Xoʻjalik sudlari tomonidan 2015-yilda davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan
28.04.2016
maʼlumot
[Koʻchirma]
Oliy xoʻjalik sudining 2016-yillik ish rejasining Oliy xoʻjalik sudi Rayosati muhokamasiga kiritiladigan masalalar boʻlimining 5-bandiga asosan 2015-yilda davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish bilan bogʻliq xoʻjalik sudlari tomonidan taqdim etilgan (455 ta) ish va ular yuzasidan oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
1. Davlat organining nizoli hujjati qonun hujjatlariga muvofiqligini davlat organi isbotlagan holda, arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 6-avgustdagi 23-A/28-sonli qarori bilan “Leader Mortgage Investment” kredit uyushmasining kredit uyushmasi faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasining amal qilishi tugatilgan.
Tugatishga doir ish yuritish yakunlanganligi munosabati bilan va tugatish boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan Markaziy bankning Kredit tashkilotlari va kredit byurolarini roʻyxatga olish va litsenziyalash komissiyasining 2012-yil 23-avgustdagi 36/5-sonli qarori bilan “Leader Mortgage Investment” kredit uyushmasi kredit uyushmalari davlat reyestridan chiqarilgan.
“Temiryo`l-Sug`urta” AJ (bundan buyon matnda arizachi deb yuritiladi) Markaziy bank komissiyasining ushbu qaroridan norozi boʻlib xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada komissiyaning 2012-yil 23-avgustdagi 36/5-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish soʻralgan.
Arizachi oʻz arizasida “Leader Mortgage Investment” kredit uyushmasi bilan tuzilgan “jamiyat fondiga ulush kiritish haqida”gi shartnomalar asosida arizachi 30 mln soʻm pul mablagʻlarini kredit uyushmasiga oʻtkazib berganligini, kredit uyushmasi tugatilishi munosabati bilan arizachi tugatish boshqaruvchisiga talabnoma bilan murojaat qilganligini, talabnoma boʻyicha berilgan javobga koʻra tugatish boshqaruvchisi tomonidan arizachining talabi toʻliq tan olinganligi va qarz summasi qonunda belgilangan tartibda qaytarib berilishini maʼlum qilganligini, biroq qarz summasi qaytarilmaganligini, bu esa kredit uyushmasi qonunda nazarda tutilgan tartibga rioya etmagan holda tugatilganligini vaj qilib koʻrsatgan.
XPK 55-moddasining birinchi qismiga koʻra ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Davlat organlari va boshqa organlarning hujjatlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar koʻrilganda ushbu hujjatlarning qabul qilinishiga asos boʻlgan holatlarni isbotlash majburiyati hujjatni qabul qilgan organ zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 19-apreldagi 10/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kredit uyushmalarini qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 65-bandida tugatish ishlari yakunlanganidan soʻng tugatuvchi tomonidan Markaziy bankka taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlarni roʻyxati keltirilgan. Ushbu Nizomning 66-bandiga koʻra Markaziy banki taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqib, qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan kredit uyushmalari boʻyicha Kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarish yoki kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ish koʻrilishi jarayonida “Leader Mortgage Investment” kredit uyushmasining tugatuvchisi tomonidan Markaziy bankka Nizomning 65-bandida koʻrsatilgan barcha hujjatlar taqdim etilganligi va Markaziy bank ushbu hujjatlarni koʻrib chiqib, tugatilgan kredit uyushmasini Kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatda Markaziy bankning Kredit tashkilotlari va kredit byurolarini roʻyxatga olish va litsenziyalash komissiyasining nizoli hujjati qonun hujjatlariga muvofiqligi Markaziy bank tomonidan isbotlangan. Shu sababli, sudning hal qiluv qarori bilan arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
2. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning davlat roʻyxatiga olinganligi holati (fakti) emas, balki uning asosida berilgan guvohnoma davlat organining hujjati hisoblanadi. Shu sababli, agar sudga huquqni davlat roʻyxatiga olinganligi holati (fakti)ni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilingan boʻlsa, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(10-1518/22604-sonli ish, birinchi instansiya sudida ish sudya U. Suyunov tomonidan koʻrilgan, apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya B. Shomaksudov)
2013-yil 30-dekabrda “Mega kapital plast” MChJ va “Profit projest management” MChJ oʻrtasida 2-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, “Mega kapital plast” MChJ (sotuvchi) “Profit projest management” MChJ (sotib oluvchi)ga Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Quruvchilar koʻchasi, 40 uyda joylashgan bino va inshootlarni sotgan. Ushbu shartnomaga asosan bino va inshootlar hamda yer uchastkasiga nisbatan sotib oluvchining huquqi kadastr xizmati tomonidan roʻyxatga olinib, tegishli guvohnomalar berilgan.
