3-modda. Asosiy tushunchalar
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yovvoyi hayvonlar — quruqlikda, suvda, atmosferada va tuproqda yashaydigan, xonakilashtirilmagan umurtqasizlar, baliqlar, ham quruqlikda, ham suvda yashovchi hayvonlar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar;
yovvoyi hayvonlarning yashash faoliyati mahsulotlari — yovvoyi hayvonlarning yashash faoliyati natijasida hosil boʻlgan asal, yogʻ, goʻsht, sut, tuxum, mum, uvuldiriq, zahar, safro, moʻyna, shoxlar, patlar, terilar va boshqa mahsulotlar;
zoologiya kolleksiyasi — yovvoyi hayvonlarning ilmiy, madaniy-maʼrifiy, oʻquv-tarbiyaviy va estetik ahamiyatga molik jonsiz eksponatlarining tizimlashtirilgan toʻplami (yovvoyi hayvonlar tulumlarining va yashash faoliyati mahsulotlarining namunalari), shuningdek yarim erkin sharoitda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda (tabiiy pitomniklarda, hayvonot bogʻlarida, sirklarda, terrariumlarda, akvariumlarda va boshqa joylarda) saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarning tirik kolleksiyalari;
hayvonot dunyosi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan barcha turdagi yovvoyi hayvonlar majmui;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish — yovvoyi hayvonlarning barqaror yashash sharoitlarini taʼminlashga, ularning tabiiy galalari va populyatsiyalarini saqlab qolishga, ularning yoʻq qilib yuborilishining yoki ularga boshqacha zararli taʼsir koʻrsatilishining oldini olishga qaratilgan faoliyat;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha biotexnik tadbirlar — yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish, tiklash va takror koʻpaytirishga, ularning yashash muhitini, urchish joylari va koʻchib oʻtish yoʻllarini saqlab qolishga, ov qilish va baliq ovlash joylari mahsuldorligini oshirishga qaratilgan, ilmiy asoslangan tadbirlar majmui.
