Daʼvo arizasi imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan imzolangani boʻlsa daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi (20-1506/13584-son)
22.02.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Buxoro viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat korxonasi (keyingi matnlarda — daʼvogar) manfaatida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi (keyingi matnlarda — Palata) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Buxoro” nashriyotidan 56 499 370 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida daʼvo arizasi uni imzolash vakolatiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan imzolanganligi, nizo daʼvogar tomonidan javobgarning ijara shartnomasi tuzish haqidagi murojaatlari oqibatsiz qoldirilganligi natijasida vujudga kelganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish yoki daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida bayon qilingan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar tomonidan javobgar balansida boʻlgan davlat mulkini ijaraga berish holati oʻrganilgan. Oʻrganish natijasi boʻyicha 2015-yil 16-iyunda tuzilgan maʼlumotnomaga koʻra, javobgar tomonidan belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmagan holda balansida boʻlgan bino xonalari, binoning tom qismi ijaraga berilganligi aniqlangan.
Shundan soʻng, ijara shartnomasi tuzilmagan holda davlat mulki ijaraga berilganligi, balansda saqlovchidan davlat mulki obyektlari uchun belgilangan ijara haqining ikki baravari miqdorida toʻlov undirilishiga sabab boʻlishini koʻrsatib, Palata tomonidan daʼvogar manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritilgan.
Palataning daʼvo arizasiga daʼvogarning Palataga aʼzoligi haqidagi Palata va daʼvogar oʻrtasida tuzilgan 2015-yil 15-apreldagi shartnoma ilova qilingan.
Davlat mulkini ijaraga berish markazlarining maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi 102-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan boʻlib, unga koʻra markazlarning asosiy vazifalari davlat mulkini ijaraga berishni tashkil etish va ijaraga berish, ijaraga berilayotgan davlat mulkini va uni ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlarni hisobga olish va monitoringini olib borish, ijaraga beriladigan davlat mulki boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, ijara obyektlaridan maqsadli foydalanilishini va ularning saqlanishini, shuningdek ijara toʻlovi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishini nazorat qilish, ijaraga berilgan davlat mulkini har choraklik asosda xatlovdan oʻtkazish, foydalanilmayotgan davlat mulki ijaraga berilishi toʻgʻrisidagi eʼlonlarni va ijaraga berilayotgan davlat mulki roʻyxatini davriy nashrlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining veb-saytlarida joylashtirishdan iborat.
Bundan koʻrinadiki, markazlarning vazifalaridan ularning tadbirkorlik huquqlarini amalga oshirishi kelib chiqmagan va bunday holatda daʼvogar bilan Palataga aʼzolik haqida tuzilgan shartnoma “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasi talablariga muvofiq tuzilmagan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish masalasini hal etishda va ishni sudda koʻrish jarayonida, daʼvogarning Palataga aʼzoligi holati va daʼvogarning Palata aʼzolariga berilgan imtiyozlardan foydalanishi qonun hujjatlariga muvofiq emasligiga eʼtibor qilmagan va bu holatga doir protsessual huquq normalarini qoʻllamasdan daʼvoni mazmunan koʻrib chiqqan. Apellatsiya instansiyasi sudi ham ushbu holatlarga baho bermasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Shu sababli, sudlov hayʼati, sud qarorlarini bekor qilib, Palata boshligʻining nizo boʻyicha berilgan daʼvo arizasini imzolash vakolati yoʻq deb topib, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 88-moddasi 3-bandiga muvofiq daʼvoni koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim deb topadi.
Sudlov hayʼati, sud qarorlari bekor qilinishi bilan ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini taqsimlash masalasini koʻrib chiqib, javobgarning apellatsiya shikoyati uchun toʻlagan 282 497 soʻm davlat bojini daʼvogardan javobgarga undirishni hamda sud majlisini videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini daʼvogardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi foydasiga undirishni lozim deb topadi.
2016-yil 22-fevral,
20-1506/13584-son
