Bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
08.10.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati Oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona qonunchiligining buzilishi Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy manfaatlariga ziyon yetkazadi deb hisoblab,
bojxona qonunchiligiga rioya etish va boshqaruv masalalarida xalqaro hamkorlikka boʻlgan ehtiyojni tan olib,
tovarlarning importi yoki eksportida undiriladigan bojxona boji va boshqa soliqlarning aniq hisoblanishini, shuningdek tovarlarning qiymati va kelib chiqishini toʻgʻri aniqlashni taʼminlash muhimligini anglab,
bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olishga qaratilgan saʼy-harakatlar Tomonlar davlatlari bojxona organlarining yaqindan hamkorligi orqali yanada samaraliroq boʻlishiga ishonch hosil qilib,
Bojxona hamkorligi kengashining oʻzaro maʼmuriy hamkorlik toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi Tavsiyasi, Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida 1961-yil 30-martdagi Yagona konvensiya, Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yil 21-fevraldagi Konvensiya, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisida 1988-yil 19-dekabrdagi Konvensiyasi qoidalarini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Bojxona qonunchiligi” — tovarlar, yoʻlovchilarning bagaj va qoʻl yuklari, xalqaro pochta joʻnatmalari, valyuta va boshqa boyliklarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib oʻtish, bojxona boji hamda boshqa soliq va yigʻimlarni undirish tartibini yoki imtiyozlar, taʼqiqlar, cheklovlar, ruxsatnomalar, bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan tovarlar uchun nazorat oʻrnatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar majmui;
2. “Bojxona organlari”:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Davlat bojxona qoʻmitasi,
Turkmaniston uchun — Davlat bojxona xizmati;
3. “Soʻrayotgan bojxona organi” — mazkur Bitimga muvofiq yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovnoma yoʻllaydigan yoki shunday koʻmak oladigan bojxona organi;
4. “Soʻralayotgan bojxona organi” — mazkur Bitimga muvofiq yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovnoma oladigan yoki shunday koʻmak koʻrsatadigan bojxona organi;
5. “Bojxona huquqbuzarligi” — bojxona qonunchiligining har qanday buzilishi yoxud buzishga har qanday urinish;
6. “Bojxona toʻlovlari” — tegishli Tomonlar davlatlari hududlarida bojxona qonunchiligiga muvofiq undiriladigan bojxona boji, soliqlar, bojxona yigʻimlari;
7. “Shaxs” — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs;
8. “Shaxslarga oid maʼlumotlar” — aniqlangan yoki aniqlanayotgan shaxsga oid barcha maʼlumot;
9. “Giyohvandlik vositasi” — Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida 1961-yil 30-martdagi Yagona Konvensiyaning I va II Roʻyxatlariga keyingi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan kiritilgan har qanday tabiiy yoki sintetik moddalar;
10. “Psixotrop modda” — Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yil 21-fevraldagi Konvensiyaning I, II, III, IV Roʻyxatlariga keyingi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan kiritilgan har qanday tabiiy yoki sintetik modda yoxud har qanday tabiiy material;
11. “Prekursorlar” — Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi 1988-yil 19-dekabrdagi BMT Konvensiyasi Ilovasining I, II jadvallariga kiritilgan har qanday modda;
12. “Nazorat qilinadigan yetkazib berish” — giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga daxldor shaxslarni aniqlash maqsadida noqonuniy yoki noqonuniylikda gumon qilinayotgan tovarlar guruhini, shuningdek giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda prekursorlarni Tomonlar davlatlarining vakolatli organlarini xabardor etgan holda va ularning nazorati ostida Tomonlar davlatlaridan birining hududi orqali harakatlanishiga yoʻl qoʻyilishini nazarda tutuvchi usul.
2-modda Bitimning qoʻllanish doirasi
Mazkur Bitim asosida Tomonlar bojxona organlari orqali oʻz vakolatlari doirasida maʼlumot almashish va oʻzaro yordam koʻrsatish yoʻli bilan quyidagi maqsadlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) Tomonlar davlatlari bojxona chegaralari orqali tovarlarning harakatlanishi, transport vositalarining tranziti bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish tartibini takomillashtirish;
b) Tomonlar davlatlarining bojxona qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash;
v) bojxona huquqbuzarliklarini oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va tergov qilish;
g) Tomonlar davlatlari oʻrtasida yoʻlovchi va yuk tashishni yengillashtirish va tezlashtirish;
d) bojxona ishining turli yoʻnalishlari boʻyicha tajriba va tegishli maʼlumot bilan almashish;
e) bojxona qonunchiligini qoʻllashga oid hujjatlar toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish.
