17-modda. Ichki ishlar organlarining huquqlari — Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida (O‘RQ-407-son)
17-modda. Ichki ishlar organlarining huquqlari
Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida (O‘RQ-407-son) · Sana: 16.09.2016 · Amalda
Ichki ishlar organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
fuqarolardan qonunchilikka rioya etishni, gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qoʻllash;
oʻz xizmat majburiyatlarini amalga oshirish chogʻida fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshirish, agar ularda qurol, oʻq-dorilar, portlovchi, radioaktiv yoki zaharli moddalar, portlatish qurilmalari, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, prekursorlar yoxud muomalada boʻlishi taqiqlangan yoki cheklangan boshqa narsalar bor deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlganda esa, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, ularning ashyolarini, qoʻl yukini, bagajini koʻrikdan oʻtkazishni amalga oshirish hamda mazkur narsalar, vositalarni va moddalarni olib yurish hamda saqlash uchun qonuniy asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda ularni olib qoʻyish;
agar tergovga qadar va tergov harakatlarini, tezkor-qidiruv va qidiruv tadbirlarini oʻtkazish, jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik, hodisa holatlarini hujjatlashtirish yoki jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik izlarini, hodisa holatlarini saqlab qolish uchun zarur boʻlsa, fuqarolardan jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishni talab qilish;
sodir etilayotgan jinoyatlarga chek qoʻyish, shuningdek ularni sodir etayotgan shaxslarni taʼqib qilish hamda ushlash uchun, agar buning kechiktirilishi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jamiyat va davlat xavfsizligini tahdid ostiga qoʻyishi mumkin boʻlsa, tashkilotlar va fuqarolarning hududiga, turar joylariga va boshqa binolariga, yer uchastkalariga, transport vositalariga sutkaning istalgan vaqtida toʻsqinliksiz kirish (oshib tushish);
fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda boʻlgan shaxslarni aniqlash hamda ushlash maqsadida fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarda va boshqa binolarda, ularga qarashli yer uchastkalarida fuqarolarning roziligi bilan, tashkilotlar joylashgan hududda va binolarda ularning maʼmuriyati ruxsati bilan yoki mulkdorning roziligi bilan boʻlish;
jinoyat ishlarini tergov qilish va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish, jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar haqidagi arizalar hamda xabarlarni koʻrib chiqish doirasida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kirish, zarur hujjatlar va materiallar bilan tanishish, shuningdek davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan hamda fuqarolardan maʼlumotlarni va boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni soʻrash va olish;
terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilayotgan zonada jismoniy shaxslarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, ulardagi ashyolarni, transport vositalarini hamda olib oʻtilayotgan yuklarni koʻrikdan oʻtkazishni, shu jumladan nazorat qilishning texnik va boshqa vositalarini qoʻllagan holda koʻrikdan oʻtkazishni amalga oshirish;
ichki ishlar organlari yurituvidagi ishlar va materiallar boʻyicha fuqarolarni, mansabdor shaxslarni ichki ishlar organlariga chaqirtirish, ulardan zarur tushuntirishlar, maʼlumotlar, hujjatlar, maʼlumotnomalarni va ularning koʻchirma nusxalarini olish;
fuqarolarni ularning roziligi bilan hamkorlikka jalb etish, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashda ichki ishlar organlariga yordam bergan hamda alohida xizmat koʻrsatgan fuqarolarni taqdirlash;
tashkilotlar va fuqarolardan ichki ishlar organlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni bepul olish, bundan qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan hollar mustasno;
huquqbuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga bajarilishi shart boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
jinoyatlarning va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni fosh etish maqsadida zarur maʼlumotlar bazalariga ega boʻlgan axborot tizimlarini texnik va maxsus vositalardan foydalangan holda yaratish;
jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni, shuningdek oʻziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ushlash, ichki ishlar organlariga olib borish va qamoqda saqlash;
jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan harbiy xizmatchilarni ular harbiy patrulga, harbiy komendantga, harbiy qismlar komandirlariga topshirilguniga qadar ushlab turish;
maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ushlash va ichki ishlar organlariga olib borish;
qamoqda saqlanayotgan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni, shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda boshqa ushlab turilgan shaxslarni, shuningdek qonunga muvofiq oʻzga shaxslarni roʻyxatga olishni, fotosuratga olishni, ularning ovozini yozib olishni, ularni kino- va videotasvirga tushirishni, barmoq izlarini olishni amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan yoxud shartli hukm qilingan shaxslarni nazorat qilish boʻyicha choralar koʻrish;
oʻziga nisbatan tayinlangan tibbiy va tarbiyaviy yoʻsindagi majburlov choralarini oʻtashdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni ushlash va maxsus muassasalarga olib borish;
aniq yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markazlariga olib borish, shuningdek ularni shaxsi aniqlanguniga qadar sudlarning ajrimlari asosida oʻttiz sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga saqlab turish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan jinoyatlar holatlarini, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan, surishtiruv, tergov organlaridan, suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni va maʼmuriy jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish uchun bepul foydalanish;
yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
avtomototransport vositalarini boshqarish huquqi uchun imtihonlar qabul qilish hamda guvohnomalar berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha faoliyatni amalga oshirayotgan taʼlim muassasalari ustidan nazorat olib borish;
avtomototransport vositalarining hamda ularning tirkamalarining majburiy davlat texnik koʻrigini va roʻyxatdan oʻtkazilishini tashkil etish hamda oʻtkazish, yoʻl harakatini tartibga solish;
yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalarini ishlab chiqish;
avtomototransport vositalaridan foydalanishda atmosfera havosi ifloslanishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish;
zarur boʻlgan hollarda, transport vositalarini toʻxtatish hamda uni boshqarish va undan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish, haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi koʻzdan kechirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda transport vositalarini va shaxslarni ushlashni, koʻrikdan oʻtkazishni amalga oshirish, shaxslarni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni olib qoʻyish, shuningdek transport vositalarini saqlab turiladigan joyga qoʻyish uchun olib borish;
maxsus avtomobillarni, chet el delegatsiyalarini, avtomobil kolonnalarini, qimmatbaho, yirik gabaritli va xavfli yuklarni kuzatib borishni amalga oshirish;
yoʻllar va temir yoʻllarni kesib oʻtish joylarining saqlanishi, ularning yoʻl harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
belgilangan pasport tizimi qoidalariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va mansabdor shaxslar tomonidan rioya etilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish va Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzda oʻtish qoidalariga chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
pasport rejimi qoidalariga, shuningdek bajarilishi ustidan nazorat qilish ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan boshqa qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish amalga oshirilayotganda fuqarolarning turar joylariga va boshqa binolariga ularning roziligi bilan soat 6-00 dan soat 22-00 gacha kirish;
jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ularning organizmida alkogol, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar mavjudligini aniqlash uchun tekshirishni amalga oshirish;
jamoat joylarida alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsirida mastlik holatida boʻlgan va mustaqil ravishda harakatlanish yoki adashmay yoʻl topish qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining reabilitatsiya va tibbiy yordam koʻrsatish punktlariga olib borish;
fuqaroviy va xizmat quroli, uning oʻq-dorilari, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallar, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar, aluminiy kukunlari va qurumlari muomalada boʻladigan sohada faoliyatni amalga oshirayotgan obyektlarning maʼmuriy, ishlab chiqarish, omborxona va yordamchi binolariga mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun xizmat guvohnomasini hamda belgilangan tartibda beriladigan maxsus ruxsatnomani koʻrsatgan holda toʻsqinliksiz kirish;
litsenziya va ruxsat etish talablari hamda shartlari buzilganligi fuqaroviy va xizmat qurolining, uning oʻq-dorilari, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallarning, giyohvandlik vositalarining, ularning analoglarining, psixotrop moddalar va prekursorlarning, aluminiy kukunlari va qurumlarining yoʻqolishi yoki talon-toroj qilinishi xavfini yuzaga keltirgan hollarda, ularni olib qoʻyishni amalga oshirish, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallarni, pirotexnika buyumlarini, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalarni, prekursorlarni, aluminiy kukunlari hamda qurumlarini tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini esa ichki ishlar organlariga zudlik bilan olib borishni hamda saqlash uchun joylashtirishni talab qilish;
tashkilotlarda hamda fuqarolarda litsenziyalarsiz va ruxsatnomalarsiz turgan fuqaroviy va xizmat qurolini, uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallarni, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni, aluminiy kukunlari va qurumlarini belgilangan tartibda olib qoʻyishni, tashishni hamda saqlash uchun joylashtirishni amalga oshirish, ularni yoʻq qilish choralarini koʻrish;
qoʻriqlanishi lozim boʻlgan davlat obyektlarini, oʻta muhim va toifalangan obyektlarni hamda boshqa obyektlarni, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, savdo, xizmat koʻrsatish, koʻngilochar obyektlarni hamda qurilish obyektlarini ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida qoʻriqlash;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarida hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarida nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish, tegishli tashkilotlarda obyektning ichki rejimga va ruxsatnoma bilan kirish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish, bundan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan obyektlari mustasno;
litsenziyalashni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishni amalga oshirish, qonunchilikka muvofiq litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilishiga doir tekshiruvlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi va Davlat gerbi toʻgʻrisidagi qonunchilikning davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, qonunchilikni ichki ishlar organlarining vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish;
jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir ishlarda ishtirok etish.
Ichki ishlar organlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 17-modda. Ichki ishlar organlarining huquqlari Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida (O‘RQ-407-son). neolex.uz/uz/laws/law-3027845/17 (lex.uz/docs/-3027843)