Xoʻjalik sudining 2015-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori bilan taraflar oʻrtasida tuzilgan 2-sonli koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinib, sotuvchining bino va inshootlar hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqi tiklangan (10-1503/12833-sonli ish).
Sudning ushbu hal qiluv qaroriga asosan “Toshkent shahar Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” DUK tomonidan 2015-yil 6-avgustda sotuvchining bino va inshootlarga hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatiga olinganligi haqida TS 0118524 va TS 0026905-sonli guvohnomalar berilgan.
“Profit projest management” MChJ kadastr xizmati tomonidan sotuvchining bino va inshootlarga hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatiga olinganligidan norozi boʻlib xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, davlat organi akti, yaʼni sotuvchining bino va inshootlarga hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqini davlat roʻyxatiga olinganligini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Arizada kadastr organi sudning 2015-yil 13-iyuldagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmasdan oldin “Mega kapital plast” MChJga 2015-yil 6-avgustda guvohnomalar berganligi, sudning ushbu hal qiluv qarori apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilib, “Toshkent shahar Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” DUKning “Mega kapital plast” MChJga tegishli Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Quruvchilar koʻchasi, 40 uyda joylashgan bino va inshootlarni 2015-yil 6-avgustda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqiqiy emas deb topilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom 2 va 74-bandlarining mazmuniga koʻra koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ yer uchastkalariga, binolar va inshootlarga, koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar berish yoʻli bilan yoki roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlanadi.
Bundan koʻrinadiki, davlat organining hujjati boʻlib koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatiga olinganligi holati emas, balki ushbu huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan guvohnoma hisoblanadi.
Shu bois, apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilgan.
Ish kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
3. Agar davlat organi mansabdor shaxsi xatti-harakatlarining natijalari boʻyicha yuridik yoki jismoniy shaxsga huquq va majburiyat keltirib chiqaruvchi qaror qabul qilinsa, bunday shaxs sudga davlat organi mansabdor shaxsining xatti-harakati ustidan emas, balki bunday xatti-harakat natijasida qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilishi mumkin.
(10-1515/18719-sonli ish, sudya B. Shomaksudov)
Xoʻjalik sudining “Sovplastital” AJdan (bundan buyon qarzdor deb yuritiladi) kreditorlar foydasiga qarz undirish haqidagi ijro hujjatlariga asosan Sud departamentining Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro ishi yuritish boshlangan.
Ijro harakatlari davomida sud ijrochisining qarori bilan qarzdorga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklar xatlanib, band solingan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, sud ijrochisi Toshkent shahar Yer tuzish va davlat kadastri xizmatiga soʻrovnoma yuborib, unda qarzdorga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklar haqida maʼlumot berishni hamda agar mulklar mavjud boʻlsa, ularni boshqa shaxslarga rasmiylashtirish (begonalashtirish) yuzasidan kadastr ishlarini qoʻshimcha koʻrsatma berilgunga qadar toʻxtatib turishni soʻragan.
Qarzdor xoʻjalik sudiga Sud departamenti Chilonzor tuman boʻlimi va Toshkent shahar Yer tuzish va davlat kadastri xizmatiga nisbatan ariza bilan murojaat qilgan. Unda kadastr xizmatining koʻchmas mulkni realizatsiya qilishga toʻsqinlik qilishda, sud ijrochisining esa qarzdorga band solishda ifodalangan xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topishni soʻragan.
Arizada sud ijrochisi tomonidan bino va inshootlarga band solish yoki kadastr xizmatiga ularni begonalashtirishga taqiq qoʻyish haqida berilgan koʻrsatmalar haqida qarzdor maʼlum qilinmaganligi, kadastr xizmati qarzdorga tegishli koʻchmas mulklarni sotish imkoniyati yoʻqligi haqida xat yuborganligi, sud ijrochisi esa qonun hujjatlarida belgilangan mol-mulklarni xatlash navbatini buzganligi, mol-mulklarni xatlashda qarzdor vakillarining ishtirokini taʼminlamanganligi hamda davlat mulkini tasarruf etish vakolatiga ega boʻlgan organ mol-mulklar xatlanganligi haqida xabardor qilinmaganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 86-moddasining uchinchi qismiga asosan sud ijrochisining qarori ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin.