2. Mazkur Bitim doirasida koʻrsatilayotgan yordam soʻralayotgan Tomon davlatining qonunchiligi hamda Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
3-modda Soʻrovnoma boʻyicha yordam koʻrsatish
1. Soʻrayotgan bojxona organining soʻrovnomasiga koʻra soʻralayotgan bojxona organi bojxona qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmak berishi mumkin boʻlgan tegishli maʼlumotni, shu jumladan tovarlarni tashish va yuklash, bunday tovarlar joylashgan joy va ulardan koʻzlangan maqsad, qiymati va kelib chiqishi boʻyicha maʼlumot, shuningdek bunday qonunchilikning buzilishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan sodir etilgan yoki rejalashtirilayotgan harakatlarga oid tegishli maʼlumotni taqdim etadi.
2. Soʻrayotgan bojxona organining soʻrovnomasiga binoan soʻralayotgan bojxona organi Tomonlardan birining davlati hududidan olib chiqilgan tovarlar boshqa Tomon davlati hududiga tegishli tartibda olib kirilganligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadi.
3. Soʻrayotgan bojxona organining soʻrovnomasiga koʻra soʻralayotgan bojxona organi quyidagilar ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha zaruriy choralarni koʻradi:
a) muayyan jismoniy yoki yuridik shaxslar, basharti ular soʻrayotgan Tomon davlati hududida bojxona qonunchiligini buzayotgan yoki buzganlikda gumon qilinayotgan boʻlishsa;
b) soʻrayotgan Tomon davlati hududiga noqonuniy import qilish koʻzlanayotgan deb gumon qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan tovarlar saqlanayotgan joylar;
v) harakatlanish soʻrayotgan Tomon davlati hududida bojxona qonunchiligining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkinligi toʻgʻrisida soʻrayotgan bojxona organi tomonidan xabar berilgan tovarlar;
g) soʻrayotgan Tomon davlati hududida bojxona huquqbuzarligi sodir etishda foydalanilgan yoxud foydalanilishi mumkinligi maʼlum boʻlgan yoki gumon qilinayotgan transport vositalari.
4-modda Oʻzaro yordam
1. Bojxona organlari soʻrovnomaga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan bir - birlariga Tomonlar davlatlaridan har birining bojxona qonunchiligini belgilangan tartibda qoʻllash va bojxona huquqbuzarliklarining oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va tergov qilishga oid maʼlumotni, shu jumladan bojxona toʻlovlarini toʻgʻri hisoblash va undirishga yordam berishi mumkin boʻlgan maʼlumotni taqdim etadilar.
2. Bojxona organi oʻz tashabbusi bilan yoki soʻrovnomaga binoan boshqa bojxona organiga Tomonlardan birining davlatida bojxona huquqbuzarligi sodir etilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar yuzasidan oʻzida mavjud boʻlgan maʼlumotni taqdim etadi.
3. Bojxona organi oʻzidagi mavjud maʼlumotni boshqa bojxona organi davlatining iqtisodiyoti, jamoat xavfsizligi yoxud boshqa muhim manfaatlariga sezilarli ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan jiddiy bojxona huquqbuzarligiga aloqador deb hisoblagan taqdirda, bunday maʼlumotni boshqa bojxona organiga oʻz tashabbusi bilan taqdim etadi.
5-modda Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish
1. Bojxona organlari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasining oldini olish, bartaraf etish va tergov qilish boʻyicha harakatlarni faollashtirish maqsadida bir-birlariga soʻrovlarsiz va qisqa muddatda quyidagilar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qiladilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi bilan shugʻullanayotganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan shaxslar;
b) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun foydalanilayotganligi maʼlum boʻlgan yoki bunday foydalanishda gumon qilinayotgan transport vositalari, shu jumladan konteynyerlar va pochta joʻnatmalari;
2. Bojxona organlari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasida qoʻllanilayotgan usullar, shuningdek ularni nazorat qilishning yangi uslublari toʻgʻrisida bir-birlarini oldindan soʻralinadigan soʻrovnomasiz xabardor qiladilar.
3. Ushbu moddaning 1 - va 2-bandlariga muvofiq bojxona organlarining har biri tomonidan olingan maʼlumot, xabar va hujjatlar tegishli Tomonning bevosita giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bilan shugʻullanuvchi huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlariga taqdim qilinishi mumkin.
4. Zarur hollarda Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq va oʻzaro kelishuv asosida bojxona organlari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida nazorat qilinadigan yetkazib berish usulidan foydalanadilar.
