Siyosiy maslahatlashuvlar toʻgʻrisida
07.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Chili Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Chili Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining qoidalari va xalqaro huquqning umum-eʼtirof etilgan normalariga amal qilib,
ikki tomonlama munosabatlarda umumiy qiziqish uygʻotadigan xamda mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha turli darajalarda maslahatlashuvlar oʻtkazish oʻzaro manfaatliligini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar umumiy qiziqish uygʻotadigan qator masalalar yuzasidan muntazam ravishda ikki tomonlama, mintaqaviy yoki koʻp tomonlama miqyosda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazib turishlari mumkin.
2-modda
Bunday uchrashuvlar mutanosib ravishda Oʻzbekiston va Chili yoki uchinchi davlatda oʻtkaziladi. Mazkur uchrashuvlar ishtirokchilarining darajasi, uchrashuv vaqti, joyi va kun tartibi oldindan diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
Tomonlar, oʻzaro kelishuvga muvofiq umumiy qiziqish uygʻotadigan ayrim masalalarni muhokama qilish uchun ad hos (maxsus) ishchi guruhlar tuzishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkizishlari mumkin:
a) ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish;
b) umumiy qiziqish uygʻotadigan global va mintaqaviy masalalar;
v) umumiy manfaatlardan kelib chiqadigan boshqa masalalar boʻyicha axborot almashish.
4-modda
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, tuzilmalar va forumlar, xususan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida pozitsiyalarini oʻzaro kelishish va qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
5-modda
Tomonlar oʻzaro tashriflar yoʻli bilan aloqalarni mustahkamlashga koʻmaklashish, tajriba va fikr almashish maqsadida bahamjihat harakat qilish uchun qulay sharoitlar yaratishlari mumkin.
6-modda
Tomonlar mazkur Memorandumga oʻzaro kelishuv asosida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
Mazkur Memorandumni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq vujudga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va/yoki maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Memorandum nomuayyan muddatga tuziladi. Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Memorandumning amal qilishini tugatish haqidagi oʻzining istagi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali olti oy oldin xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2016-yil 7-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ispan va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