Ushbu Qonun 88-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud ijrochisining xatti-harakatlari (xarakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
Shu bois, agar sud ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirish natijalari boʻyicha qaror (ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish, ijro yigʻimini undirish, jarima solish va boshqalar) qabul qilinsa, sudga sud ijrochisining xatti-harakatlari ustidan emas, balki bunday xatti-harakat natijasida qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinadi. Chunki, agar sud xatti-harakatlarni qonunga xilof deb topgan taqdirda ham, sud ijrochisining qarori kuchda boʻlganligi sababli, uning bajarilishi majburiyligicha qoladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud ijrochisining xatti-harakatlari qonun hujjatlariga muvofiq boʻlganligi va kadastr xizmati sud ijrochisining qarzdorga tegishli koʻchmas mulklarini begonalashtirilishining oldini olish uchun qoʻygan taʼqiq asosida ish yuritganligi sababli, sud daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
4. Soliq organining qarori qonun hujjatlari normalariga muvofiq boʻlmasdan, soliq toʻlovchining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, u soliq toʻlovchining arizasiga asosan sud tomonidan haqiqiy emas deb topiladi.
(10-1503/1231-sonli ish, sudya D. Aripov)
Tergov organining “Moliyaviy xoʻjalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlash haqida”gi qarori va Uchtepa tuman DSIning buyrugʻiga asosan “Premium Travel” MChJda (bundan buyon matnda MChJ deb yuritiladi) rejadan tashqari tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirish natijalari yuzasidan tuzilgan dalolatnomaga koʻra, 2011 — 2013-yillar davomida xizmat koʻrsatish faoliyatidan tushgan 128 957 300 soʻm naqd pul mablagʻlari NKMga kirim qilinmaganligi va 165 300 soʻm bankka topshirilmaganligi aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 2014-yil 13-oktabrda soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Unda Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan yashirilgan 129 122 600 (128 957 300+165 300) soʻm tushumning 20 foizi, yaʼni 25 824 520 soʻm va Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan naqd pul mablagʻlari NKMga kirim qilinmaganligi uchun eng kam ish haqining 30 baravari, yaʼni 3 229 050 soʻm, jami 29 053 570 soʻm miqdorida moliyaviy jarima hisoblanib, javobgarga jarimani ixtiyoriy toʻlash taklif qilingan.
MChJ DSIning qaroridan norozi boʻlib xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, DSI qarorining Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan yashirilgan 128 957 300 soʻm tushumning 20 foizi, yaʼni 25 791 460 soʻm miqdorida moliyaviy jarima hisoblangan qismini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ish koʻrilishi jarayonida MChJ tomonidan 2011 — 2013-yillar davomida xizmat koʻrsatish faoliyatidan kelib tushgan 128 957 300 soʻmlik naqd pul mablagʻlari NKMga kirim qilinmagan boʻlsada, biroq ushbu summa toʻlaligicha bankka inkassatsiya qilinganligi va buxgalteriya hisobotida aks ettirilganligi aniqlangan.
Nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilish paytida amalda boʻlgan Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismi (hozirgi vaqtda toʻrtinchi qismi)ga koʻra ushbu moddani qoʻllash maqsadida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumni yashirish (kamaytirib koʻrsatish) deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilinganligi fakti hujjat bilan tasdiqlanganda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushum summasining hisobga olish registrlarida aks ettirilmaganligi;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilinganligi fakti toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlar almashtirilganligi, soxtalashtirilganligi yoki yoʻq qilinganligi;
hisobda realizatsiya qilinmagan deb koʻrsatilgan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi.
Mazkur holatda xizmat koʻrsatish faoliyatidan kelib tushgan 128 957 300 soʻmlik naqd pul mablagʻlari NKMga kirim qilinmagan boʻlsada, biroq ushbu summa MChJ tomonidan toʻlaligicha bankka inkassatsiya qilinganligi va buxgalteriya hisobotida aks ettirilganligi holati ish koʻrilishi jarayonida oʻz tasdigʻini topgan.
