Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yilda kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
28.01.2016
MAʼLUMOT
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2016-yil ish rejasiga asosan Oliy xoʻjalik sudining 2015-yilda kassatsiya instansiyasida koʻrilgan ishlar yuzasidan sud amaliyoti tahlil qilindi.
1. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyekti manfaatida xoʻjalik sudiga kiritilgan daʼvo arizasi boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, taraflar nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etgan-etmaganligidan qatʼi nazar, u mazmunan koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) OATB “Mikrokreditbank” (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) manfaatida Surxondaryo viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Janub davr mirishkor” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) va “Surxondaryodonmahsulotlari” AJdan (bundan buyon matnda kafil deb yuritiladi) 2 700 000 soʻm kredit qarzi va 411 194 soʻm kredit foizini undirishni, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, bank va javobgar oʻrtasida 2013-yil 18-martda gʻalla hosilini yetishtirish uchun mineral oʻgʻit sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, bank oʻn ikki oy muddatga yillik 18 foiz ustama haq toʻlash sharti bilan jami 2 704 320 soʻm kredit ajratishi, javobgar esa kredit va unga hisoblangan foizlarni belgilangan miqdorda va muddatda qaytarish majburiyatini olgan.
Kredit mablagʻi qaytarilishining taʼminoti sifatida 2013-yil 18-martda bank, javobgar va kafil oʻrtasida kafillik shartnomasi imzolangan.
Bank shartnomada belgilangan miqdordagi kreditni ajratgan. Biroq, javobgar kredit qarzini qaytarmagan. Kredit qarzi va kredit foizini shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berish toʻgʻrisidagi talabnomalar javobgar tomonidan oqibatsiz qoldirilgan.
Shu sababli, Palata bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar va kafildan 2 700 000 soʻm kredit qarzi va 411 194 soʻm kredit foizini undirishni, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiyasi sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasidagi kredit qarzini undirish talabi javobgar tomonidan kredit qarzi toʻliq toʻlab berilganligi uchun qanoatlantirilmasdan rad etilgan, shartnomani bekor qilish talabi koʻrmasdan qoldirilgan. Sudning shartnomani bekor qilish talabini koʻrmasdan qoldirishiga bu talab boʻyicha nizoni sudgacha hal qilish tartibiga, yaʼni shartnomani bekor qilish yuzasidan javobgarga talabnoma yuborilmaganligi asos qilib keltirilgan.
XPK 6-moddasining ikkinchi qismiga koʻra agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, taraflar oʻzaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini koʻrganlaridan soʻnggina xoʻjalik sudida ish qoʻzgʻatish mumkin. Bunda prokuror, davlat organlari va boshqa organlarning arizalari boʻyicha ish qoʻzgʻatish taraflar yuqoridagi choralarni koʻrgan-koʻrmaganliklaridan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi “Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 203-sonli qarorning 19-bandiga asosan, ushbu toifadagi nizolarni hal etishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, XPK 6-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, nizo mazkur tartibga rioya etilganidan soʻnggina sudga koʻrib chiqish uchun topshirilishi mumkin. Shu sababli bunday toifadagi nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilmaganligi XPK 88-moddasining 5-bandiga muvofiq daʼvoni koʻrmasdan qoldirish uchun asos hisoblanadi. Bunda prokuror, davlat organlari va boshqa organlarning arizalari boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, taraflar yuqoridagi choralarni koʻrgan-koʻrmaganliklaridan qatʼi nazar, u mazmunan koʻrib chiqilishi lozim.
Ushbu holatda, kredit shartnomasini bekor qilish haqidagi daʼvo Palata tomonidan berilgan boʻlsada, sud mazkur daʼvo talabi bilan murojaat qilishdan oldin talabnoma yuborish tartibiga rioya qilinmaganligiga asoslanib, daʼvoning ushbu talabini koʻrmasdan qoldirib xatolikka yoʻl qoʻygan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorining kredit shartnomasini bekor qilish talabini koʻrmasdan qoldirish qismini bekor qilib, ushbu talabni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilgan.
2. Sud buyrugʻi apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilmaydi. Shu bois sud buyrugʻi ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
“Maftun-Muxlis” MChJ (bundan buyon matnda kreditor deb yuritiladi) va “Yuggazspetsmontaj” unitar korxonasi (bundan buyon matnda qarzdor deb yuritiladi) oʻrtasida 2015-yil 29-yanvarda shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnoma shartlariga muvofiq kreditor oʻz majburiyatlarini bajarib, qarzdorga 100 507 661 soʻmlik mahsulot yetkazib bergan. Lekin, qarzdor tomonidan mahsulotlar haqi toʻlab berilmagan va natijada kreditor oldida 100 507 661 soʻm debitorlik qarzi vujudga kelgan. Ushbu debitorlik qarzi taqqoslash dalolatnomasi bilan tasdiqlagan.
