33-modda. Ov qilishni amalga oshirish shartlari
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Ov qilishga hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun berilgan ruxsatnomalarda koʻrsatilgan muddatlarda va joylarda yoʻl qoʻyiladi.
Jismoniy shaxslarga sport va havaskorlik maqsadida ov qilish uchun ruxsatnoma ovchilik guvohnomasi, oʻqotar ov qurolini yoki pnevmatik ov qurolini (agar undan foydalanish moʻljallansa) saqlash va olib yurish uchun ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda beriladi.
Yuridik shaxslarning sanoat maqsadida ov qilishiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Ov qilishni amalga oshirish chogʻida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi qoidalarda taqiqlangan qurollarni hamda ov qilish usullarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Falokatga uchragan va oʻzi uchun notabiiy sharoitda turgan hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi.
Shaxslarning sport, havaskorlik va sanoat maqsadida ov qilish taqiqlangan joylarda, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ov quroli hamda ov qilish qurollarining boshqa turlari, ov mahsuloti, tasmasidan boʻshatib yuborilgan ovchi itlar, ovga oʻrgatilgan qushlar bilan boʻlishi, shuningdek umumiy foydalanishdagi yoʻllarda gʻilofi yechib qoʻyilgan (yigʻilgan holdagi, qoʻllashga shay) ov quroli yoki ov mahsuloti bilan oʻljaning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz boʻlishi man etiladi.
