Shahar hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (185-son)
17.02.2016
Buxoro viloyati Buxoro shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq shaharda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Shahar ichki ishlar boʻlimi Oʻ. Badalov belgilangan tartibda DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkillashtirsin.
2. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari) odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi, mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilganlardan tashqari.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
4. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining oʻndan bir qismi miqdorida yigʻim undiriladi.
Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Mototransport, tirkamalar, yarim tirkamalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yigʻim undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalaridan takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
Texnik koʻrik oʻtkazilganligi uchun yigʻim summasi tegishli mahalliy budjetga oʻtkazilsin.
5. Texnik koʻrikni oʻtkazish jadvali 1-ilovaga;
texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi (J. Qilichev)ga:
yuridik shaxsga texnik koʻrik oʻtkaziladigan muddatlar toʻgʻrisidagi bildirishnoma yuborish;
texnik koʻrikni tashkilotlarda, diagnostika stansiyalarida va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida ish vaqtida, texnik nazorat postlarida ish kunlarining kunduzgi va tungi vaqtlarida yoki haftaning dam olish kunlaridan birida oʻtkazish;
texnik koʻrikdan oʻtkazishda texnik jihatdan nosoz deb topilgan transport vositasining, shuningdek texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarining kamchiliklari va nosozliklarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibda tegishli choralarni koʻrish vazifalari yuklatilsin.
7. Mazkur qaror “Buxoro oqshomi” gazetasida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
9. Qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklatilsin.
Hokim V. OʻRINOV
Buxoro sh.,
2016-yil 17-fevral,
185-son
Shahar hokimining 2016-yil 17-fevraldagi 185-sonli qaroriga 1-ILOVA
Texnik koʻrikni oʻtkazish
jadvali
Shahar hokimining 2016-yil 17-fevraldagi 185-sonli qaroriga 2-ILOVA
Texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha komissiya
TARKIBI
