Moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi (21-1503/6782-son)
09.02.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitovdan 25 083 190,94 soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlarini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida sudning hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sudning hal qiluv qarorini bekor qilishni va daʼvoni qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitov tomonidan Eron davlatidan olib kelingan 20 099,18 AQSh dollari qiymatidagi alyumin tovarlariga tovarning bojxona qiymatini aniqlashda oʻxshash boʻlgan rezerv 6.3-usuli qoʻllanilgan holda har bir kg uchun 1,71 AQSh dollari belgilanib, jami 31 501 643,8 soʻm bojxona toʻlovlari undirilib, 12003/01.04.2015/0000760-sonli BYuD bilan “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.
Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi Bojxona kodeksining 51 va 112-moddalariga muvofiq bojxona nazoratini amalga oshirib, yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitov tomonidan olib kelingan tovarlarning bojxona qiymatini belgilashda narxi asos qilib olingan tovar baholanayotgan tovar olib kirilgunga qadar 90 kundan oshmagan oʻxshash tovarning (18005/27.02.2015/0002374-sonli BYuD) bojxona qiymatini olish oʻrniga qariyb bir yil avval rasmiylashtirilgan past narxdagi tovarning (03011/10.04.2014/0001405-sonli BYuD) bojxona qiymati asos sifatida qabul qilinganligini aniqlagan va “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 13-yanvarda 390-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash boʻyicha” Yoʻriqnomaga muvofiq jami 25 466 681,74 soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblagan. Bu haqda Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan bojxona haqidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2009-yil 24-apreldagi 197-sonli qarorida ham taʼkidlangan.
Shuningdek 2015-yil yanvar — iyun oylarida tadbirkorlar tomonidan Eron davlatidan olib kelingan alyumin tovarlarining bojxona qiymati har bir kg uchun 3,1 — 3,52 AQSh dollaridan hisoblangan.
Yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitov tomonidan qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari summasining 385 233,94 soʻmiga bojxona toʻlovlarini toʻlash maqsadida BQT-2 shakli toʻldirilganligi, ammo 25 081 447,80 soʻmiga eʼtiroz bildirilganligi sababli Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi undan 25 083 190,94 soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlarini undirish yuzasidan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bergan.
Koʻrinib turibdiki, Navoiy viloyat bojxona boshqarmasi 25 081 447,80 soʻm (25 466 681,74 – 385 233,94 = 25 081 447,80) oʻrniga 25 083 190,94 soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlarini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi qayd etilgan ish uchun ahamiyatli boʻlgan ushbu holatlarga eʼtibor bermasdan, moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda daʼvoni qanoatlantirishni rad etgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sudning hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qisman (25 081 447,80 soʻm miqdorida) qanoatlantirishni, daʼvoning qolgan (1 743,14 soʻmlik) qismini qanoatlantirishni rad etishni, ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitov zimmasiga yuklab, uning hisobidan Navoiy viloyat bojxona boshqarmasiga toʻlangan 12 000 soʻm (birinchi instansiya sudi uchun 5 000 soʻm, kassatsiya instansiyasi sudi uchun 7 000 soʻm) pochta xarajatlarini qoplashni, ortiqcha toʻlangan 200 soʻm pochta xarajatlarini Navoiy viloyat bojxona boshqarmasiga qaytarishni, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini, shuningdek 376 221,70 soʻm (birinchi instansiya sudi uchun 250 814,47 soʻm, kassatsiya instansiyasi sudi uchun 125 407,23 soʻm) davlat bojini yakka tartibdagi tadbirkor A. Xaitov zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2016-yil 9-fevral,
21-1503/6782-son