Har bir nazorat qilinadigan yetkazib berishga nisbatan bojxona organlari oʻrtasidagi kelishuv inobatga olingan holda uni oʻtkazish boʻyicha alohida qaror qabul qilinadi.
6-modda Oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan tovarlar
Bojxona organlari oʻz tashabbusi bilan yoki soʻrovnomaga koʻra bir - birlariga bojxona huquqbuzarligi tarkibi boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan, xususan quyidagilar harakatlanishiga nisbatan sodir etilgan yoxud rejalashtirilayotgan harakatlar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadilar:
a) qurol - yarogʻ, oʻq - dori, portlovchi moddalar, portlatish qurilmalari, radioaktiv materiallar, shuningdek atrof muhit va jamiyat salomatligiga tahdid qiladigan boshqa moddalar;
b) tovarlar, basharti ularga nisbatan intellektual mulk huquqi buzilgan boʻlsa;
v) Tomonlar davlatlarining biri uchun muhim tarixiy, madaniy yoki arxeologik qiymatga ega boʻlgan qadimiy buyumlar va sanʼat asarlari;
g) ancha miqdorda bojxona toʻlovlari undiriladigan tovarlar;
d) notarif cheklovlar qoʻllaniladigan tovarlar.
7-modda Tajriba almashish va texnik yordam
1. Mazkur Bitim doirasida yordam koʻrsatish boshqa holatlardan tashqari quyidagilar boʻyicha maʼlumot almashishni ham oʻz ichiga oladi:
a) bojxona huquqbuzarliklarining oldini olishda foydalanilishi mumkin boʻlgan huquqni muhofaza qilishga doir harakatlar;
b) bojxona huquqbuzarligini sodir etishda foydalaniladigan yangi usullar;
v) yangi huquqni muhofaza qilish usullari va texnika vositalarini muvaffaqiyatli qoʻllash natijasida erishilgan topilmalar va kuzatuvlar;
g) yoʻlovchi va yuklarni rasmiylashtirishning yangi texnologiyalari va takomillashtirilgan uslublari.
2. Bojxona organlari bir - birlariga bojxona ishi sohasida texnik yordam koʻrsatadilar, jumladan:
a) boshqa Tomon bojxona organlarida foydalanilayotgan texnika vositalari bilan tanishish maqsadida oʻzaro manfaatli boʻlgan hollarda bojxona xodimlari bilan almashish;
b) bojxona organlari xodimlarining maxsus koʻnikmalarini takomillashtirishga koʻmaklashish va oʻqitish;
v) bojxona masalalari boʻyicha ekspertlar bilan almashish;
g) bojxona masalalariga oid kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlar bilan almashish.
8-modda Maʼlumot taqdim qilish va xabar berish
Soʻrayotgan bojxona organining soʻrovnomasiga koʻra soʻralayotgan bojxona organi oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq quyidagi maqsadlarda zaruriy choralarni koʻradi:
a) soʻralayotgan barcha hujjatlarni berish;
b) mazkur Bitim doirasida qabul qilingan qarorlar boʻyicha oʻz davlati hududida istiqomat qiluvchi yoki joylashgan shaxsni xabardor qilish. Bunday holatlarda mazkur Bitimning 9-moddasi 3-bandi qoʻllaniladi.
9-modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalarning shakli va mazmuni
1. Mazkur Bitim doirasida soʻrovnomalar yozma shaklda va bojxona organi rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan holda yoʻllanadi. Soʻrovnomaga uni ijro etish uchun zarur boʻlgan hujjatlar ilova qilinadi. Alohida hollarda darhol yozma shaklda tasdiqlanadigan ogʻzaki soʻrovnomalar ham qabul qilinishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan soʻrovnomalar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) soʻrovnoma yoʻllayotgan bojxona organi va soʻrovnoma yoʻllanayotgan bojxona organining nomi;
v) mazkur Bitimga havola;
b) soʻrovnoma va soʻralayotgan yordamning maqsadi, sababi;
g) oʻziga nisbatan soʻrovnoma yuborilgan shaxsning ismi va manzili;
d) soʻralayotgan hujjatlar roʻyxati;
e) soʻrayotgan bojxona organi fikriga koʻra soʻrovnomani ijro etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
3. Soʻrovnomalar rus tilida yoʻllanadi.
4. Yordam koʻrsatishda bojxona organlari bir birlari bilan bevosita aloqa qiladilar.
5. Soʻralayotgan Tomon davlati bojxona organi oʻzi soʻrovnomani qanoatlantirishi mumkin boʻlgan organ hisoblanmasa, u soʻrovnomani vakolatli organga oʻz vakolati va davlati milliy qonunchiligi doirasida ijro etish uchun yuboradi yoki soʻrayotgan bojxona organini bunday soʻrovnomani ijro etish uchun amal qilinishi lozim boʻlgan tegishli tartib toʻgʻrisida xabardor etadi.
