24-modda. Majburiy tibbiy koʻriklar
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Ish beruvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning va umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarning, nogironligi boʻlgan shaxslarning, shuningdek bir qator kasblar va ishlab chiqarishlar xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki tarzda (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtkazilishini tashkil etishi shart.
Tibbiy koʻriklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, bunday muassasalar mavjud boʻlmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkaziladi.
Qonunchilikka muvofiq majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishi lozim boʻlgan shaxslar boshqa ishga oʻtkazilgan taqdirda ham tibbiy koʻriklarni oʻtkazish majburiyati ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
Tibbiy koʻriklardan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlmaydilar.
Xodimlar tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas.
Xodimlar tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki ular oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ish beruvchi ularni ishga qoʻymaslikka haqli.
Agar xodim oʻz sogʻligʻining holati mehnat sharoitlari bilan bogʻliq holda yomonlashgan deb hisoblasa, u navbatdan tashqari tibbiy koʻrik oʻtkazilishini talab qilish huquqiga ega.
Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi.