Shu bois, birinchi instansiya sudining 2015-yil 27-fevraldagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, DSI qarorining Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan yashirilgan 128 957 300 soʻm tushumning 20 foizi, yaʼni 25 791 460 soʻm miqdorida moliyaviy jarima hisoblash qismi asosli ravishda haqiqiy emas deb topilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
5. Qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yer uchastkasidan qonunda belgilangan muddat mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga boʻlgan huquq tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalda bekor qilinishi mumkin.
(10-1510/220-sonli ish, sudya D. Aripov)
Toshkent shahar hokimining 2003-yil 11-avgustdagi 476-sonli qaroriga asosan “Dilkush sport” MChJga Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Xumoyun mavzesi manzilida futbol maktabi binosini qurish uchun 4,6 ga yer uchastkasi doimiy foydalanishga ajratib berilgan.
“Dilkush sport” MChJning murojaati hamda Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan tavsifnomaga asosan Toshkent shahar hokimining 2008-yil 2-maydagi 267-sonli qarori bilan “Dilkush sport” MChJga ajratilgan yer uchastkasida koʻp qavatli turar joy binolarini qurishga ruxsat berilgan. MChJ zimmasiga meʼmoriy rejalashtirish topshiriqlarini tuzib chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda ularni Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazib, qurilish ishlarini boshlashga ruxsat olish kabi vazifalar yuklatilgan.
Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi hamda Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan MChJga ajratilgan yer maydonining oʻzlashtirilganligi darajasi oʻrganilganda, ajratilgan yer maydonida qurilish ishlari olib borilmaganligi aniqlangan. Shu bois, yuqoridagi boshqarmalar 2011-yil 28-iyulda shahar hokimi nomiga xat bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 10-bandiga asosan yer uchastkasiga boʻlgan doimiy foydalanish huquqini bekor qilishni va yer uchastkasini davlat yer zaxira fondiga oʻtkazishni soʻragan. Toshkent shahar hokimining 2011-yil 29-iyuldagi 481-sonli qarori bilan shahar hokimining 2003-yil 11-avgustdagi 476-sonli va 2008-yil 2-maydagi 267-sonli qarorlari bekor qilingan.
Shahar hokimining ushbu qaroridan norozi boʻlib, MChJ xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, shahar hokimining 2011-yil 29-iyuldagi 481-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Arizada MChJ tomonidan qurilish ishlarini boshlash uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanganligi va u ekspertizadan oʻtkazilganligi, qurilishga ruxsat berish guvohnomasi rasmiylashtirilganligi va boshqa ishlar amalga oshirilganligi, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qilishda Yer kodeksi talablari buzilganligi, yaʼni yer ijara shartnomasini bekor qilish uchun hokimiyat sudga daʼvo bilan murojaat qilmaganligi vaj qilib koʻrsatilgan.
Nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilish paytida amalda boʻlgan Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 10-bandiga binoan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berib qoʻyilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berib qoʻyilgan yer uchastkasidan ikki yil (amaldagi tahrirda uch yil) mobaynida foydalanilmaganida yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinadi.
Yer kodeksi 36-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, ushbu modda birinchi qismining 1 — 11-bandlarida koʻrsatilgan hollarda yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga muvofiq huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarga asosan tegishlicha tumanlar, shaharlar, viloyatlar hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
Mazkur holatda, yer uchastkasi MChJga qurilish ishlarini amalga oshirish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan. MChJ tomonidan ushbu yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmagan.
Shu bois, sud shahar hokimining nizoli qarorini qonuniy deb hisoblab, MChJning daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
6. Davlat zaxirasida boʻlgan yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berish toʻgʻrisida kelishuvning mavjudligi yer uchastkasini tasarruf qilish huquqiga ega boʻlgan davlat organining ushbu huquqdan foydalanishiga toʻsqinlik qilmaydi. Shu bois, bunday yer uchastkasini boshqa shaxsga ajratish toʻgʻrisidagi davlat organining qarori qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjat deb baholanmaydi.
(10-1414/6756-sonli ish, sudya N. Bayzaqova)
2012-yil 7-iyunda Toshkent shahar Yer resurslari va kadastr boshqarmasi va “Asterus” xususiy firmasi (bundan buyon matnda Firma deb yuritiladi) oʻrtasida Firmaga qarashli Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 49 uyda joylashgan oshxona binosi yon atrofidagi 218 kvadrat metr yer maydonini ijaraga berish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi Binolardan foydalanish departamenti va Firma oʻrtasida oshxona binosiga jips holda joylashgan Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 49a-uydagi davlat tasarrufida boʻlgan va foydalanayotmagan bino atrofidagi yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berish toʻgʻrisida kelishuv imzolangan. Ushbu kelishuvga koʻra, servitut davlat zaxirasidagi yer uchastkasidan piyoda va transportda oʻta olishni taʼminlash maqsadida belgilangan.
