Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2813-son)
20.07.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 20-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2813]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 14-yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 14-yanvardagi 10-son “Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yigʻish va joʻnatish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qaror qiladi:
1. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri K. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-may,
5-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-may,
15/kk-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 26-maydagi 5, 15/kk-son qaroriga ILOVA
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 14-yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 14-yanvardagi 10-son “Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yigʻish va joʻnatish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar (bundan buyon matnda chaqiriluvchilar deb yuritiladi) oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tanlov — bu chaqiriluvchining umumjismoniy tayyorgarligi va bilim darajasini aniqlashga qaratilgan maxsus tadbirlar majmuasidir.
2. Tanlov oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
muddatli harbiy xizmatga chaqirilish uchun barcha chaqiriluvchilarga bir xil shart-sharoit yaratib berish, shuningdek oshkoralikni, ijtimoiy adolatni hamda samarali jamoatchilik nazoratini taʼminlash;
muddatli harbiy xizmatga chaqirishda chaqiriluvchilarning bilim saviyasini va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini xolisona baholash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibini sogʻlom, intellektual salohiyatli, yuksak bilimga ega chaqiriluvchilar bilan butlash.
3. Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
4. Chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-fevraldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga asosan tashkil etiladi.
5. Tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega boʻlmagan, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli deb topilgan, shuningdek tanlovda yuqori ball toʻplagan chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish
6. Tanlov oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (bundan buyon matnda Davlat test markazi deb yuritiladi) bilan birgalikda mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlari tomonidan tashkil etiladi hamda oʻtkaziladi.
7. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini aniqlash boʻyicha sinovlar 25-sentabrdan kelgusi yilning 15-yanvarigacha oʻtkaziladi. Test sinovlari 10-oktabrdan kelgusi yilning 15-yanvarigacha oʻtkaziladi. Yilning 16-yanvaridan 21-yanvariga qadar tanlov uchun zaxira kunlari belgilanadi.
8. Tanlovga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega boʻlmagan, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar jalb qilinadi.
9. Chaqiriluvchilar har yilgi tanlovda faqat bir marta ishtirok etadi.
10. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlari tomonidan, bilim darajasini aniqlash boʻyicha test sinovlari Davlat test markazi tomonidan tuman (shahar) hokimining qarori bilan belgilangan taʼlim muassasalarida oʻtkaziladi.
11. Tanlov tadbirlariga jamoat tartibini saqlash uchun ichki ishlar organlari, zaruriy hollarda tez tibbiy yordam koʻrsatish xodimlari jalb qilinadi.
12. Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumiy rahbarligi ostida tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
iyul oyida tanlovni tashkil etish boʻyicha tegishli koʻrsatma, shuningdek dastlabki saralab olish rejasini tayyorlaydi hamda 15-iyulga qadar harbiy okrug shtablariga yuboradi;
20-sentabrga qadar harbiy okrug shtablari tomonidan taqdim etilgan, mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq test sinovlarini oʻtkazish jadvali, mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning roʻyxati, mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan binolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi va Davlat test markaziga yuboradi;
mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarida tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni joylarga borib oʻrganadi hamda ularga bu borada amaliy yordam koʻrsatadi.
14. Harbiy okrug shtablari:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining koʻrsatmasi va dastlabki saralab olish rejasini olgach, 25-iyulga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri (bundan buyon matnda hududlar deb yuritiladi) kesimida mudofaa ishlari boshqarmalarining harbiy xizmatchilari tarkibidan test sinovlarini muvofiqlashtiruvchilarni tayinlaydi, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi harbiy okrug shtabining buyrugʻini qabul qilib, ijro uchun mudofaa ishlari boshqarmalari (boʻlimlari)ga yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga 5-sentabrga qadar mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi sifatida tayinlanganlar roʻyxatini, shuningdek 10-sentabrga qadar mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan test sinovlarini oʻtkazish jadvallari, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning roʻyxatlari hamda test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan binolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirib taqdim etadi;
mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarida tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni joylarga borib oʻrganadi hamda ularga bu borada amaliy yordam koʻrsatadi;
oktyabr oyining ikkinchi jumasidan boshlab, keyinchalik haftaning har jumasida mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarida oʻtkazilayotgan tanlov natijalari haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tanlov yakunlanguniga qadar taqdim etib boradi.
15. Mudofaa ishlari boshqarmalari:
harbiy okrug shtabining tanlovni tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi hamda dastlabki saralab olish rejasini olgach, 1-avgustga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha maxsus tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishni soʻrab murojaat etadi;
maxsus tadbirlar rejasi tasdiqlangach, uning nusxasini, shuningdek mudofaa ishlari boshqarmasining tegishli koʻrsatmasi va dastlabki saralab olish rejasidan koʻchirmalarni 5-avgustga qadar mudofaa ishlari boʻlimlariga yuboradi;
5-sentabrga qadar mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sinovlar oʻtkazish jadvalini ishlab chiqib, koʻchirmasini 10-sentabrga qadar mudofaa ishlari boʻlimlariga yuboradi;
mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish jadvallari, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarining roʻyxatlari hamda test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan binolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirib 5-sentabrga qadar harbiy okrug shtabiga taqdim etadi;
tanlovga jalb etilgan chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
test sinovlarini muvofiqlashtiruvchilar bilan birgalikda chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash boʻyicha test sinovlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
Davlat test markazidan olingan test sinovlari natijalarini mudofaa ishlari boʻlimlariga yetkazadi;
oktyabr oyining ikkinchi jumasidan boshlab, keyinchalik haftaning har jumasida mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarida oʻtkazilayotgan tanlov natijalari haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotni tanlov yakunlanguniga qadar harbiy okrug shtabiga taqdim etib boradi.
