29-modda. Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat sharoitlari boʻyicha davlat ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi:
ish oʻrinlarining mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyasini oʻtkazish sifatini;
xodimlarga zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun kafolatlar hamda kompensatsiyalar berilishining toʻgʻriligini;
xodimlarning haqiqiy mehnat sharoitlarini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
Mehnat sharoitlari boʻyicha davlat ekspertlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat va tekshiruv vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, tushuntirishlarni, axborotni tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslaridan soʻrash va olish;
tashkilotlarning rahbarlariga va boshqa mansabdor shaxslariga mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf qilish haqida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarni taqdim etish;
mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrish haqida taqdimnomalar kiritish;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga muvofiq boʻlmagan shaxsiy himoya vositalaridan va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni taqiqlash;
mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni va shartlarni buzganlikda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan tashkilotlarning faoliyatini yoki asbob-uskunalardan foydalanishni qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyish;
mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi hamda ishlab chiqarishda xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash haqidagi daʼvolar yuzasidan sudda ekspert sifatida ishtirok etish.
Mehnat sharoitlari boʻyicha davlat ekspertlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
