliklariga qarash uchun qabriston anjomlaridan foydalanish bepul amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Termiz shahar va barcha tumanlar hokimlariga 10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 101-son qaroriga muvofiq dafn etish joylarini saqlash qoidalarini ishlab chiqarish va tegishli tartibda tasdiqlash topshirilsin.
4. Shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari (fuqarolik xizmati koʻrsatish boshqarmalari) hamda qabristonlarning maʼmuriyati:
xizmatlar uchun qatʼiyan belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda koʻrsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarsinlar;
qabristonlarda byustlar, haykaltaroshlik yodgorliklari yoki alohida arxitektura shakliga ega boʻlgan inshootlarni oʻrnatish, obyektlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishini taʼminlasinlar.
5. Viloyat arxitektura va qurilish Bosh boshqarmasi (K. Eshmatov), viloyat Davlat sanitariya, epidemiologiya nazorati markazi (A. Mustanov) va viloyat Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi (Sh. Rasulov)ga:
qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasi tanlashni shaharsozlik hujjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relyefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirish;
qabristonlarning xizmat koʻrsatish davri muddatlariga rioya etilishini taʼminlash hamda ishlab turgan va loyihalashtirilayotgan qabristonlarning sanitariya-himoyalash zonasi hududida biror-bir turar joy va jamoat binolarini qurish yoki dafn etish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan nooʻrin foydalanilishining oldini olish hamda ularga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilsin.
6. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosarlari Z. Davlatov hamda A. Amirov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim T. MAMARAIMOV
Termiz sh.,
2016-yil 18-iyun,
186-son