16. Mudofaa ishlari boʻlimlari:
1-avgustdan 30-avgustga qadar chaqiriluvchilarning shaxsiy yigʻmajildlariga muvofiq chaqiruv resurslarini oʻrganadi;
10-avgustga qadar tuman (shahar) hokimligiga tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha maxsus tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishni soʻrab murojaat etadi;
1-sentabrga qadar chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish jadvallari, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarning roʻyxatlari hamda test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan binolar toʻgʻrisidagi maʼlumotni mudofaa ishlari boshqarmasiga yuboradi, mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchiga eslatmani mudofaa ishlari boʻlimi hududidagi fuqarolar uchun qulay va koʻrinarli joyga osib qoʻyadi hamda mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shaklda Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha roʻyxat tuzadi;
mudofaa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
test sinovi oʻtkaziladigan kundan 10 kun oldin mazkur Nizomning 8-ilovasiga muvofiq Test sinovida qatnashuvchi chaqiriluvchilarning roʻyxatini yozma va elektron shaklda test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi orqali Davlat test markaziga taqdim etadi hamda mudofaa ishlari boʻlimi hududidagi fuqarolar uchun qulay va koʻrinarli joyga osib qoʻyadi;
chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari bilan tanlovning tashkil etilishi va oʻtkazilishi bilan bogʻliq targʻibot-tashviqot hamda tushuntirish ishlari olib boradi;
chaqiriluvchilarning titul varaqalarini rasmiylashtiradi, chaqiriluvchilarni chaqiriluvchilar roʻyxatiga muvofiq test sinovlariga toʻliq yetib kelishlarini taʼminlaydi, test sinovlari oʻtkaziladigan kundan bir kun oldin chaqiriluvchining ruxsatnomasini chaqiriluvchilarga tarqatadi;
yilning 30-yanvariga mazkur Nizomning 9-ilovasiga muvofiq ikki nusxada Tanlov natijalarining yakuniy roʻyxatini tuzadi hamda uning birinchi nusxasini mudofaa ishlari boʻlimi hududidagi fuqarolar uchun qulay va koʻrinarli joyga osib qoʻyadi, ikkinchi nusxasi esa mudofaa ishlari boʻlimida yuritiladigan tegishli jildga tikiladi;
mazkur Nizomning 10-ilovasiga muvofiq muddatli harbiy xizmatga tanlov varaqasini rasmiylashtiradi. Chaqiriluvchilarning yakuniy roʻyxatda qayd etilgan tartib raqami ularning tanlov varaqasiga yozib qoʻyiladi;
tanlov natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotni chaqiruv komissiyasiga taqdim etadi.
17. Davlat test markazi:
test materiallari sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
Davlat test markazi vakillari, harbiy okrug shtabi tomonidan hududlarga tayinlangan test sinovlarini muvofiqlashtiruvchilar, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilari bilan seminar mashgʻulotlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
taʼlim muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Davlat test markazi vakillari, test sinovlarini muvofiqlashtiruvchilar, auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarni maxsus yoʻriqnomalar bilan taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan miqdordagi test materiallarini test oʻtkaziladigan kundan uch kun oldin mudofaa ishlari boshqarmalariga Davlat feldyegerlik xizmati orqali, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi orqali yetkazadi;
chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash boʻyicha tashkil etilgan test sinovlarini nazorat qiladi va mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlariga amaliy yordam koʻrsatadi.
18. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish mudofaa ishlari boʻlimiga muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun belgilab berilgan reja va unga oʻn foiz qoʻshimcha miqdoridagi chaqiriluvchilar sonidan kelib chiqqan holda tanlov natijalariga koʻra yuqoriroq ball toʻplagan chaqiriluvchilar hisobidan amalga oshiriladi.
3-bob. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
1-§. Umumiy qoidalar
19. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasi ularning mazkur bobda nazarda tutilgan tegishli normativlarni bajarishini tekshirish orqali baholanadi.
20. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mudofaa ishlari boshqarmasining vakili rahbarligida mudofaa ishlari boʻlimi hamda umumtaʼlim yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi.
21. Chaqiriluvchilarga dastlab normativlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar hamda ularni bajarish tartibi umumtaʼlim yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining mutaxassisi tomonidan tushuntiriladi.
22. Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarda mudofaa ishlari boʻlimi qoshidagi chaqiruv tibbiy komissiyasi tomonidan harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar qatnashadi.
