Sanoatning kon qazish tarmoqlari ayrim korxonalarining yuqori daromadiga soliq solish toʻgʻrisida (252-son)
01.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mineral-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish, yuqori likvidli mahsulotlarga jahon narxlari qulay konyunkturasi sharoitlarida sanoatning kon qazish tarmoqlari korxonalarini ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish, olingan yuqori daromadni maqbul ravishda taqsimlash, shuningdek Davlat budjeti daromadlarini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yil 1-iyundan boshlab sanoatning kon qazish tarmoqlari ayrim korxonalarining yuqori daromadiga soliq solish joriy etilsin.
Belgilansinki, yuqori daromadi uchun soliq toʻlaydigan aniq korxonalar roʻyxati, shuningdek soliq stavkalari miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda kiritadigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati 2004-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan stavkalar boʻyicha misning jahon narxlari darajasiga qarab undiriladigan ortiqcha foyda uchun soliq toʻlovchi hisoblanadi;
ortiqcha foyda soligʻi toʻlangandan keyin kombinat ixtiyorida qoladigan mablagʻlar keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda maqsadli foydalanish uchun “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”ning vakolatli bankdagi maxsus hisob raqamida jamlanadi.
maxsus hisob raqamida jamlangan mablagʻlar maxsus hisob raqamiga oʻtkazilmagan yoki ulardan maqsadli foydalanilmagan taqdirda ushbu mablagʻlar toʻliq hajmda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jarima sanksiyalari qoʻllangan holda davlat budjetiga olib qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yuqori daromadini hisoblab chiqarish va undirish tartibini bir hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-iyun,
252-son
