Sud oʻz tashabbusi bilan oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllashga haqli (17-1511/12853-son)
25.01.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Savdo-sanoat Palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — Palata) “UzAndtransport” MChJ manfaatida (bundan buyon matnda – daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Bino yoʻl umum qurilish” MChJdan (bundan buyon matnda — MChJ) 159 815 355 soʻm asosiy qarz va 25 096 020 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 159 815 355 soʻm asosiy qarz va 12 548 010 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 159 815 355 soʻm asosiy qarz undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida taraflar oʻrtasida bajarilgan ishlar dalolatnomasi tuzilmaganligi va masʼul shaxslar tomonidan imzolanmaganligi, transport vositalarini topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuzilmaganligi holatiga sudlar tomonidan eʼtibor berilmaganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda — FK) 535-moddasiga koʻra mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi.
Ishdagi xujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2015-yil 6-mayda 06-05/15-sonli ijara shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan daʼvogar oʻziga tegishli boʻlgan “Ekskavator gusenichniy Samsung MX-352 (kovsh 1,5 kub.m)”, “Ekskavator gusenichniy Samsung MX-292 (kovsh 1,2 kub.m)”, “Avtogreyder D3 143”, “Pogruzchik (1,6 m.kub, 2013 g. v.)”, “Avtokran MAZ 5334 (10 tonn)”, “Vodovoz KAMAZ 53212 (10 tonn)”, “Samosval Sinoturk (25 tonn)”, “Samosval Sinoturk (25 tonn)” mexanizm va texnikalarni (bundan buyon matnda — transport vositalari) javobgarga foydalanish uchun ijaraga berish, javobgar esa transport vositalaridan foydalangani uchun 131 000 000 soʻm ijara haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Shartnomaning 2.3-bandiga asosan javobgar olindan shartnoma qiymatining 15 foizi miqdorida, yaʼni 19 650 000 soʻm toʻlovlarni amalga oshirishi, 3.2-bandiga asosan daʼvogar transport vositalarini javobgarga tegishli hujjatlar bilan topshirish majburiyatini olgan.
Shartnomaga asosan daʼvogar majburiyatlarini bajarib, 2015-yil 10-maydagi topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan 6 turdagi transport vositalarini javobgarga topshirgan.
Daʼvogar tomonidan 2015-yil 31-maydagi 6-sonli hisob-faktura bilan 63 699 972 soʻm, 2015-yil 30-iyundagi 11-sonli hisob-faktura bilan 74 153 840 soʻm, 2015-yil 31-iyuldagi 13-sonli hisob-faktura bilan 30 461 543 soʻm ijara haqini toʻlash uchun javobgarga topshirilgan boʻlsada, javobgar tomonidan 8 500 000 soʻm toʻlov amalga oshirilgan, qolgan 159 815 355 soʻm ijara haqi toʻlanmagan.
Shu sababli, Palata daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 159 815 355 soʻm asosiy qarz va toʻlov muddati kechiktirilgan kunlar uchun shartnomaning 5.1-bandiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasiga asosan 25 096 020 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogar tomonidan javobgarga vaqtincha foydalanish uchun transport vositalari ijaraga berilganligi, lekin javobgar tomonidan ijara haqi toʻlab berilmaganligi, ijara haqining muddati toʻlamaganligi sababli daʼvogarning javobgardan penya undirish talabi asosli deb hisoblab, javobgardan daʼvogar foydasiga 159 815 355 soʻm asosiy arz va penya miqdorini FKning 326-moddasiga asosan 12 548 010 soʻmga kamaytirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
FKning 565-moddasi ikkinchi qismiga koʻra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtotransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Mulk ijarasi shartnomasi toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2011-yil 1-dekabrdagi 234-sonli qarorining 14-bandida transport vositalarini ijaraga berish shartnomasi ijara shartnomasining alohida turi hisoblanadi va u yozma shaklda tuzilishi shartligi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerakligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 38-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3-bandi mazmunidan kelib chiqib, avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalari notarial tasdiqlanishi, notarial tasdiqlangan avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organida hisobga olinishi kerakligi toʻgʻrisida sudlarga tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2006-yil 7-martdagi qarorining 3-bandida avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalari notarial tasdiqlanishi va notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalari Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida hisobga olinishi belgilangan.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan taraflar oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasi notarial tasdiqlanmaganligi va Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi holatiga huquqiy baho berilmagan.
FKning 112-moddasi birinchi qismiga koʻra bitimning notarial shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi.
FKning 114-moddasi koʻra haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Mazkur qonun normalaridan kelib chiqib, apellatsiya instansiya sudi taraflar oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasini haqiqiy emas deb topib, uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllab, javobgardan daʼvogarga 159 815 355 soʻm undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, FKning 113-moddasiga asosan sud oʻz tashabbusi bilan oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimning haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllashga haqli.
Garchand, javobgar kassatsiya shikoyatida “taraflar oʻrtasida transport vositalarini topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmaganligi, bajarilgan ishlar yuzasidan dalolatnomalar tuzilmaganligi” haqidagi vajlarni keltirgan boʻlsada, sudlov hayʼati ushbu vajlar bilan kelishmaydi. Chunki, taraflar oʻrtasida tuzilgan 2015-yil 10-maydagi topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan javobgar 6 turdagi transport vositalarini qabul qilib olgan. Bundan tashqari, transport vositalaridan foydalangani uchun daʼvogar tomonidan javobgarga 168 315 355 soʻm ijara haqini toʻlash uchun hisob-fakturalar taqdim etilgan boʻlib, javobgar tomonidan ushbu hisob-fakturalar eʼtirozsiz qabul qilib olingan va masʼul shaxs tomonidan imzolangan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilib, asoslantirilgan sud hujjati qabul qilingan deb hisoblab, sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilishi bilan bogʻliq toʻlangan 799 077 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 125 480 soʻm davlat bojini qaytarishni, sud majlisini videkonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini undan undirishni lozim topadi.
2016-yil 25-yanvar,
17-1511/12853-son