23. Chaqiriluvchilar umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarga sport kiyimida kelishlari lozim.
24. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi 15 balli shkala boʻyicha baholanib, har bir normativga “aʼlo” baho uchun — 5 ball, “yaxshi” baho uchun — 4 ball, “qoniqarli” baho uchun — 3 ball beriladi, “qoniqarsiz” baho uchun ball berilmaydi.
25. Chaqiriluvchilar quyidagi ketma-ketlikda umumjismoniy normativlarni bajaradi:
turnikda tortilish;
100 metrga yugurish;
3 000 metrga yugurish.
26. Belgilangan barcha turdagi umumjismoniy normativlar bir kunda bajariladi.
Normativlar oraligʻida chaqiriluvchilarga dam olish uchun kamida 10 daqiqa vaqt beriladi.
27. Belgilangan normativlarni uzrsiz sabablarga koʻra topshirmagan yoxud topshirishdan bosh tortgan chaqiriluvchilarga ball berilmaydi.
28. Umumjismoniy normativlarning birortasidan “qoniqarsiz” baho olgan chaqiriluvchi test sinovlariga kiritilmaydi.
2-§. Umumjismoniy normativlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar
29. Turnikda tortilish normativini bajarishda:
qoʻl kaftlari turnikda oldinga qaratilgan holda ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza boʻgʻimi toʻgʻrilanadi, oyoq uchlari choʻziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak turnik ustiga toʻliq oʻtgunga qadar qoʻllar bukiladi;
harakat toʻliq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi (osilish holati 1-2 soniya davom etadi).
Ushbu normativni bajarishda oyoqlarni kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
Juft tutilgan oyoqlarni 450 gacha bukishga ruxsat beriladi.
30. Turnikda tortilish normativi quyidagicha baholanadi:
11 marotaba va undan koʻp tortilganda — “aʼlo”;
9-10 marotaba tortilganda — “yaxshi”;
6 — 8 marotaba tortilganda — “qoniqarli”;
1 — 5 marotaba yoxud umuman tortila olmaganda — “qoniqarsiz” deb topiladi.
31. 100 metrga yugurish normativi:
yuqori yoki quyi startdan amalga oshiriladi;
stadionning yugurish yoʻlakchasi qattiq, qoplamasi tekis joylarda oʻtkaziladi.
32. 100 metrga yugurish normativi quyidagicha baholanadi:
14,2 soniya ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
14,3 — 14,6 soniya ichida bajargan taqdirda — “yaxshi”;
14,7 — 15,8 soniya ichida bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
15,9 soniya va undan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
33. 3000 metrga yugurish normativi stadionning yugurish yoʻlakchalari yoki tekis joylarda, umumiy yoki alohida start berilgan holda oʻtkaziladi. Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
3000 metrga yugurish normativini bajarish vaqtida yoʻlakchalarni kesib oʻtish va yurib harakatlanish taqiqlanadi.
34. 3000 metrga yugurish normativi quyidagicha baholanadi:
12,45 daqiqa ichida bajargan taqdirda — “aʼlo”;
12,46 — 13,0 daqiqa ichida bajargan taqdirda — “yaxshi”;
13,1 — 13,35 daqiqa ichida bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
13,36 daqiqa va undan yuqori vaqtda bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
35. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarida birinchi marta qoniqarsiz baholangan chaqiriluvchilarga navbatdagi umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarida tegishli normativni yana bir marta qayta topshirishga ruxsat beriladi.
36. Belgilangan muddatda uzrli sabablarga koʻra qatnashmagan chaqiriluvchilar uchun qoʻshimcha umumjismoniy tayyorgarlik sinovlari zaxira kunlari mudofaa ishlari boshqarmalarida oʻtkaziladi.
Quyidagilar uzrli sabab hisoblanadi:
chaqiriluvchining sinovlarga kelishiga imkon bermagan kasalligi;
yaqin qarindoshining (qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, xotin, farzand, bobo, buvi, shuningdek xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari) vafot etganligi yoki ogʻir kasalligi;
chaqiriluvchiga bogʻliq boʻlmagan holda uning sinovlarga kelishiga imkon bermagan tabiiy ofat yoki boshqa holatlar.
3-§. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovi natijalarini rasmiylashtirish
37. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarining natijalari mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi roʻyxatga kiritiladi. Roʻyxat mudofaa ishlari boshqarmasining vakili, mudofaa ishlari boʻlimi hamda umumtaʼlim yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasining mutaxassislari tomonidan imzolanadi.
38. Roʻyxatda koʻrsatilgan baholar sinov oʻtkazilgan kuni chaqiriluvchilarga oʻqib eshittiriladi hamda roʻyxat chaqiriluvchilar tomonidan imzolanadi.
39. Roʻyxat mudofaa ishlari boʻlimida 2 yil davomida saqlanadi, soʻngra oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilinadi.
40. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovi natijasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchi umumjismoniy tayyorgarlik sinovlari natijasi eʼlon qilingandan keyin uch ish kuni davomida mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi nomiga yozma ravishda shikoyat berish huquqiga ega.
