Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida (SQ-109-III-son)
12.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagi mahkumlar:
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) Amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironlari, shuningdek sil kasalligining faol shakliga chalingan (dispanser hisobida 1 va 2 guruh) deb eʼtirof etilgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
Ushbu bandning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaxslarga;
taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
Ushbu bandning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga;
taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati uch yildan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu Qaror eʼlon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.
Ushbu bandning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida, 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga;
taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
4. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
5. Mazkur Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatilsin.
Ushbu bandning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaxslarga;
taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
6. Ushbu Qaror asosida ozod qilinmaydigan shaxslarning:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati — uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati toʻrtdan bir qismiga qisqartirilsin.
Ushbu bandning amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga;
taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
7. Ushbu Qarorning amal qilishi — uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta xavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
8. Ushbu Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod qilinmaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu Qarorning qoʻllanilishi tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishini taʼminlash ustidan bevosita senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etsin.
10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2016-yil 12-oktabr,
SQ-109-III-son
