Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak (15-1506/18895-son)
19.01.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
“Transqurilishtamir-5” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Quvasoy shahar hokimining 2014-yil 19-iyundagi 280-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2015-yil 14-avgustdagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Quvasoy shahar “Yermulkkadastr” davlat korxonasi jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 14-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 10-noyabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan. Shuningdek xususiy ajrim chiqarilib, Fargʻona viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Kassatsiya shikoyatida ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari buzilganligi, ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi haqida vajlar keltirilib, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Orom” dam olish maskani joylashgan yer maydonlarida yoʻqlama oʻtkazilib, uning natijalari boʻyicha Quvasoy tuman hokimining 2004-yil 3-noyabrdagi 339/11-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan “Orom” dam olish maskani foydalanayotgan bino va inshootlari oʻrni — 0,017 ga, bogʻ va gulzorlar — 0,15 ga, boshqa yer maydonlari — 3,83 ga, jami — 4,0 ga yer maydoni fuqaro X. Isayevga Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 22-moddasiga asosan doimiy foydalanish uchun biriktirib berilgan.
Keyinchalik, fuqaro X. Isayev va A. Tojiboyev oʻrtasida 2008-yil 21-aprelda tuzilgan 101-sonli shartnomaga asosan qurilish egallagan maydon 2207,01 kv.m, foydali maydoni 170,23 kv.m boʻlgan, Quvasoy shahar, Chek 1 qishlogʻida joylashgan “Orom” dam olish maskanini fuqaro A. Tojiboyev sotib olgan.
Shundan keyin, 2010-yil 20-dekabrda Respublika koʻchmas mulk birjasida fuqaro A. Tojiboyev va “Transqurilishtamir-5” MChJ oʻrtasida 503-sonli “Koʻchmas mulk boʻyicha oldi-sotdi shartnoma”si tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra “Transqurilishtamir-5” MChJ fuqaro A. Tojiboyevdan 7 000 000 soʻmga qurilish egallagan maydon 2207,01 kv.m, foydali maydoni 2186,58 kv. m boʻlgan, Quvasoy shahar, Isfayramsoy (Chek) QFY Chek 1 qishlogʻida joylashgan “Orom” dam olish maskanini sotib olgan.
2013-yil 12-oktabrda “Transqurilishtamir-5” MChJ Quvasoy shahar hokimligiga 19/10-sonli xat bilan murojaat qilib, muddatsiz foydalanish uchun ajratilgan erning ishlov berilmagan 1 gektarini zaxiraga olish, qolgan 3 gektarini dam olish maskaniga biriktirib berishni soʻragan.
Quvasoy shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha yer uchastkalarini ajratish va tanlash komissiyasining 2014-yil 20-maydagi xulosasida “Orom” dam olish maskani “Transqurilishtamir-5” MChJga tegishli ekanligi, foydalanishida 41654,0 kv.m yer maydoni mavjudligi, biroq mazkur yer maydoni belgilangan tartibda MChJga foydalanish uchun biriktirib berilmaganligi, MChJ yer maydonlaridan samarasiz foydalanayotganligi, kamchiliklar bartaraf etilmasa yer maydoni shahar hokimligi zaxira yerlari hisobiga qaytarish lozimligi bayon qilingan.
Shundan keyin, 2014-yil 19-iyunda Quvasoy shahar hokimining 280-sonli qarori qabul qilinib, unga koʻra “Orom” dam olish maskani hududidagi jami 4,16 ga yer maydonidan “Transqurilishtamir-5” MChJga 2,23 ga yer maydoni dam olish maskani sifatida doimiy foydalanish uchun biriktirib berilib, samarasiz foydalanilayotgan 1,96 ga yer maydoni shahar hokimligi zaxira yerlari hisobiga qaytarilgan. Natijada mazkur nizo kelib chiqqan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 22-moddasining uchinchi qismiga koʻra korxona, bino, inshoat yoki boshqa koʻchmas mol-mulk joylashgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqining boshqa shaxsga oʻtishi mulkdorlarning yoki ular vakolat bergan organlar hamda shaxslarning tegishincha shartnomalari, qarorlari asosida tuman, shahar yer-kadastr daftariga erning yangi egasi yoki erdan yangi foydalanuvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish va ularga yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, undan doimiy foydalanish yoki yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjatlarini topshirish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Respublika koʻchmas mulk birjasida 2010-yil 20-dekabrda tuzilgan 503-sonli “Koʻchmas mulk boʻyicha oldi-sotdi shartnoma”siga koʻra “Transqurilishtamir-5” MChJ fuqaro A. Tojiboyevdan Quvasoy shahar, Isfayramsoy (Chek) QFY Chek 1 qishlogʻida joylashgan qurilish egallagan maydon 2207,01 kv.m, foydali maydoni 2186,58 kv.m boʻlgan, “Orom” dam olish maskanini sotib olgan boʻlib, biroq mazkur shartnomada Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 482-moddasining birinchi qismida belgilanganidek “Orom” dam olish maskani hududidagi jami 4,16 ga yer maydoni unga berilishi yoki topshirilishi belgilanmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 33-moddasiga koʻra Yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati, Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini beruvchi davlat hujjati, Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati, Yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi, yer uchastkasi ijarasi shartnomasi yoki yer uchastkasidan muddatli foydalanish shartnomasi, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisidagi guvohnoma yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlardir.
“Transqurilishtamir-5” MChJ tuman hokimining qarori bilan zaxiraga qaytarilgan yer maydoni unga tegishli ekanligini bayon qilgan boʻlsa-da, biroq mazkur yer maydoni unga Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 22-moddasida belgilangan tartibda biriktirib berilganligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim qilmagan va isbotlamagan.
Qolaversa, Quvasoy shahar hokimining 2014-yil 19-iyundagi 280-sonli qarori bilan “Transqurilishtamir-5” MChJga biriktirib berilgan yer maydonlariga boʻlgan huquq bekor qilinmagan, balki “Orom” dam olish maskani hududidagi jami 4,16 ga yer maydonidan unga 2,23 ga yer maydoni dam olish maskani sifatida doimiy foydalanish uchun biriktirib berilib, samarasiz foydalanilayotgan 1,96 ga yer maydoni shahar hokimligi zaxira yerlari hisobiga qaytarish haqida qaror qabul qilingan.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab daʼvoni rad etish haqida, apellatsiya instansiyasi sudi esa hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan va sud qarorlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos yoʻq deb hisoblaydi.
Bunday holatda sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 592 000 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatlarini “Transqurilishtamir-5” MChJ zimmasida qoldirib, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini unga yuklashni lozim topadi.
2016-yil 19-yanvar,
15-1506/18895-son
