Xoʻjalik shartnomasi bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan yozma shaklda tuziladi (15-1507/22519-son)
01.02.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Fargʻona shahar Arxitektura va qurilish boshqarmasi (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Fargʻona viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi hizmati injenering kompaniyasidan” (bundan buyon matnda — javobgar) 6 409 380 soʻm asosiy qarz, 961 407 soʻm jarima, 384 563 soʻm yetkazilgan zarar jami 7 755 350 soʻm undirishni soʻragan.
Sudning 2015-yil 9-oktabrdagi ajrimi bilan Fargʻona viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 27-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 6 409 380 soʻm asosiy qarz undirilgan. Daʼvo talablarining qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda daʼvogar bilan shartnoma tuzilmaganligi, mazkur holatda taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma Gʻaznachilik boshqarmasidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va shundan soʻnggina moliya boshqarmasi tomonidan mablagʻ ajratilishi belgilanganidan kelib chiqib, ushbu daʼvoda koʻrsatilgan ishlar uchun pul mablagʻi ajratilmaganligi sababli, hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, javobgar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-noyabrdagi PQ-1641-sonli qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida 2014-yil Fargʻona shahrida qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital taʼmirlanishi rejalashtirilayotgan obyektlar uchun Arxitektura-rejalashtirish topshiriqnomalari hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam berishni soʻrab daʼvogarga xat orqali murojaat qilgan.
Daʼvogar tomonidan bajarilgan ishlar javobgar vakiliga tilxat orqali topshirilgan.
2013-yilda 11 ta, 2014-yilda 5 ta va 2015-yilda 5 ta jami 20 ta obyektlarga tayyorlangan Arxitektura-rejalashtirish topshiriqnomalari hujjatlari tayyorlash xizmatlari uchun javobgar tomonidan daʼvogarga haq toʻlanmagan.
Daʼvogarning bergan talabnomalari javobgar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilganligi uchun, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz, jarima, zarar undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talablarini qisman qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 122-moddasiga koʻra, yuridik majburiyatlar iqtisodiy tasnif kodlari boʻyicha budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan qabul qilinadi hamda gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan ijro etilishi lozim boʻlgan yuridik majburiyatlar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan daromadlar va xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan ajratilgan mablagʻlar doirasida hisobga olish uchun qabul qilinadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ular gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar yuridik majburiyatlar yuzaga kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun joriy moliya yilining 25-dekabridan kechiktirmay taqdim etadi.
Javobgar budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ish yurituvchi yuridik shaxs hisoblanib, nizo kelib chiqqan ishlarni bajarish boʻyicha budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanishi lozim boʻlgan. Lekin, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan 20 ta tashkilotda rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib borish Davlat dasturiga kiritilmaganligi va moliya organlaridan mablagʻlar ajratilmaganligi bois, toʻlovlar amalga oshirilmagan. Bundan tashqari ushbu 20 ta Arxitektura-rejalashtirish topshiriqnomalari hujjatlari tayyorlash xizmatlari koʻrsatish yuzasidan daʼvogar va javobgar oʻrtasida shartnomalar tuzilmagan va roʻyxatdan oʻtkazilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2009-yil 18-dekabrdagi 203-sonli qarorining 8-bandi yettinchi qismiga koʻra, agar taraflarning shartnomaviy huquqiy munosabatlarga kirishganligi yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlansa, shartnomaning mavjud emasligi daʼvogarning yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar qiymatini undirish haqidagi talablarini qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelishi toʻgʻridan toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, ushbu qoida qoʻllanilmaydi.
Javobgar tomonidan daʼvogarga ishlarni bajarib berishi yuzasidan xat bilan murojaat etilgan va daʼvogar tomonidan bajarilgan ishlar javobgar vakiliga tilxat orqali topshirilgan boʻlsada, biroq, taraflar oʻrtasida yozma shakldagi shartnoma tuzilmaganligi va uning Gʻaznachilik boshqarmasidan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi taraflar oʻrtasida shartnoma tuzilmaganligini va qarzdorlik yuzaga kelmaganligini bildiradi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlarini normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 203-sonli qarorining 8-bandida “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga koʻra xoʻjalik shartnomasi bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan yozma shaklda tuzilishi, notarial tasdiqlanishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, notarial tasdiqlanishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi zarur boʻlganda esa — shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran shartnoma tuzilgan hisoblanishi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Daʼvogar tomonidan taraflar oʻrtasida yozma shakldagi shartnoma tuzilganligi va lozim darajada roʻyxatdan oʻtkazilganligi holatlari isbotlab berilmagan.
Ushbu holatda sudlov hayʼati daʼvogar tomonidan bajarilgan ishlar uchun javobgardan 6 409 380 soʻmni qarz sifatida undirishni talab etishi asossiz deb hisoblaydi. Bundan tashqari, daʼvo arizada 961 407 soʻm jarima, 384 563 soʻm yetkazilgan zarar undirish ham soʻralgan. Biroq, 6 409 380 soʻm asosiy qarzni undirish talabi rad etilganligi hamda 961 407 soʻm jarima, 384 563 soʻm zarar undirish talablari asoslantirib berilmaganligi bois, daʼvoning ushbu talablarini ham rad etish lozim boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Shu bois, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishi, oldindan toʻlangan 130 240 soʻm davlat boji va 3000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni, daʼvogardan javobgarga 65 120 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatini, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi foydasiga undirishni lozim topadi.
2016-yil 1-fevral,
15-1507/22519-son