6. Mazkur Bitim talablariga javob bermaydigan soʻrovnoma ijrosi tugatiladi yoki mazkur Bitim qoidalariga muvofiqlashtirilguniga qadar toʻxtatib turiladi.
10-modda Soʻrovnomani bajarish
1. Soʻralayotgan bojxona organi oʻz vakolati doirasida soʻrovnomani ijro etish uchun barcha choralarni koʻradi.
2. Tomonlardan birining davlati bojxona organi boshqa Tomon davlati bojxona organi soʻrovnomasi boʻyicha zarur boʻlgan tergovni, shu jumladan ekspertlar va guvohlar yoki bojxona huquqbuzarliklarini sodir etishda gumon qilinuvchi shaxslarni soʻroq qilishni amalga oshiradi.
3. Soʻralayotgan bojxona organi soʻrovnomaga muvofiq soʻrayotgan bojxona organining mansabdor shaxslariga bojxona huquqbuzarliklarini tergov qilishda soʻralayotgan Tomon davlati hududida ekspert yoki guvoh sifatida ishtirok etishiga oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq ruxsat berishi mumkin.
4. Soʻrayotgan bojxona organi, undan soʻralgan taqdirda, soʻrovnoma yuzasidan uni muvofiqlashtirish maqsadida oʻtkaziladigan tadbirning vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor etiladi.
5. Bojxona huquqbuzarliklari boʻyicha tergov oʻtkazish vakolatiga ega boʻlgan soʻrayotgan bojxona organining mansabdor shaxslari soʻralayotgan bojxona organiga tegishli kitob, jurnal va boshqa hujjatlar yoki axborot tashuvchi vositalarni oʻrganish maqsadida murojaat qilishlari mumkin va ularga bojxona huquqbuzarliklariga oid nusxalar yoki har qanday maʼlumot taqdim etiladi.
11-modda Maʼlumotlarni taqdim etish shakli
1. Soʻralayotgan bojxona organi tekshiruv natijalarini soʻrayotgan bojxona organiga hujjatlar, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari, hisobotlar va boshqa materiallar koʻrinishida rus tilida yuboradi, shuningdek zaruriyat tugʻilganda ogʻzaki ravishda keyinchalik yozma tasdigʻini berish sharti bilan xabardor qiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan hujjatlar xuddi shunday maqsadlarda taqdim etilayotgan har qanday koʻrinishdagi kompyuter maʼlumotlari bilan almashtirilishi mumkin. Bunday maʼlumotlarni tarjima qilish (sharhlash) yoki foydalanish uchun zarur boʻlgan har qanday qoʻshimchalar bir vaqtning oʻzida beriladi.
12-modda Yordam koʻrsatish boʻyicha majburiyatlardan istisnolar
1. Agar soʻralayotgan yordam ijrosi soʻralayotgan bojxona organi tomonidan uning davlati suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa milliy manfaatlariga ziyon yetkazadigan, yoxud maʼlumotlarning maxfiyligi buzilishiga olib keladigan yoxud uning qonunchiligiga zid deb topilsa, yordam koʻrsatish rad etilishi yoki uning ijrosi maʼlum shartlar yoki talablar muhokamasining predmeti boʻlishi mumkin.
Yordam koʻrsatish bojxona toʻlovlarini tartibga solishdan boshqa, soliq va valyuta boshqaruvi masalalariga daxldor boʻlgan hollarda ham rad etilishi mumkin.
2. Agar soʻrovnoma yoʻllayotgan bojxona organi yordam soʻrasa va oʻzi shunday yordam koʻrsata olmasa, u holda mazkur organ soʻrovnomada bu holatni koʻrsatishi lozim. Bunday soʻrovnomani ijro etish soʻralayotgan bojxona organi ixtiyorida qoldiriladi.
3. Agar yordam koʻrsatish rad etilsa, soʻrayotgan bojxona organiga zudlik bilan bu haqida xabarnoma joʻnatiladi hamda rad etishning sabablari haqida maʼlumot beriladi.
13-modda Maxfiylikka rioya qilish boʻyicha majburiyat
Mazkur Bitim doirasida taqdim etiladigan maʼlumot, shu jumladan, ushbu Bitim doirasida olingan hujjat, material, texnik vosita va jihozlar ularni taqdim etgan Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilishi yoki u bilan munosabatlarda foydalanilishi mumkin emas.
