Yuridik kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida (234-son)
15.07.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son qarorini samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, taʼlim, madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-iyul,
234-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-iyuldagi 234-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 164-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 40-modda):
a) 2-ilovaga izohga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan oliy taʼlim muassasalarida Oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi va boshliq oʻrinbosarining bazaviy lavozim maoshlari, tegishli ravishda, dekan va dekan oʻrinbosarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi”;
b) 4-ilovaning 7-bandiga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan oliy taʼlim muassasalarida Oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi va boshliqning oʻrinbosari lavozimini egallab turgan shaxslar ham rahbarlar tarkibiga kiradi”.
