Ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ajrimi yoxud umumiy sudning kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori yoki ajrimi boʻlsa, sudya daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi (18-1507/23275-son)
16.12.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Qultayev Shavkat Pardayevich (bundan buyon matnda — daʼvogar) Qultayev Xasan Shavkatovich (bundan buyon matnda — javobgar), Qarshi shahar 1-son Davlat notarial idorasi (bundan buyon matnda — Notarial idora) va “TAOM” MChJga (bundan buyon matnda — MChJ) nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2008-yil 12-iyunda tuzilgan va Notarial idora tomonidan 1-3187-reyestr bilan qayd etilgan hadya shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan daʼvo arizasini qabul qilish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan ajrim bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun shu sudning birinchi instansiyasiga yuborilgan.
MChJ kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi va aniqlanmaganligi, Qashqadaryo viloyat xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 18-1505/17011-sonli ish yuzasidan mazkur nizo ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha koʻrib chiqilib, 2015-yil 17-avgustda hal qiluv qarori qabul qilinganligi, apellatsiya instansiyasi sudi esa ushbu holatlarni inobatga olmasdan, ajrimni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish haqida notoʻgʻri xulosaga kelganligi bayon etilib, qarorni bekor qilib, sud ajrimini oʻzgarishsiz qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra kassatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, sud ajrimini esa kuchida qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, MChJ taʼsischisi B. Tursunov Sh. Qultayev (nizoli ish boʻyicha daʼvogar, X. Qultayev (nizoli ish boʻyicha javobgar), Qarshi shahar 1-son Davlat notarial idorasi (nizoli ish boʻyicha Notarial idora) va MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, MChJ taʼsischilarining 2008-yil 9-iyundagi 7-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasini hamda daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2008-yil 12-iyunda tuzilgan va Notarial idora tomonidan 1-3187-reyestr bilan qayd etilgan hadya shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Mazkur daʼvo arizasi yuzasidan Qashqadaryo viloyat xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 18-1505/17011-sonli ish yuzasidan 2015-yil 17-avgustda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. MChJ taʼsischilarining 2008-yil 9-iyundagi 7-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi haqiqiy emas deb topilib, daʼvo talabining daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2008-yil 12-iyunda tuzilgan va Notarial idora tomonidan 1-3187-reyestr bilan qayd etilgan hadya shartnomasini haqiqiy emas deb topish qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda – XPK) 117-moddasi birinchi qismining 2-bandiga koʻra, ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ajrimi yoxud umumiy sudning kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori yoki ajrimi boʻlsa, sudya daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 162-sonli qarorining 25-bandida, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish asoslari XPKning 117-moddasida nazarda tutilganligi va ushbu roʻyxat kengaytirilgan tarzda talqin qilinmasligi haqida tushuntirish berilgan.
Ushbu holda, sud Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda, ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan Qashqadaryo viloyat xoʻjalik sudida qoʻzgʻatilgan 18-1505/17011-sonli ish boʻyicha 2015-yil 17-avgustda qabul qilingan hal qiluv qarori mavjudligi, ushbu hal qiluv qarori bugungi kunda qonuniy kuchda ekanligi, bekor qilinmaganligini inobatga olib, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish haqida ajrim qabul qilib toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida” 2007-yil 28-dekabrdagi 173-sonli qarorining 11-bandida sudlarga ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishda birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirganligi, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligini, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilmaganligi, mazkur normalar toʻgʻri qoʻllanilganligini aniqlashlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa sud tomonidan asoslantirilgan ajrim qabul qilinganligiga huquqiy baho bermasdan, uni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
XPKning 188-moddasiga koʻra, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Bunday holatda, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni, apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 11-noyabrdagi qarorini bekor qilib, sudning 2015-yi 12-oktabrdagi ajrimini esa kuchida qoldirishni, sud majlisini kassatsiya instansiyasi sudida videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2015-yil 16-dekabr,
18-1507/23275-son
