Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilishda yozma imtihon oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida (2491-1-son)
12.08.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 12-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2491-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-iyuldagi 206-son “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hamda 2015-yil 4-sentabrdagi 256-son “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2013-yil 26-iyuldagi 223-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2491, 2013-yil 26-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 30-son, 406-modda) bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilishda yozma imtihon oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (Sh. Saidov) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 12-avgust,
208-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2016-yil 12-avgustdagi 208-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilishda yozma imtihon oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-banddagi “Mutaxassislik fani” degan soʻzlar “Mutaxassislik fanlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 5-banddagi “3 — 10” raqamlari “3 — 15” raqamlari bilan almashtirilsin.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. VAHOBOV
2016-yil 11-avgust
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E. KANYaZOV
2016-yil 11-avgust
