“335-modda. Parlament tekshiruvi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-411-son) · Sana: 23.09.2016 · Amalda
Jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlarni yoki voqealarni oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma qarori bilan parlament tekshiruvlari oʻtkazilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi va Senat parlament tekshiruvini oʻtkazish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan komissiya tuzadi.
Komissiya parlament tekshiruvini oʻtkazishda quyidagilarga haqli:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakillarini, mutaxassislar, ekspertlar va olimlarni komissiya ishiga jalb etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, boshqa tashkilotlardan, shuningdek fuqarolardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, shuningdek fuqarolarni tushuntirishlar berish uchun taklif etish.
Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qaroriga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Komissiya bajarilgan ish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan belgilangan muddatda ularni xabardor qiladi”;
8) 335 — 338-moddalar tegishincha 336 — 339-moddalar deb hisoblansin.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 523-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 137-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 163-modda; 2009-yil, № 4, 136-modda; 2011-yil, № 4, 101-modda; 2014-yil, № 4, 86-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 251-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun nazarda tutilgan asosiy ustuvorliklar toʻgʻrisidagi har yilgi maʼruzasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan Senatga taqdim etiladi.
Senat qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining har yilgi maʼruzasini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, fikrlar va takliflar Senatning majlisida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinishi lozim.