Shu bois kreditor xoʻjalik sudiga ariza bidan murojaat qilib, qarzdordan 100 507 661 soʻm debitorlik qarzini undirish haqida sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi kreditorning arizasini qanoatlantirib, qarzdordan kreditor foydasiga 100 507 661 soʻm debitorlik qarzini undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi bergan.
Qarzdor xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, sud buyrugʻini bekor qilishni soʻragan. Arizada 2015-yil 30-iyun holatiga qarzdorning kreditor oldida 100 507 661 soʻm qarzdorligi mavjud boʻlganligi, biroq 2015-yil 25-iyuldagi 682-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 15 000 000 soʻm, 2015-yil 17-avgustdagi 732-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 25 000 000 soʻm kreditorga toʻlab berilganligi, 2015-yil 4-sentabr holatiga 60 507 661 soʻm qarzi qolganligi, biroq sud ijrochilari tomonidan sud buyrugʻi berilgan kunga qadar toʻlangan 40 000 000 soʻm inobatga olinmayotganligi bildirilgan.
Sudning ajrimi bilan qarzdorning arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Qarzdor sud buyrugʻidan norozi boʻlib, kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Biroq, XPKda xoʻjalik sudi tomonidan berilgan sud buyrugʻi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilinishi nazarda tutilmagan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi “Sud buyrugʻi berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 254-son qarorining 17-bandiga koʻra, sud buyrugʻi apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilmaydi. Shu bois, sud buyrugʻi ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni lozim topgan.
3. Yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudiga qilgan shikoyatlari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.
“Qashqadaryo maxsus montaj-KMUS” MChJ (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatdan va moliyaviy taʼminlash Departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) Yashnaobod tuman boʻlimi sud ijrochilarining xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni noqonuniy deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 9-martdagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi arz qilingan talabni asosli ravishda qanoatlantirishni rad etgan. Ammo, daʼvogardan Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 1 184 000 soʻm davlat boji undirishda xatolikka yoʻl qoʻygan.
Chunki, Soliq kodeksi 330-moddasining 25-bandiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudlariga qilgan shikoyatlari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorining daʼvogardan 1 184 000 soʻm davlat boji undirish qismini bekor qilib, uning qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
4. Hokimiyat budjet tashkiloti boʻlganligi sababli, unga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan u faqat xarajatlar smetasida koʻrsatilgan maqsadlardagina foydalanishi mumkin. Shu bois, hokimiyat uchinchi shaxslar oʻrtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha kafil boʻla olmaydi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) “Asakabank” DAT (bundan buyon matnda Bank deb yuritiladi) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar “Zamin kommunal servis” XUJMSh (bundan buyon matnda Shirkat deb yuritiladi) va Yunusobod tuman xokimiyatidan (bundan buyon matnda Hokimiyat deb yuritiladi) solidar tartibda 5 249 998 soʻm kredit qarzini, 1 750 002 soʻm muddati kelgan qarzni va 315 745 soʻm kredit foizini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, Shirkat va Hokimiyatdan Bank foydasiga solidar tartibda 5 249 998 soʻm kredit qarzi, 1 750 002 soʻm muddati kelgan qarzi va 315 745 soʻm kredit foizi undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan aniqlanishicha, Bank va Shirkat oʻrtasida 2013-yil 22-noyabrda kredit shartnomasi tuzilgan boʻlib, unga koʻra, Bank Shirkatga 7 000 000 soʻm kreditni uy-joylarni joriy va kapital taʼmirlash, zarur jihoz va materiallar sotib olish uchun yillik 8% ustama toʻlash sharti bilan ikki yil muddatga ajratish, Shirkat esa ajratilgan kredit summasini qaytarish va unga hisoblangan foizlarni shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berish majburiyatini olgan.
Bank, Shirkat va Hokimiyat oʻrtasida kredit taʼminoti sifatida 2013-yil 22-noyabrda kafillik shartnomasi tuzilgan.
Kafillik shartnomasiga koʻra, Hokimiyat (kafil) kafillik bilan taʼminlangan majburiyatlar qarzdor tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda kreditorning birinchi talabiga asosan kredit toʻlovlarini, foizlarni va boshqa toʻlovlarni kredit shartnomasidagi qarzdorning majburiyatlari bilan belgilangan muddat va miqdorda toʻlash majburiyatini olgan.
