Yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining maxsus hisob raqamida jamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2828-son)
03.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 3-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2828]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-fevraldagi 50-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2015 — 2020-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash Konsepsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2015-yil 29-avgustdagi 251-son qarori)”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining maxsus hisob raqamida jamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
66-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
70-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
340-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvining 2016-yil 16-sentabrdagi 66, 70, 340-V-son qaroriga ILOVA
Yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining maxsus hisob raqamida jamlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Aholi oʻrtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-noyabrdagi 260-son “Aholi oʻrtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi, 2013-yil 14-maydagi 129-son “Aholi oʻrtasidagi mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarorlariga muvofiq, yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining (bundan buyon matnda Markaziy byuro deb yuritiladi) maxsus hisob raqamida jamlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mikronutriyentlar — inson organizmining normal oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan, oʻrnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari (vitaminlar va mineral moddalar);
qiymat (narx) — mikronutriyent birligi qiymatining puldagi ifodasi;
aylanma mablagʻlar — Markaziy byuroga tuzni yodlash uchun mikronutriyentlarni uzluksiz yetkazib berish jarayonida foydalaniladigan mablagʻlar (maxsus hisob raqamidagi mablagʻlar, xarid uchun boshqa hisob raqamiga koʻchirilgan mablagʻlar, debitor qarzdorlik mablagʻlari va zaxiradagi mikronutriyentlar qiymati).
2. Markaziy byuro yodlangan tuz ishlab chiqaruvchilarning (bundan buyon matnda korxona deb yuritiladi) ehtiyojlarini inobatga olgan holda ular uchun mikronutriyentlar xarid qiladi hamda foyda olishni nazarda tutmagan holda korxonalarni mikronutriyentlar bilan taʼminlaydi.
3. Mikronutriyentlarni uzluksiz yetkazib berish uchun aylanma mablagʻlar hajmi korxonalarning uch yillik ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.
Mikronutriyentlar boʻyicha aylanma mablagʻlar hisobi Markaziy byuro tomonidan AQSH dollarida yuritiladi.
4. Tuzni yodlashda qoʻllaniladigan mikronutriyentlarni xarid qilish uchun zarur mablagʻlarni, shu jumladan chet el valyuta mablagʻlarni jamlash maqsadida Markaziy byuroga xizmat koʻrsatuvchi bankda 22604 — “Mijozlarning boshqa depozitlari — Jamgʻarma — Maqsadli” maxsus hisob raqamlari ochiladi.
5. Tuzni yodlashda qoʻllaniladigan mikronutriyentlarni xarid qilish uchun zarur aylanma mablagʻlar quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
dastlabki mablagʻlar — boyitilgan 1-navli bugʻdoy unini sotishdan tushgan jamlangan mablagʻlar hisobidan;
keyinchalik — korxonalardan yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismi hisobidan.
2-bob. Dastlabki aylanma mablagʻlarni shakllantirish
6. Yodlangan tuz ishlab chiqarish uchun mikronutriyentlarni xarid qilish maqsadida dastlabki aylanma mablagʻlar Un ishlab chiqaruvchi korxonalarning boyitilgan unni sotishdan tushgan mablagʻlarining bir qismini akkumulyatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1522, 2005-yil 19-noyabr) muvofiq, Markaziy byuroning xizmat koʻrsatuvchi bankdagi maxsus hisob raqamiga boyitilgan 1-navli bugʻdoy unini sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan, yodlangan tuz ishlab chiqarish uchun mikronutriyentlarni xarid qilish maqsadida ochilgan maxsus hisob raqamga foizsiz muddatli qarz sifatida oʻtkaziladi.
7. Dastlabki aylanma mablagʻlar hajmi ham korxonalarning mikronutriyentlarga boʻlgan uch yillik ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi. Ushbu mablagʻlar boʻyicha Markaziy byuro tomonidan oʻzaro hisob-kitoblar ular yodlangan tuz ishlab chiqarishga mikronutriyentlarni xarid qilish uchun maxsus hisob raqamga koʻchirilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan belgilangan kursi (bundan buyon matnda belgilangan kurs deb ataladi) boʻyicha yuritiladi.
8. Dastlabki aylanma mablagʻlarni shakllantirish uchun olingan foizsiz muddatli qarz mablagʻlarini qaytarish ushbu mablagʻlar koʻchirilgan sanadan boshlab uch yildan keyin boshlanadi. Muddatli qarz mablagʻlari yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan 10 yil davomida, yiliga 10 foiz doirasidagi hajmda (pul oʻtkazilgan kundagi belgilangan kurs boʻyicha AQSH dollari ekvivalentida) har yilning 31-dekabrigacha boyitilgan 1-navli bugʻdoy unini sotishdan tushadigan mablagʻlar maxsus hisob raqamiga qaytariladi.