41. Mudofaa ishlari boshqarmalari umumjismoniy tayyorgarlik sinovlari natijalaridan norozi boʻlgan chaqiriluvchilar roʻyxatini shakllantirib, ularni navbatdagi umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarida sinovdan oʻtkazadi va natijalari boʻyicha chaqiriluvchilarga yozma ravishda asoslantirilgan javob beradi.
4-bob. Chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash
42. Chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash maqsadida test sinovlari oʻtkaziladigan bino va auditoriyalar tayyorlanadi.
43. Binolarni test sinovlariga tayyorlash boʻyicha javobgarlik tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan biriktirilgan taʼlim muassasasi zimmasiga yuklatiladi.
44. Har bir auditoriyadagi oʻrinlar soni 30 yoki 60 nafar kishiga moʻljallangan boʻlishi shart. Auditoriyalar yetarli miqdordagi stollar, stullar, test materiallarini tarqatish va qabul qilish uchun alohida stol bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
45. Harbiy okrug shtabi buyrugʻi asosida test sinovini tashkil etish va oʻtkazish uchun hududlar boʻyicha kamida bir nafardan test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi tayinlanadi. Mudofaa ishlari boshqarmalarida test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi uchun test materiallarini saqlashga alohida xona va seyf ajratiladi.
46. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi test materiallarini mudofaa ishlari boshqarmalaridan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tayinlangan muvofiqlashtiruvchilar Davlat test markazidan qabul qilib olish, test sinovlari oʻtkaziladigan binoga olib borish va olib kelish uchun masʼuldir.
47. Test topshirishga ruxsat berilgan chaqiriluvchilar test sinovlari oʻtkaziladigan binoga mazkur Nizomning 11-ilovasiga muvofiq Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan Test sinovlarida qatnashuvchi chaqiriluvchilarning auditoriya roʻyxatiga asosan fuqarolik pasporti va chaqiriluvchi ruxsatnomasi bilan kiritiladi.
48. Chaqiriluvchilar test sinovlari boshlanishidan oldin 30 daqiqa mobaynida javoblar varaqasini toʻldirish tartibi bilan tanishtiriladi va javoblar varaqasining tegishli joyiga oʻzlari toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni kiritadi. Ushbu jarayon uchun ajratilgan vaqt test oʻtkazish uchun belgilangan vaqt meʼyoriga kirmaydi.
49. Test sinovi oʻtkaziladigan kun uchun shakllantirilgan roʻyxatda mavjud boʻlgan, biroq test sinovlariga uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan chaqiriluvchilar uchun qoʻshimcha test sinovi oʻtkazilmaydi.
Uzrli sabablarga koʻra qatnashmagan chaqiriluvchilar uchun qoʻshimcha test sinovlari jadvalda belgilangan zaxira kunlarida oʻtkaziladi. Bunday holatlarda mudofaa ishlari boshqarmalari ushbu chaqiriluvchilarning roʻyxatini shakllantirib test sinoviga qatnashmaganlik sababini koʻrsatgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi orqali Davlat test markaziga 3 kun oldin taqdim etadi. Uzrli sabablar roʻyxati mazkur Nizomning 36-bandiga muvofiq belgilanadi.
50. Test sinovlari boshlanganidan keyin auditoriyaga test sinovlari oʻtkazilishiga masʼul boʻlgan shaxslardan boshqa hech kim kiritilmaydi va chaqiriluvchilar bilan test savollari boʻyicha savol-javoblar oʻtkazilmaydi.
51. Test sinovlari quyidagi fanlardan oʻtkaziladi va har bir toʻgʻri javobga 1 ball beriladi:
1-blok: matematika fanidan 25 ta savol, maksimal — 25 ball;
2-blok: ona tili fanidan 25 ta savol, maksimal — 25 ball;
3-blok: Oʻzbekiston tarixi fanidan 10 ta savol, maksimal — 10 ball.
Barcha fanlar boʻyicha maksimal — 60 ball yigʻiladi.
Savollar kitobidagi test savollarining soni 60 ta, ularni echish uchun 1 soat 50 daqiqa vaqt ajratiladi, javoblar varaqasini toʻldirish uchun yana qoʻshimcha 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
52. Har bir savolga 4 ta (“A”, “V”, “S”, “D”) javoblar varianti berilgan boʻlib, chaqiriluvchi faqat ulardan bittasini belgilashi, keyinchalik javoblar varaqasining mos fan blokidagi doirachani boʻyashi kerak, har bir savolga bitta javob belgilanishi shart.
53. Javoblar varaqasi chaqiriluvchi tomonidan koʻk (havorang) pastali sharikli ruchka bilan toʻldiriladi.
Javoblar varaqasida tegishli doirachalarni notoʻgʻri belgilagan, javoblar varaqasini almashtirgan, fan bloklari oʻrnini almashtirib boʻyagan, javoblar varaqasining tegishli bloklarida familiyasi, ismi va otasining ismini yozmagan, imzo qoʻymagan, javoblar varaqasi raqamlarini boʻyagan chaqiriluvchilarning eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi.
