Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa - ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak (18-1505/23213-son)
04.01.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“SYNECTA a.s - KUSHON INVEST MChJ – NDM” doimiy muassasasi (bundan buyon matnda - daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “NASAF INGENERING” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan (bundan buyon matnda - javobgar) 575 700 000 soʻm asosiy qarz, 57 570 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 575 700 000 soʻm qarz va 25 000 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasida koʻrilmagan.
Javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda xoʻjalik ishi bir tomonlama qoʻrib chiqilganligi, 25 000 000 soʻm penya undirish toʻgʻrisida notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinganligi bayon qilinib, penya hisob-kitobini qaytadan koʻrib chiqib, 25 000 000 soʻm penyani 11 413 480 soʻmga kamaytirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini esa oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2015-yil 16-fevralda 29-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnoma shartlariga koʻra daʼvogar javobgarga qishloq xoʻjaligi texnikalari shinasini yetkazib berish, javobgar esa yetkazib berilgan mahsulotni qabul qilish va uning qiymatini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Javobgar tomonidan daʼvogarga 330 000 000 soʻm toʻlov amalga oshirilgan.
Daʼvogar tomonidan 2015-yil 1-mayda 905 700 000 soʻmlik shina mahsuloti javobgarga yetkazib berilgan.
Shartnomaning 3.1-bandiga muvofiq javobgar 2015-yil 1-avgust kuniga qadar daʼvogarga qolgan 70 % toʻlovni, yaʼni 575 700 000 soʻm toʻlovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Biroq, javobgar daʼvogarga 2015-yil 28-sentabr kuniga qadar, yaʼni sudga daʼvogar daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan kuniga qadar 557 700 000 soʻm qarzni toʻlab bermagan.
Buning oqibatida, daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan 2015-yil 16-fevraldagi 29-sonli shartnoma boʻyicha javobgarning daʼvogar oldida 575 700 000 soʻm qarzdorligi paydo boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 236-moddasiga koʻra majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
FK 437-moddasiga muvofiq mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi-sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda oʻzi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, roʻzgʻorda va shunga oʻxshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi.
Javobgarning daʼvogar oldidagi 575 700 000 soʻm qarzi ish hujjatlari, yaʼni shartnoma, hisob-faktura va boshqa dalillar bilan oʻz tasdigʻini topganligi sababli, birinchi instansiya sudi daʼvoning 575 700 000 soʻm qarzni undirish talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Shartnomaning 5.4-bandida mahsulot uchun toʻlov kechiktirilganda, xaridor (javobgar) bajarilmagan majburiyat qiymatidan har bir kechiktirilgan kun uchun 0,4 % miqdorida penya toʻlashi, bunda penyaning miqdori kechiktirilgan toʻlovning 10 % oshmasligi nazarda tutilgan.
Shundan kelib chiqib, daʼvogar daʼvosida javobgardan majburiyat bajarilishi kechiktirilganligi bois, 2015-yil 1-avgustdan 2015-yil 28-sentabr kuniga qadar boʻlgan davr uchun 57 570 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
FK 326-moddasiga muvofiq agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Shu bois, birinchi instansiya sudi FK 326-moddasiga asoslanib, kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga mutanosibligini, majburiyatni bajarish darajasini muhokama qilib, asosli ravishda undirilishi soʻralgan 57 570 000 soʻm penyani 25 000 000 soʻm miqdoriga qadar kamaytirgan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida keltirgan penya miqdori notoʻgʻri belgilanganligi toʻgʻrisidagi vaji bilan kelishib boʻlmaydi, chunki shartnoma shartlarida javobgar 70 % toʻlovni, yaʼni 2015-yil 1-avgust kuniga qadar toʻlab berishi lozimligi, toʻlov kechiktirilsa har bir kechiktirilgan kun uchun 0,4 % penya toʻlanishi nazarda tutilgan hamda 2015-yil 1-avgustdan 2015-yil 28-sentabr kuniga qadar, yaʼni daʼvo taqdim etilgan kunga qadar penya miqdori 57 570 000 soʻmni tashkil etadi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini undirish masalasini muhokama qilib javobgardan 57 068 soʻm davlat boji undirishni, 7 000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2016-yil 4-yanvar,
18-1505/23213-son
