Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4848-sonli Farmonida belgilangan qoidalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar haqida (608-III-son)
17.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekoharakat deputatlar guruhining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–4848-sonli Farmonida (bundan buyon matnda Farmon deb yuritiladi) belgilangan vazifalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqib, shuni taʼkidlaydiki, xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ustuvor masalalar boʻlib, deputatlar korpusining alohida eʼtiborini talab qiladi.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni faol rivojlantirayotgan mulkdorlar sinfi shakllandi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish mexanizmi yaratildi va muntazam takomillashtirib borilmoqda. Natijada ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora oʻsib bormoqda.
Qabul qilingan Farmon, shubhasiz, mazkur yoʻnalishdagi davlat siyosatining sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtishiga koʻmaklashadi. Farmon tadbirkorlik faoliyatining barcha jihatlarini, shu jumladan biznesni yuritish tartibini, ishchanlik muhitini yaxshilashni, tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar bilan oʻzaro munosabatlarini mustahkamlashni, shuningdek xususiy mulkni ishonchli himoya qilish mexanizmlarini, javobgarlikni liberallashtirishni qamrab oladi.
Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutini tashkil etish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etildi. Mazkur institutning tashkil etilishi tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻladi, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunlarning ijro etilishi ustidan parlament nazorati shakllarini ancha kuchaytirish imkonini beradi.
Farmon bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq bir qator yangi qonunlar va qonun hujjatlarini ishlab chiqish nazarda tutilgan boʻlib, ularga muvofiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi. Shu munosabat bilan Farmonda nazarda tutilgan qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolarining ishtirok etishi toʻgʻrisida ushbu fraksiya tomonidan kiritilgan taklif har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi va taʼkidlandiki, deputatlar korpusining qonunlar loyihalarini ishlab chiquvchilar bilan bunday hamkorligi Qonunchilik palatasiga saylovchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan ancha takomiliga yetkazilgan qonun loyihalari kiritilishini taʼminlash imkonini beradi.
Qabul qilingan Farmon oʻzining miqyosi va mazmuniga koʻra mazkur sohada keyingi yillarda qabul qilingan eng muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biridir. Uning amalga oshirilishi, shubhasiz, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yoʻlidagi maʼmuriy toʻsiqlar va sunʼiy Qovlarni qatʼiyat bilan bartaraf etishga, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan Farmonning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish masalasi Qonunchilik palatasi deputatlari oldida turgan birinchi darajali vazifalardan biridir.
Farmonda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish hamda uning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–4848-sonli Farmonida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi unda quyidagi tadbirlar nazarda tutilgan holda, ilovaga* muvofiq tasdiqlansin:
* Ilova berilmaydi.
qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtirok etishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutini tashkil etish;
Farmondagi qoidalarning mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish boʻyicha media-reja ishlab chiqish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni Tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning bajarilishi monitoring qilinishini, keyinchalik yakuniy axborot Qonunchilik palatasi Kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritilishini taʼminlasin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari S. Turdiyev va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining rahbari A. Irkaxodjayev zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 17-oktabr,
608-III-son