Toʻldirilgan javoblar varaqasi chaqiriluvchining bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
54. Chaqiriluvchi test sinovlariga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, mobil telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa chaqiriluvchiga uzatsa yoki yordam bersa, test sinovi uchun ajratilgan vaqt tugagandan keyin test materiallarini topshirishdan bosh tortsa, test materiallarini auditoriyadan tashqariga chiqarsa, savollar kitobi varaqasini yirtsa test sinovlari oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi hamda test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi ishtirokida auditoriya rahbari va kuzatuvchilar tomonidan mazkur Nizomning 12-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq dalolatnoma tuziladi va chaqiriluvchi test jarayonidan chetlashtiriladi.
55. Test sinovlarini topshirish vaqtida chaqiriluvchining auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan sababsiz chiqqan chaqiriluvchilar takroran test sinovlariga qoʻyilmaydi, bundan sogʻligʻining yomonlashuvi va boshqa uzrli holatlarga koʻra test materiallarisiz, auditoriya kuzatuvchisi nazorati ostida auditoriyadan chiqish holatlari mustasno.
56. Auditoriya rahbari ajratilgan vaqt tugaganligi, javoblar varaqasining mos ravishda fan bloklaridagi doirachalarga boʻyash uchun qoʻshimcha ravishda ajratilgan 20 daqiqa boshlanganligini eʼlon qilganda, chaqiriluvchilar savollar kitobi bilan ishlashni toʻxtatib, javoblar varaqasining mos ravishdagi fan bloklaridagi doirachalarni boʻyashni boshlashi, ajratilgan qoʻshimcha vaqt tugagani eʼlon qilinganda javoblar varaqasi bilan ishlashni toʻxtatishi shart.
57. Test materiallari Davlat test markaziga olib kelinganidan keyin natija yetti ish kunida hisoblanadi.
Davlat test markazi uch ish kuni ichida test sinovi natijalarini Davlat feldyegerlik xizmati orqali mudofaa ishlari boshqarmalariga yetkazadi. Test sinovi natijalari test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalaridan qabul qilib olinadi va shu kunning oʻzida mudofaa ishlari boʻlimlariga yetkaziladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida test sinovi natijalari chiqarilgan kunda test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi tomonidan Davlat test markazidan qabul qilib olinadi hamda shu kunning oʻzida mudofaa ishlari boʻlimlariga yetkaziladi.
58. Mudofaa ishlari boʻlimlari test natijalarini ikki ish kunida eʼlonlar taxtasiga joylashtiradi.
59. Davlat test markazi test sinovi oʻtkazish jadvalida belgilangan kundan uch kun oldin, chaqiriluvchilarning roʻyxati, ularning soniga asosan teng miqdordagi chaqiriluvchilarning ruxsatnomalari, savollar kitobi, javoblar va titul varaqalarini Davlat feldyegerlik xizmati orqali, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi orqali bevosita tegishli mudofaa ishlari boshqarmalariga yetkazadi.
60. Test sinovlari mazkur Nizom talablari asosida tashkil etilmasa, Davlat test markazi xodimlari tomonidan test sinovlari bekor qilinadi va test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
5-bob. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchining vazifalari
61. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi test sinovi oʻtkazish jadvalida belgilangan kundan uch kun oldin Davlat feldyegerlik xizmati orqali, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa Davlat test markazidan toʻgʻridan toʻgʻri test topshiruvchilarning roʻyxatini, ularning soniga teng miqdorda chaqiriluvchi ruxsatnomalarini, savollar kitoblarini, javob varaqalarini hamda titul varaqalarini qabul qilib oladi.
62. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi tegishli hudud boʻyicha test jarayonini tashkillashtiradi va unga umumiy rahbarlik qiladi.
63. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi test sinovlarining oʻz vaqtida boshlanishi va tugashini qatʼiy nazorat qiladi, test sinovlarini adolatli, xolisona va belgilangan talablar asosida oʻtishini taʼminlaydi.
64. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi test jarayoni boshlanishidan avval auditoriya rahbari va kuzatuvchilari bilan test sinovini oʻtkazish boʻyicha tushuntirish oʻtkazadi. Test sinovlari jarayonida muammolar boʻlganda, zudlik bilan Davlat test markazining viloyatlardagi doimiy vakillari yoki Davlat test markazi bilan bogʻlanadi, muammoni hal etish choralarini koʻradi.
65. Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi har haftaning juma kuni test topshiruvchilarning soniga teng miqdordagi savollar kitoblari, javoblar varaqalari va titul varaqalari paketlarini muhrlangan holda Davlat feldyegerlik xizmati orqali, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa toʻgʻridan toʻgʻri Davlat test markaziga yetkazadi.
6-bob. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilarining vazifalari
66. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilari test sinovida jamoatchilik asosida ishtirok etadi.
67. Test sinovi oʻtkaziladigan auditoriyada test sinovining mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya etilgan holda toʻgʻri va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan javobgarlik auditoriya rahbari va kuzatuvchisining zimmasiga yuklanadi.