14-modda Maʼlumotlardan foydalanish
1. Oʻzaro yordam koʻrsatish doirasida olingan maʼlumot, hujjat va boshqa xabarlardan faqatgina Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq hamda mazkur Bitimda nazarda tutilgan maqsadlarda, shu jumladan sud va maʼmuriy ishlarda foydalanish mumkin.
2. Soʻrayotgan bojxona organi mazkur Bitimga muvofiq olingan dalil yoki maʼlumotdan soʻralayotgan bojxona organining oldindan olingan yozma roziligisiz boshqa maqsadlarda foydalanmaydi.
3. Agar mazkur Bitim doirasida shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar almashinuvi amalga oshirilsa, Tomonlar davlatlarining bojxona organlari ushbu maʼlumotdan faqatgina soʻrovnomada koʻrsatilgan maqsadlarda hamda soʻralayotgan bojxona organi talab qilishi mumkin boʻlgan shartlarga muvofiq foydalanilishini kafolatlaydilar.
4. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlaridagi qoidalar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Bunday maʼlumot Tomonlarning giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishga bevosita jalb qilingan davlat organlariga berilishi mumkin.
15-modda Ishlar, hujjatlar va guvohlar
1. Tomonlar davlatlari bojxona organlari soʻrovnomaga koʻra tovarlarning qiymati, kelib chiqishi, joylashgan joyi va ulardan koʻzlangan maqsadni koʻrsatgan holda ularni yuklash va tashish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni toʻkdim etadilar.
2. Bunday ish, hujjat va boshqa materiallarning asli faqatgina ularning nusxalari yetarli boʻlmagan taqdirda soʻraladi. Maxsus soʻrovnomaga muvofiq bunday ish, hujjat va boshqa materiallarning nusxalari tegishli ravishda tasdiqlanadi.
3. Soʻrayotgan bojxona organiga taqdim etilgan ish, hujjat va boshqa materiallarning asli birinchi imkoniyat boʻlishi bilan qaytariladi. Soʻralayotgan bojxona organi va ishga aloqador uchinchi tomonning huquqlari daxlsiz qolishi lozim. Soʻrovnomaga binoan tergov yoki shu kabi maqsadlar uchun zarur boʻlgan hujjatlarning asli zudlik bilan qaytariladi.
Bir Tomon davlatining bojxona organi soʻrovnomasiga koʻra boshqa Tomon davlatining bojxona organi oʻz ixtiyori bilan xodimlariga, ularning roziligini olgan holda, soʻrayotgan Tomon davlati hududida jinoiy yoki maʼmuriy sud muhokamalarida guvoh sifatida qatnashishga vakolat beradi va shunday muhokama uchun muhim boʻlgan ish, hujjat va boshqa materiallar yoki ularning asliga toʻgʻri boʻlgan nusxalarini taqdim etadi. Bunday soʻrovnomada sud jarayonining sanasi va koʻrinishi, jalb etilgan tomonlarning ismlari hamda xodimning kim sifatida ishtirok etishi koʻrsatiladi.
16-modda Xarajatlarni qoplash
1. Tomonlar davlatlari bojxona organlari mazkur Bitimni ijro etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash boʻyicha har qanday talablarni ilgari surishni rad etadilar, davlat xizmatchilari boʻlmagan guvohlar uchun xarajatlar va ekspertlar xizmatlari, tarjimonlar uchun toʻlovlar bundan mustasno.
2. Agar soʻrovnomani ijro etish sezilarli sarf-xarajat talab etadigan boʻlsa, Tomonlar davlatlari bojxona organlari bunday soʻrovnoma ijrosini taʼminlash shartlarini aniqlash, shuningdek xarajatlar qoplanishi tartibini belgilash uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
17-modda Bitimning ijro etilishi
1. Ushbu Bitimni ijro etish Tomonlar davlatlari bojxona organlari zimmasiga yuklanadi. Ular mazkur Bitimni bajarish uchun barcha amaliy choralarni koʻradilar va shart-sharoitlarni yaratadilar.
2. Maslahatlashuvlardan soʻng Tomonlar davlatlarining bojxona organlari ushbu Bitimning ijro etilishi uchun zarur maʼmuriy koʻrsatmalar ishlab chiqishlari mumkin.
18-modda Nizo va kelishmovchiliklar
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday nizo va kelishmovchiliklarni Tomonlar muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladilar.
19-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda Bitimning 20-moddasi 1-bandiga muvofiq kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
20-modda Yakunlovchi qoidalar
1. Ushbu Bitim Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri ushbu Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma shaklda xabardor qilganidan soʻng olti oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2015-yil 8-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
