43-modda. Yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Yovvoyi hayvonlarga ular toʻsilgan hududda yashaydigan, erkin harakatlanadigan va barcha yashash jarayonlarini amalga oshiradigan, asosan tabiiy ozuqalar bilan oziqlanadigan va umrining koʻp qismini inson aralashuvisiz oʻtkazadigan sharoitlarning yaratilishi yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda saqlashdir.
Yovvoyi hayvonlarga ular berk joyda (qafasda, temir panjarali joyda, bogʻlangan holda va hokazo) yashaydigan sharoitlar yaratilishi va ularning yashash jarayonida toʻliq ravishda insonga bogʻliq boʻlishi yovvoyi hayvonlarni sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlashdir.
Yovvoyi hayvonlarni urchitish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, namoyish qilish, takror koʻpaytirish, shuningdek tijorat maqsadlarida yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlashga Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek zaharli hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlashga Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan maxsus pitomniklardagina yoʻl qoʻyiladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning roʻyxati, shuningdek mazkur roʻyxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitga Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ruxsatnomasisiz oʻzboshimchalik bilan chiqarib yuborish taqiqlanadi.