68. Auditoriya rahbari yoki kuzatuvchisi test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan taqdirda, ular test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi tomonidan test sinovidan chetlashtiriladi va dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
69. Auditoriya rahbari auditoriya kuzatuvchisining faoliyatini nazorat qiladi.
70. Auditoriya rahbari chaqiriluvchilarni fuqarolik pasporti va chaqiriluvchi ruxsatnomasi asosida tekshirib (rasmlar shu chaqiriluvchiga tegishliligiga ishonch hosil qilib), roʻyxat asosida auditoriyaga kiritadi, test sinovi boshlanishiga yetib kelmagan chaqiriluvchilarni roʻyxatga “qatnashmadi” deb kiritadi.
71. Auditoriya kuzatuvchisi javoblar varaqalari va javoblar varaqasi raqamiga mos raqamli savollar kitoblarini hamda titul varaqalarini chaqiriluvchilarga tarqatadi.
72. Auditoriya rahbari chaqiriluvchilarga savollar kitobining raqami bilan javoblar varaqasining raqami mosligini hamda test materiallari nuqsonsizligini tekshirib chiqishlarini, javoblar varaqasi va savollar kitobi muqovasida koʻrsatilgan tegishli joyga familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzo qoʻyishlari toʻgʻrisida koʻrsatma beradi va ularga test sinovlari topshirish tartibini tushuntiradi va test sinovi boshlanishini eʼlon qiladi.
73. Auditoriya rahbari belgilangan vaqt oʻtgandan soʻng chaqiriluvchilarga test sinovlariga ajratilgan vaqt tugaganligini eʼlon qiladi va chaqiriluvchilardan test materiallarini topshirishlarini talab qiladi.
74. Auditoriya rahbari test materiallari yigʻib olinganidan soʻng savollar kitobi va javoblar varaqasiga shikast yetmaganligini tekshirib, chaqiriluvchi ruxsatnomasining tegishli joyini toʻldirib, imzo qoʻyadi hamda chaqiriluvchilarga test materiallari topshirilganligini tasdiqlash maqsadida chaqiriluvchilarning roʻyxatiga imzo qoʻydirib, ularni auditoriyadan chiqaradi.
75. Auditoriyadagi barcha javoblar varaqalarining javoblar varaqalari paketiga solinishi uchun auditoriya rahbari va kuzatuvchisi shaxsan javobgar hisoblanadi. Javoblar varaqasi paketiga quyidagilar solinadi:
testda qatnashgan chaqiriluvchilarning javoblar varaqalari;
ishlatilmagan javoblar varaqalari;
test sinovidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi rasmiylashtirilgan dalolatnomalar, test sinovidan chetlashtirilganlarning javoblar varaqalari va titul varaqalari;
nuqsonli test materiallari boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomalar;
test sinoviga kelmagan chaqiriluvchilarga tegishli titul varaqalari.
76. Auditoriya rahbari titul varaqalari paketiga test sinovida qatnashgan chaqiriluvchilarning titul varaqalari va chaqiriluvchilarning roʻyxatini solib, auditoriya kuzatuvchilari va chaqiriluvchilar guvohligida Davlat test markazining muhri bilan muhrlaydi hamda paket ustidagi maʼlumotlarni toʻliq rasmiylashtiradi.
Auditoriya rahbari test sinovi tugagandan soʻng test materiallarini test sinovlarini muvofiqlashtiruvchiga topshiradi.
7-bob. Test sinovlari natijasi boʻyicha berilgan apellatsiyalarni koʻrib chiqish
77. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining tegishli qarori bilan mudofaa ishlari boshqarmalarida apellatsiya murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
78. Komissiya tarkibiga test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi, umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridan fanlar boʻyicha mutaxassislar kiritiladi. Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi apellatsiya komissiyasi raisi hisoblanadi.
79. Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchi test sinovlari natijasi eʼlon qilingandan keyin uch ish kun davomida mudofaa ishlari boshqarmasida tashkil etilgan apellatsiya komissiyasiga yozma ravishda mazkur Nizomning 13-ilovasiga muvofiq test natijalari boʻyicha apellatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
80. Apellatsiya shikoyatiga chaqiriluvchi ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinadi. Apellatsiya shikoyati qabul qilinganligi toʻgʻrisida chaqiriluvchiga mazkur Nizomning 13-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma beriladi.
81. Chaqiriluvchi tomonidan javoblar varaqasi, savollar kitobi, titul varaqasi mazkur Nizomda belgilangan tartibda toʻldirilmagan, shuningdek chaqiriluvchi test sinovidan chetlashtirilgan boʻlsa, shuningdek xabarnomada belgilangan kun va vaqtda yetib kelmagan chaqiriluvchining apellatsiya shikoyati koʻrib chiqilmaydi.
82. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyatini qabul qilib olgan kuni Davlat test markaziga apellatsiya shikoyatining nusxalarini yuboradi.
83. Davlat test markazi apellatsiya shikoyatini qabul qilgan kuni apellatsiya shikoyati asosida chaqiriluvchilarga test sinovi jarayonida tushgan savollar kitobi va javoblar varaqasining nusxalarini hamda test sinovida yoʻl qoʻygan notoʻgʻri javoblari roʻyxatini apellatsiya komissiyasiga yuboradi.
84. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayonida Davlat test markazi vakillarini hamda auditoriya rahbari va kuzatuvchilarini ularga tegishli masalalar boʻyicha jalb qilishga haqli.
85. Apellatsiya shikoyati koʻrilayotgan chaqiriluvchiga test sinovi jarayonida tushgan savollar kitobi va javoblar varaqasining nusxalarini hamda test sinovida yoʻl qoʻygan notoʻgʻri javoblari roʻyxati beriladi.
86. Taqdim etilgan hujjatlar asosida chaqiriluvchi oʻzining toʻliq tahlilini (asoslangan holda, yaʼni misol va masalalarni echgan holda) yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilingan test materiallari bilan birga apellatsiya komissiyasiga topshiradi.
87. Apellatsiya komissiyasi ikki ish kuni davomida apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqadi. Apellatsiyani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha bayonnoma tuziladi hamda bayonnoma apellatsiya komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi. Apellatsiya komissiyasining bayonnomasidan koʻchirma chaqiriluvchiga topshiriladi. Apellatsiya komissiyasi qarori Davlat test markaziga taqdim etiladi.
88. Apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellatsiya komissiyasi qarori yuzasidan chaqiriluvchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
8-bob. Yakuniy qoidalar
89. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
90. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 26-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 26-may
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2016-yil 26-may
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2016-yil 26-may
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori U. SALIMOV
2016-yil 26-may
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Test sinovlarini oʻtkazish
JADVALI
T/r Hudud nomi Jami Test sinovi oʻtkazish kunlari ____ oktyabr ____ oktyabr va h.k. jami oʻzbek rus qoraqalpoq jami oʻzbek rus qoraqalpoq 1. 2. 3. 4. 5. 6. 7. 8. 9. 10. va h.k. Jami _______________________________________________ (lavozimi, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi) 20____ yil “____”______________
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
1-shakl Auditoriya rahbarlarining ROʻYXATI T/r Hududlar nomi Familiyasi, ismi, otasining ismi Fuqarolik pasporti seriyasi va raqami Ish joyi Lavozimi Telefon raqamlari Izoh ishxona mobil uy 1. 2. ______________________________________________________ (lavozimi, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
2-shakl Kuzatuvchilarning ROʻYXATI T/r Hududlar nomi Familiyasi, ismi, otasining ismi Fuqarolik pasporti seriyasi va raqami Ish joyi Lavozimi Telefon raqamlari Izoh ishxona mobil uy 1. 2. _____________________________________________ (lavozimi, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan binolar toʻgʻrisidagi MAʼLUMOT T/r Tuman (shahar) nomi Bino nomi Bino manzili Auditoriyalar soni Test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan xonalarning sigʻimi va soni Chaqiriluvchilar soni Test sinovlari oʻtkazish vaqti 30 talik 60 talik jami 1. 2. 3. va h.k. _____________________________________________ (lavozimi, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Test sinovlarini muvofiqlashtiruvchi sifatida tayinlanganlar ROʻYXATI T/r Hudud nomi Muvofiqlashtiruvchining Ofitserning shaxsiy guvohnomasi Telefon raqamlari Izoh lavozimi harbiy unvoni F.I.O. seriyasi raqami ish mobil 1. 2. 3. 4. ____________________________________________________________________ (lavozimi, harbiy unvoni, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sinovlar oʻtkazish JADVALI T/r Hudud nomi Jami sentyabr oktyabr va h.k. jami va h.k. jami va h.k. 1. 2. 3. ... Jami _________________________________________________________ (lavozimi, harbiy unvoni, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi) 20____ yil “___”____________
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchiga
ESLATMA
1. Test sinovlariga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, mobil telefon, aloqa vositalari va shpargalkalarni olib kirish taqiqlanadi.
2. Test vaqtida chaqiriluvchilar:
savollar kitobi va javoblar varaqasini olgandan soʻng javoblar varaqasi raqami bilan savollar kitobi raqami mosligini sinchiklab tekshirib chiqadi. Savollar kitobining test savollarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga koʻra toʻla nashr qilinmagan oʻrinlar yoki betlar boʻlsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi. Bunda tegishli dalolatnoma tuzilib, nuqsonli savollar kitobi unga ilova qilinadi va chaqiriluvchi navbatdagi test sinoviga kiritiladi;
javoblar varaqasini toʻldirishda chaqiriluvchi faqat koʻk (havorang) pastali sharikli ruchkadan foydalanadi. Flomaster va siyohli avtoruchka va gel ruchkadan foydalanish man etiladi;
chaqiriluvchi oʻzi haqidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi)ni javoblar varaqasining tegishli qismiga yozadi va imzo qoʻyadi;
chaqiriluvchi javoblar varaqasining raqamini chaqiriluvchi ruxsatnomasiga koʻchirib yozadi.
3. Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanadi. Agar bitta savolga ikki yoki undan koʻp javob belgilansa, ushbu javobga ball berilmaydi.
4. Test sinovlari quyidagi fanlardan oʻtkaziladi va har bir toʻgʻri javobga 1 ball beriladi:
1-blok matematika fanidan 25 ta savol, maksimal — 25 ball;
2-blok ona tili fanidan 25 ta savol, maksimal — 25 ball;
3-blok Oʻzbekiston tarixi fanidan 10 ta savol, maksimal — 10 ball.