3-bob. Joriy yil uchun aylanma mablagʻlarni shakllantirish
9. Joriy yil uchun aylanma mablagʻlar uni qoʻshimcha moliyalashtirishga ajratiladigan mablagʻlar hamda korxonalardan mikronutriyentlar uchun devalvatsiya darajasini hisobga olgan holda oʻtkaziladigan mablagʻlardan iborat.
10. Joriy yil uchun aylanma mablagʻlar hajmi 1-yanvar holatiga quyidagi formula orqali aniqlanadi va Markaziy byuro tomonidan xar yili tasdiqlanadi:
JAM = (M x 3) x (MQ/BK) ,
bunda:
JAM — joriy yil uchun aylanma mablagʻlar hajmi (AQSH dollarida);
M — korxonalarga berilgan mikronutriyentlarning yillik oʻrtacha hajmi (kg);
MQ — bir kilogramm mikronutriyentning amaldagi qiymati (narxi) (soʻm).
BK — belgilangan kurs (soʻm).
11. Aylanma mablagʻlarni qoʻshimcha moliyalashtirish hajmi quyidagi formula orqali aniqlanadi:
QM = JAM — OʻAM,
bunda:
QM — qoʻshimcha moliyalashtirish hajmi (AQSH dollarida);
JAM — joriy yil uchun aylanma mablagʻlar hajmi (AQSH dollarida);
OʻAM — oʻtgan yilgi aylanma mablagʻlar hajmi (AQSH dollarida).
Qoʻshimcha moliyalashtirish hajmi oʻtgan yilgi aylanma mablagʻlar hajmining 0 — 10 foizi oraligʻida belgilanadi.
4-bob. Mikronutriyentlarning korxonalarga beriladigan qiymati (narxi)ni shakllantirish
12. Markaziy byuro tomonidan mikronutriyentlarning qiymati (narxi)ni shakllantirishda foyda olish nazarda tutilmaydi.
13. Korxonalarga beriladigan mikronutriyentning qiymati (narxi) quyidagi formula asosida har oyning birinchi sanasiga aniqlanadi va mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi:
bunda:
MQ — bir kilogramm mikronutriyentning qiymati (narxi) (soʻm);
JAM — joriy yil uchun aylanma mablagʻlar hajmi (AQSH dollarida);
Dt — tuzni yodlovchi mikronutriyentlar boʻyicha debitor qarzdorlik (AQSH dollarida);
Kt — tuzni yodlovchi mikronutriyentlar boʻyicha kreditor qarzdorlik (AQSH dollarida);
HR — mikronutriyentlar xarid qilish uchun ochilgan maxsus hisob raqamdagi hamda ularni xarid qilish uchun boshqa hisob raqamga koʻchirilgan mablagʻlarning umumiy qiymati (AQSH dollarida);
MBO — Markaziy byuro omboridagi tuzni yodlovchi mikronutriyentlarning qiymati (AQSH dollarida);
US — Markaziy byuro omboridagi tuzni yodlovchi mikronutriyentlarning miqdori (kg);
N — yetkazib beruvchi bilan tuzilgan soʻngi shartnomadagi bir kilogramm mikronutriyentning narxi (AQSH dollarida).
BK — belgilangan kurs (soʻm);
Formuladagi koʻrsatkichlar qiymatining AQSH dollaridagi ekvivalenti shu sanaga belgilangan kurs boʻyicha qayta hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-maydagi 129-son “Aholi oʻrtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida”gi qaroriga muvofiq, Markaziy byuro huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlarini boyitish dasturini amalga oshirish guruhini saqlash xarajatlari mikronutriyentlar xarid qilish uchun jamlanayotgan mablagʻlar hajmining 5 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
5-bob. Markaziy byuroning korxonalar bilan munosabatlari
15. Markaziy byuro tomonidan korxonalarga mikronutriyentlarni yetkazib berish tegishli shartnomalar asosida, oldindan haq toʻlanmasdan amalga oshiriladi.
16. Korxonalar yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan tushumning olingan mikronutriyentlar qiymatiga teng boʻlgan qismini mikronutriyentlarni xarid qilishni uzluksiz taʼminlash uchun Markaziy byuroning maxsus hisob raqamiga oʻtkazadi. Bunda olingan mikronutriyentning qiymati (narxi) miqdoridagi summa ikki bank ish kuni davomida korxonalarning toʻlov topshiriqnomalari asosida, Markaziy byuroning maxsus 22604 hisob raqamiga koʻchiriladi.