Bank tomonidan Shirkatga 7 000 000 soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan.
Kredit shartnomasining 7.1-bandida oʻz vaqtida kredit boʻyicha asosiy qarz va foizlar toʻlanmaganda, Bank kredit boʻyicha asosiy qarz va foizlarni muddatidan oldin undirishi mumkinligi belgilangan.
Kredit shartnomasi shartlari Shirkat tomonidan tegishli ravishda bajarilmasdan, kredit mablagʻi va foiz toʻlovlari shartnomada belgilangan muddatlarda qaytarilmagan.
Shu sababli, Palata Bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
FKning 744-moddasiga binoan kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi.
Birinchi instansiya sudi Shirkatdan Bank foydasiga 5 249 998 soʻm kredit qarzi, 1 750 002 soʻm muddati kelgan kredit qarzi va 315 745 soʻm kredit foizini undirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Adliya vazirligida 2014-yil 15-dekabrda 2634-son bilan roʻyxatga olingan Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1 va 9-bandlariga koʻra, budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan xarajatlari budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida va ularning xarajatlar smetalarida koʻrsatilgan maqsadlarda amalga oshiriladi. Xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan ularga tegishli moliya yili uchun yetkazilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmi doirasida tuziladi.
Bundan koʻrinib turibdiki, Hokimiyat budjet tashkiloti boʻlganligi uchun unga ajratilgan budjet mablagʻlaridan faqat xarajatlar smetasida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanishi mumkin. Shu bois, uchinchi shaxslar oʻrtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlar yuzasidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha hokimiyatning kafil boʻlishi qonun hujjatlariga ziddir.
FKning 116-moddasiga binoan qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Biroq, birinchi instansiya sudi moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, qarzdorlikni Shirkat va Hokimiyatdan solidar tartibda undirish haqida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirib, 5 249 998 soʻm kredit qarzi, 1 750 002 soʻm muddati kelgan qarz va 315 745 soʻm kredit foizini Shirkatdan Bank foydasiga undirishini lozim topgan.
5. Kafil kreditor oldidagi qarzdorning majburiyatlari boʻyicha kafillik shartnomasida koʻrsatilgan qiymat miqdorida javobgar boʻladi.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Jizzax viloyat filiali (bundan buyon matnda lizing kompaniyasi deb yuritiladi) va “Qutoliboy” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) oʻrtasida 2006-yil 10-yanvarda lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, lizing kompaniyasi 2-PTS-4-793A-03 rusumli 1 dona tirkamani javobgarning buyurtmasi asosida “Toshkent traktor zavodi” aksiyadorlik jamiyatidan sotib olish va lizing shartnomasida belgilangan tartibda haq evaziga egalik qilish, foydalanish uchun kelgusida sotib olish huquqi bilan javobgarga berish, javobgar esa lizing kompaniyasiga lizing toʻlovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlab berish majburiyatini olgan.
Lizing shartnomasining taʼminoti sifatida lizing kompaniyasi, javobgar va “Jamilaxon Tursunova” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda kafil deb yuritiladi) oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan.
Lizing kompaniyasi tomonidan shartnoma majburiyatlari toʻliq bajarilib, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida javobgarga lizing obyekti topshirilgan. Biroq, javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim daraja bajarilmagan va natijada 2013-yil 1-noyabr holatiga, uni lizing kompaniyasi oldidagi qarzi 10 881 436 soʻmni tashkil etgan.
Shu sababli, lizing kompaniyasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar va kafildan 10 881 436 soʻm asosiy qarz va 5 440 718 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ishga “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi daʼvogar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgar va kafildan “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi foydasiga solidar tartibda 10 881 436 soʻm asosiy qarz va 816 107 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
FK 292-moddasining birinchi qismiga asosan kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi.
Birinchi instansiya sudi kafillik shartnomasining 3-bandida daʼvoni qisman qanoatlantirib, javobgar va kafildan lizing kompaniyasi foydasiga solidar tartibda 10 881 436 soʻm asosiy qarz, 816 107 soʻm penya undirib notoʻgʻri xulosaga kelgan. Chunki, taraflar oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasining 3-bandida kafil javobgar oʻz majburiyatlarini bajarmaganda, majburiyatlarning 3 195 452 soʻmlik qismini bajarishni oʻz zimmasiga olgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirib, uning “kafildan daʼvogar foydasiga 10 881 436 soʻm asosiy qarz va 816 107 soʻm penya undirilsin” soʻzlarni, “kafildan daʼvogar foydasiga 3 195 452 soʻm undirilsin” degan soʻzlarga oʻzgartirishni lozim topgan.
Sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha quyidagi tavsiyalar beriladi.
Xoʻjalik sudi sudyalari:
sud ijrochilariga nisbatan sud hujjatlarini ijro etmaganligi uchun javobgarlik masalasini hal etish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudiga taalluqli emas. Shu sababli, bunday talab bilan murojaat qilinganda, daʼvoni qanoatlantirish rad etilmasligiga, balki nizo boʻyicha ish yuritish tugatilishiga;
jamiyat direktori, jamiyat boshqaruvi aʼzolari, ishonchli boshqaruvchi hamda jamiyat oʻrtasida tuzilgan shartnoma boʻyicha yuzaga keladigan nizo jamiyat faoliyatidan kelib chiqsada, nizo mehnat munosabatlaridan kelib chiqqanligi sababli, xoʻjalik sudiga taalluqli emasligiga;
javobgar zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklash haqidagi talablar xoʻjalik sudi sudloviga taalluqliligiga;
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi yoki uning hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyekti manfaatida xoʻjalik sudiga kiritilgan daʼvo arizasi boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, taraflar nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etgan-etmaganligidan qatʼi nazar, u mazmunan koʻrib chiqilishiga;
agar davlat soliq xizmati organi tomonidan Soliq kodeksi 54-moddasining uchinchi qismiga asosan moliyaviy jarimani boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilgan boʻlsa, muddat tugamasdan davlat soliq xizmati organi sudga moliyaviy jarima qoʻllash haqida ariza bilan murojaat qilganda, ariza XPK 118-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq qaytariladi, ushbu holat ariza ish yurituvga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, XPK 88-moddasining 5-bandiga muvofiq ariza koʻrmasdan qoldirilishiga;
sud buyrugʻi apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilmaydi. Shu bois sud buyrugʻi ustidan berilgan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati, yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi. Agar shikoyat yoki ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatilishiga;
yuridik va jismoniy shaxslar sud ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan xoʻjalik sudlariga qilgan shikoyatlari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishiga;
mulk huquqini tan olish toʻgʻrisida daʼvo arizasi berilgan boʻlib, daʼvogarda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni boshqacha tarzda olishning imkoniyati mavjud boʻlsa, bunday daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilishiga;
daʼvo arizasi mexanik yoki boshqa nusxa koʻchirish vositalari orqali imzolanishiga qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yoʻl qoʻyilmaydi. Aks holda, daʼvo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishiga, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan koʻrmasdan qoldirilishiga;
agar garov bilan taʼminlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas boʻlsa va shu tufayli garovga oluvchining talablarining miqdori garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatiga mutlaqo mos kelmasa, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkinligiga, ammo qonunda belgilangan hollar bundan mustasnoligiga;
hokimiyat budjet tashkiloti boʻlganligi sababli, unga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan u faqat xarajatlar smetasida koʻrsatilgan maqsadlardagina foydalanishi mumkin. Shu bois, hokimiyat uchinchi shaxslar oʻrtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha kafil boʻla olmasligiga;
kafil kreditor oldidagi qarzdorning majburiyatlari boʻyicha kafillik shartnomasida koʻrsatilgan qiymat miqdorida javobgar boʻlishiga;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini tan olish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda, daʼvogar qurilgan imoratlar arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi, imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining buzilishiga sabab boʻlmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligini isbotlab berishi lozimligiga;
yuridik shaxs FK 53-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollardagina sudning qaroriga muvofiq tugatilishi mumkinligiga;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish toʻgʻrisida shartnoma tuzilganda, bunday shartnomalar notarial tasdiqlanishi kerakligiga;
banklar tomonidan qonunlarda nazarda tutilgan ehtiyojlar uchun oʻz vaqtida naqd pul bermaganlik uchun mijozlarga ular hisobvaraqlarida mablagʻ boʻlganida bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,005 foizi miqdorida jarima toʻlashiga;
davlatga tegishli bino va inshootlar investitsiya majburiyatlari kiritish evaziga sotilganda, sotib oluvchi tomonidan kiritilgan investitsiya boʻyicha majburiyat bajarilganligi maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilib hamda uning ijobiy xulosasi olingandan soʻng davlat mulkini boshqarish organining mulkiy huquqni tasdiqlovchi Davlat orderini berish majburiyati vujudga kelishiga;
FKning 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u aybsiz deb topilishiga alohida eʼtibor qaratishlari kerak.
2016-yil 28-yanvar.