Barcha fanlar boʻyicha maksimal — 60 ball yigʻiladi.
Berilgan 60 ta savolga javoblarni tanlash uchun 1 soat 50 daqiqa vaqt ajratiladi.
Chaqiriluvchi oʻzi tanlagan javoblarini javoblar varaqasining tegishli blokiga mos ravishda koʻchiradi. Buning uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari 20 daqiqa vaqt beriladi.
5. Toʻldirilgan javoblar varaqasi chaqiriluvchining bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir.
6. Javoblar varaqasining toʻgʻri toʻldirilishi uchun chaqiriluvchi shaxsan javobgardir.
7. Javoblar varaqasida tegishli doirachalarni notoʻgʻri belgilagan, javoblar varaqasini almashtirgan, fan bloklari oʻrnini almashtirib boʻyagan, javoblar varaqasining tegishli bloklarida familiyasi, ismi va otasining ismini yozmagan, imzo qoʻymagan, javoblar varaqasi raqamlarini boʻyagan chaqiriluvchilarning eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi.
8. Test sinovi paytida chaqiriluvchining auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan sababsiz chiqqan chaqiriluvchilar qaytadan test sinovlariga qoʻyilmaydi, bundan sogʻligʻining yomonlashuvi va boshqa uzrli holatlarga koʻra test materiallarisiz, auditoriya kuzatuvchisi nazorati ostida auditoriyadan chiqish holatlari mustasno.
9. Test davomida chaqiriluvchining bir-biri bilan gaplashishi, javoblarni bir-biri bilan maslahatlashishi, javoblarni bir-biriga koʻrsatishi, test materiallarini boshqalarga uzatishi, test hujjatlaridan nusxa koʻchirishi va boshqalarga yordam berishi taqiqlanadi.
10. Chaqiriluvchi mazkur qoidalarga rioya qilmasa, u test sinovlarini oʻtkazish tartibini qoʻpol ravishda buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, test sinovidan chetlashtiriladi.
11. Chaqiriluvchilarning test natijalari boʻyicha eʼtirozlari mudofaa ishlari boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha ROʻYXAT 20___ yil “_______” ____________________ T.r. Familiyasi, ismi, otasining ismi Tugʻilgan yili Normativlar nomi Jami ball Chaqiriluvchi imzosi 3 000 metrga yugurish Turnikda tortilish 100 metrga yugurish 12,45 daqiqa ichida = 5 12,46 — 13,0 daqiqa ichida = 4 13,1 — 13,35 daqiqa ichida = 3 13,36 daqiqa va undan yuqori = 0 11-marta = 5 9 — 10-marta = 4 6 — 8-marta = 3 5 va undan kam = 0 14,2 soniya ichida = 5 14,3 — 14,6 soniya ichida = 4 14,7 — 15.8 soniya ichida = 3 15,9 soniya va undan yuqori = 0 natija baho natija baho natija baho 1 2 _______________________________________________ (harbiy unvoni, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi) _______________________________________________ (harbiy unvoni, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi) _______________________________________________ ( imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
Test sinovida qatnashuvchi chaqiriluvchilarning ROʻYXATI 20___ yil “ ____” ______________ T/r Viloyat (respublika) kodi Tuman (shahar) kodi Familiyasi, ismi, otasining ismi Izoh 1. 2. ... _______________________________________________ (lavozimi, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Tanlov natijalarining
YAKUNIY ROʻYXATI
T/r Familiyasi, ismi, otasining ismi Tugʻ. yili Bilim darajasi Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi umumiy ballar Izoh javoblar varaqa-sining raqami ona tili (mak. 25 ball) matematika (mak. 25 ball) Oʻzbekiston tarixi (mak. 10 ball) jami (maksimal 60 ball) 3 000 metrga yugurish turnikda tortilish 100 metrga yugurish jami (maksimal 15 ball) toʻgʻri javob notoʻgʻri javob ball toʻgʻri javob notoʻgʻri javob ball toʻgʻri javob notoʻgʻri javob ball natija baho natija baho natija baho 1. 2. 3. 4. 5. 6. ... _______________________________________________________________ (lavozimi, harbiy unvoni, imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
Test sinovlarida qatnashuvchi chaqiriluvchilarning auditoriya ROʻYXATI 20___ yilning “___”______________ T/r Familiyasi, ismi, otasining ismi Javoblar varaqasining raqami Imzo Izoh 1. 2. 3. 4. 5. 6. 7. 8. 9. 10. va h.k. Auditoriya rahbari ________________________________________________________________________ (imzo, familiyasi, ismi, otasining ismi) Auditoriya kuzatuvchisi _____________________________________________________________________ (imzo, familiyasi, ismi, otasining ismi)
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 12-ILOVA
Izoh: mazkur dalolatnoma chaqiriluvchining javoblar varaqasi va titul varaqasi bilan birgalikda yelimlanib, javoblar varaqasi paketiga solinadi.
Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 13-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 29-son, 355-modda)
