Denov tumanidagi qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (17-son)
15.01.2015
surxondaryo viloyati Denov tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2013-yil 2-apreldagi 58-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga (roʻyxat raqami — 2452, 25.04.2014-yil) asosan 2015-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikalarni, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini (keyingi oʻrinlarda — texnikalar deb yuritiladi) majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish, qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Denov tuman davlat inspektori tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha texnikalarning 2015-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin,
2. Tumandagi barcha texnikalarning roʻyxatini shakllantirish hamda texnik koʻrikdan oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Denov tuman davlat inspektori (A. Yakubov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
barcha texnikalarning texnik holati va jihozlari standart talablariga, yoʻl harakati va texnika xavfsizligi qoidalari hamda normalariga mos kelishi;
texnik koʻrik boshlangunga qadar barcha diagnostika apparatlari tekshirilishi, maxsus texnikalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarning jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilsii.
4. 2015-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, texnikalarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish maqsadida, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
5. Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha Denov tuman davlat inspektori (A. Yakubov) 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan texnik koʻrikdan oʻtkazish ish rejasini har bir texnikaga mulk huquqi asosida ega shaxslarga (bundan buyon matnlarda mulkdor deb yuritiladi) yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
6. 2015-yil davomida texnikalarning texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun davlat inspektori tomonidan undiriladigan yigʻimlarning stavkalari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
7. Tumandagi har bir mulkdor texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan texnikalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni toʻldirish va texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni texnika doimiy roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat inspektoriga taqdim etishda belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilsin.
8. Sugʻurta tashkilotlariga tumandagi barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish texnikalari va traktor tirkamalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish tavsiya qilinsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari S. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim B. MAMATQULOV
Denov t.,
2015-yil 15-yanvar,
17-son
