23-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash
Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida (O‘RQ-407-son) · Sana: 16.09.2016 · Amalda
Ichki ishlar organi xodimi quyidagi hollarda maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega:
fuqaroga yoki ichki ishlar organi xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;
jinoyatga yoki maʼmuriy huquqbuzarlikka chek qoʻyishda;
ichki ishlar organi xodimiga qarshilik koʻrsatilishiga chek qoʻyishda;
jinoyatni sodir etish chogʻida yoki uni sodir etganidan keyin darhol koʻrib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
qurolli qarshilik koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxsni ushlashda;
ushlab turilgan shaxslarni va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni olib borish, qoʻriqlab borish va qoʻriqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʻziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;
zoʻravonlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qoʻyishda;
haydovchisi ichki ishlar organi xodimining toʻxtash toʻgʻrisidagi talabini bajarmagan transport vositasini toʻxtatishda;
jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etayotgan yoxud sodir etgan shaxslarni aniqlashda;
muhofaza qilinadigan obyektlarni himoya qilishda, gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini toʻsib qoʻyishda.
Ichki ishlar organi xodimi quyidagi maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega:
rezina tayoqlar — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi — oltinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, gazli, shikastlantiruvchi qurol — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi — oltinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari — ushbu modda birinchi qismining uchinchi — yettinchi, toʻqqizinchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
maxsus boʻyovchi va markirovka qiluvchi vositalar — ushbu modda birinchi qismining oʻninchi, oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
elektroshok qurilmalari — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi — beshinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
