12-modda. Tashkilotning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-410-son) · Sana: 22.09.2016 · Amalda
Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita tashkilot rahbariga boʻysunadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga barcha xodimlar tomonidan rioya etilishini nazorat qilish, tarkibiy boʻlinmalarning rahbarlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tashkilot rahbariga taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
