Uy-joy fondini suv va gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ularni Oʻzbekiston Respublikasi da ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (280-son)
01.06.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholiga kommunal xizmat koʻrsatish tizimida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish konsepsiyasiga muvofiq, isteʼmol qilinayotgan energiya manbalarini zarur darajada hisobga olish va tejashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 1999 — 2004-yillarda uy-joy fondini suv va gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlash dasturi topshiriqlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar, bunda:
yangidan qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) uy-joylar suv va gazni hisobga oluvchi uy va kvartira priborlarisiz foydalanishga qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
hisobga olish priborlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarga amaliy yordam koʻrsatish, ishlab chiqarishga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq paydo boʻluvchi masalalarni tezkorlik bilan hal etish;
muqobil manbalarni jalb qilgan holda gaz va suvni hisobga olish priborlarini sotib olish va oʻrnatishni mablagʻ bilan taʼminlashni tashkil etish;
uy-joy-kommunal xizmatlarining hisobga olish priborlari oʻz vaqtida oʻrnatilishi boʻyicha oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlari bilan mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
suv va gazni hisobga olish priborlari oʻrnatilishi va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilinishini taʼminlash;
hisobga olish priborlari asosan tanlov asosida sotib olinishi asos qilib olinsin.
Belgilansinki, suv va gazni hisobga olish priborlari texnologik asbob-uskunalar jumlasiga kiradi.
3. Respublikaning suv hisobga olish priborlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida:
1999 — 2004-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida suv hisobga olish priborlari ishlab chiqarish Dasturi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin;
“Suvjihozgaz” qoʻshma korxonasi va “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining ishlab turgan maydonlarda va asbob-uskunalar bilan gaz va suvni hisobga olish priborlari ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish, barcha butlovchi buyumlarni keyinchalik “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqargan holda kooperatsiya asosida korpus detallari, jihozlar va nostandart asbob-uskunalarni olingan foydadan oʻz mablagʻlari hisobiga tayyorlash haqidagi takliflari maʼqullansin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzmashsanoat”, “Oʻzkimyosanoat” uyushmalariga va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarga, suv va gazni hisobga olish priborlarini tayyorlashda qatnashuvchi korxonalarning buyurtmanomalari boʻyicha detallar, jihozlar va nostandart asbob-uskunalar tayyorlashda kooperatsiya shartlarida qatnashish tavsiya qilinsin.
4. Belgilansinki:
suv va gazni hisobga olish priborlari ishlab chiqarishni mablagʻ bilan taʼminlash ishlab chiqaruvchilarning oʻz mablagʻlari, shuningdek jalb qilingan kredit resurslari hisobiga amalga oshiriladi;
suv hisobga olish priborlarini sotib olish va oʻrnatishni mablagʻ bilan taʼminlash:
kvartira va uylarda — kvartira va uy-joylar mulkdorlari hisobiga amalga oshiriladi;
uy-joylar va kvartiralarning muhandislik kommunikatsiyalari mukammal tuzatilganda, uylar qurilganda (rekonstruksiya qilinganda) — tuzatish yoki qurilishning smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi suv va gazni hisobga olish priborlari, shuningdek ularga butlovchi buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari belgilangan tartibda respublika investitsiya dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika resurslarini iqtisod qilish komissiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan texnik-iqtisodiy asoslar va mablagʻ bilan taʼminlash sxemalari taqdim etilganda suv va gazni hisobga olish priborlarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun energiya bilan taʼminlash maxsus respublika schyotidan mablagʻ ajratish masalasini koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan birgalikda suv va gazni hisobga olish priborlariga xizmat koʻrsatilishini va ular tekshirilishini taʼminlasinlar.
8. “Oʻzstandart” agentligi markazi suv va gazni hisobga olish priborlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalarga ishlab chiqarishni metrologik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qilishda yordam koʻrsatsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-iyun,
280-son
