22-modda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nazorat
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-408-son) · Sana: 19.09.2016 · Amalda
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nazorat davlat, idoraviy, ishlab chiqarish hamda jamoatchilik nazorati tarzida amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi idoraviy nazorat davlat oʻrmon fondi yerlarida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga qarashli tashkilotlarda, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi ishlab chiqarish nazorati xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ularga biriktirilgan hududlarda amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi jamoatchilik nazorati Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nazoratni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
