3-modda. Asosiy tushunchalar
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-409-son) · Sana: 21.09.2016 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
botanika kolleksiyasi — ilmiy, madaniy-maʼrifiy, oʻquv-tarbiyaviy va estetik ahamiyatga ega boʻlgan,yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar yashash faoliyati mahsulotlarining tizimlashtirilgan toʻplami(gerbariylar, urugʻlar) hamda sunʼiy yaratilgan sharoitlarda (botanika bogʻlarida, dendrologiya bogʻlarida, pitomniklarda, plantatsiyalarda va boshqalarda) yetishtiriladigan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar;
yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar — madaniylashtirilmagan daraxtlar, butalar, oʻtsimonlar, qirqquloqsimonlar, yoʻsinsimonlar, suvoʻtlar, lishayniklar va zamburugʻlar;
yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning yashash faoliyati mahsulotlari — yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning yashash faoliyati natijasida hosil boʻlgan ildizlar, piyozboshlar, tanalar, poyalar, novdalar, poʻstloq, barglar, gʻunchalar, gullar, urugʻlar, mevalar, sharbat (yelim) va boshqa mahsulotlar;
oʻsimlik dunyosi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida tabiiy muhitda oʻsadigan yoki sunʼiy yaratilgan sharoitlarda yetishtiriladigan barcha turdagi yovvoyi oʻsimliklar majmui;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish — oʻsimlik dunyosining yashash faoliyati uchun qulay sharoitlarni taʼminlashga, uning yoʻq qilib yuborilishining yoki unga boshqacha zararli taʼsir koʻrsatilishining oldini olishga qaratilgan faoliyat;
oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha biotexnik tadbirlar — oʻsimlik dunyosini saqlab qolish, tiklash,takror koʻpaytirish va undan oqilona foydalanishga, u oʻsadigan muhitni saqlab qolishga qaratilgan, ilmiy asoslangan tadbirlar majmui.