17. Korxonalar va Markaziy byuro rahbarlari jamgʻarilgan mablagʻlar yuzasidan har chorakda solishtirma dalolatnomalar tuzish va ular asosida yodlangan tuz sotishda haqiqatda tushgan mablagʻlar va ishlatilgan mikronutriyentlar miqdoriga asosan toʻlovlarni muvofiqlashtirishni taʼminlaydi.
18. Korxonalar tomonidan Markaziy byurodan olingan mikronutrentlar uchun toʻlovlar belgilangan muddatda amalga oshirilmagan taqdirda, Markaziy byuro ushbu mablagʻlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undirib olish choralarini koʻradi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
19. Mazkur Nizom talablariga muvofiq hisob-kitoblarni toʻgʻri yuritish va toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun javobgarlik korxonalar rahbarlari hamda bosh buxgalterlari (buxgalterlari) zimmasiga yuklatiladi.
20. Markaziy byuro tomonidan mikronutriyentlarni xarid qilish va maxsus hisob raqamga tushgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
21. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2016-yil 16-sentabr
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi D. XIDOYATOV
2016-yil 16-sentabr
Yodlangan tuzni realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish Markaziy byurosining maxsus hisob raqamida jamlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
“TASDIQLAYMAN” ______________________________ (lavozimi, F.I.O., imzo) 20___ yil “___” _______________ Mikronutriyent qiymati (narxi)ni aniqlash HISOB-KITOBI* _______________________________________________________ (mikronutriyent nomi) Sana: 20___ yil “___” _____________________ T/r Koʻrsatkichlar Satr kodi Oʻlchov birligi Summasi 1. Bir kilogramm mikronutriyentning qiymati (narxi) (((02 satr — (03 satr — 06 satr + 09 satr + 15 satr)) / 16 satr)+18 satr) x 19 satr 01 soʻm. 2. Joriy yil uchun aylanma mablagʻlar hajmi 02 AQSH doll. 3. Tuzni yodlovchi mikronutriyentlar boʻyicha debitor qarzdorlik (04 satr + 05 satr) 03 AQSH doll. 3.1. ishlab chiqaruvchi korxonalardan 04 AQSH doll. 3.2. mikronutriyent yetkazib beruvchilardan 05 AQSH doll. 4. Tuzni yodlovchi mikronutriyentlar boʻyicha kreditor qarzdorlik (07 satr + 08 satr) 06 AQSH doll. 4.1. ishlab chiqaruvchi korxonalardan 07 AQSH doll. 4.2. mikronutriyent yetkazib beruvchilardan 08 AQSH doll. 5. Mikronutriyentlar xarid qilish uchun ochilgan maxsus hisob raqamdagi hamda ularni xarid qilish uchun boshqa hisob raqamga koʻchirilgan mablagʻlarning umumiy qiymati (10 satr + 11 satr + 12 satr + 13 satr+ 14 satr) 09 AQSH doll. 5.1. 22604 — mijozlarning boshqa depozitlari — Jamgʻarma — Maqsadli 10 AQSH doll. 5.2. 29801 — mijozlar bilan hisob-kitoblar 11 AQSH doll. 5.3. 22614 — mijozlarning valyuta bozorida konvertatsiya qilingan mablagʻlari 12 AQSH doll. 5.4. 22602 — mijozlarning akkreditivlar boʻyicha depozitlari 13 AQSH doll. 5.5. mikronutriyentlar xarid qilish uchun boshqa hisob raqamga koʻchirilgan mablagʻlar 14 AQSH doll. 6. Markaziy byuro omboridagi tuzni yodlovchi mikronutriyentlarning qiymati (16 satr * 17 satr) 15 AQSH doll. 6.1. markaziy byuro omboridagi tuzni yodlovchi mikronutriyentlarning miqdori 16 kg 6.2. markaziy byuro omboridagi tuzni yodlovchi mikronutriyentlarning bir kilogrammi narxi 17 AQSH doll. 7. Yetkazib beruvchi bilan tuzilgan soʻngi shartnomadagi bir kilogramm mikronutriyentning narxi 18 AQSH doll. 8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan AQSH dollarining soʻmga nisbatan belgilangan kursi 19 soʻm
* Summalarning AQSH dollaridagi ekvivalenti shu sanaga belgilangan kurs boʻyicha qayta hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi
Markaziy byuro rahbari ________________________ (imzo) _____________________________________________________________ (F.I.O.) Bosh hisobchi ________________________ (imzo) _____________________________________________________________ (F.I.O.)