Yer ijara shartnomasi hamda servitut huquqini berish toʻgʻrisidagi kelishuvga asosan Firma ijaraga olingan 218 kvadrat metrdan iborat yer maydoni va oʻzganing yer uchastkasidan foydalanib kelgan.
Toshkent shahar hokimining 2013-yil 22-avgustdagi 663-sonli qaroriga asosan “Tabriz” MChJga Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 49-a uydagi 257 kvadrat metr yer uchastkasida joylashgan maydoni 140 kvadrat metrdan iborat boʻlgan bino olib qoʻyilgan koʻchmas mulk uchun kompensatsiya sifatida berilgan.
Firma xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, shahar hokimining 2013-yil 22-avgustdagi 663-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Arizada Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 49-a uyda joylashgan yer uchastkasining bir qismidan Firma foydalanishi uchun servitut belgilash haqidagi kelishuvga asosan berilganligi, ushbu kelishuv bekor qilinmaganligi yoki haqiqiy emas deb topilmaganligi sababli, shahar hokimi uni boshqa shaxsga biriktirib berishi Firmaning huquqi va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzishi vaj qilib keltirilgan.
Yer kodeksining 30-moddasi va FK 173-moddasining ikkinchi qismiga koʻra oʻzganing yer uchastkasidan piyoda va transportda oʻta olishni taʼminlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini oʻtkazish va ulardan foydalanish, suv bilan taʼminlash uchun, shuningdek koʻchmas mulk egasining ehtiyojlarini servitut belgilamay turib taʼminlanishi mumkin boʻlmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin.
FK 173-moddasining uchinchi qismiga binoan yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi.
Mazkur holatda, Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Parkent koʻchasi, 49-a uydagi 257 kvadrat metr maydondagi yer uchastkasida joylashgan 140 kvadrat metrdan iborat boʻlgan bino davlatga tegishli boʻlib, shahar hokimligi tasarrufida boʻlgan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, sud shahar hokimining nizolashilayotgan qarorini qonuniy deb topib, Firmaning arz qilgan talabini qanoatlantirishni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
7. Notarius “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 38-moddasining birinchi qismida nazarda tutilmagan asoslarga koʻra bitimlarni notarial tasdiqlashni rad etishi mumkin emas. Aks hodda, sud tomonidan notariusning notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi hujjati haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
(11-1532/7871-sonli ish, sudya S.Soliyev)
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyati mintaqaviy filiali (bundan buyon matnda arizachi deb yuritiladi) Angren shahar 1-sonli davlat notarial idorasiga (bundan buyon matnda Notarial idora deb yuritiladi) nisbatan xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Notarial idora notariusi A.Baymakovning 2015-yil 21-maydagi 1332-sonli notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan arizachi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyati mintaqaviy filiali ishga daxldor daʼvogar (arizachi) “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga va javobgar Angren shahar 1-sonli davlat notarial idorasi esa ishga daxldor javobgar Toshkent viloyat adliya boshqarmasiga almashtirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, xoʻjalik sudining 11-0927/16253-sonli ish boʻyicha qabul qilingan 2010-yil 15-yanvardagi hal qiluv qarori bilan qarzdor “Oʻzbekshashtostroy” AJ bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish ochilgan. Sudning 2010-yil 30-dekabrdagi ajrimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4053-sonli Farmoni va 2008-yil 19-noyabrdagi “Tijorat banklariga iqtisodiy nochor korxonalarni sotish boʻyicha Tartibni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 4010-sonli Farmoyishiga asosan qarzdor “Oʻzbekshashtostroy” AJning barcha aktivlari bank balansiga berilishi nazarda tutilgan.
Sudning ushbu ajrimi ijrosi taʼminlanib, 2011-yil 15-aprelda tomonlar oʻrtasida imzolangan topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan Angren shahri, 2/2-dahasida joylashgan 48 ta xonadondan iborat 6-sonli koʻp qavatli turar joy binosi arizachi (bank) tomonidan qabul qilib olingan.
Angren shahar “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan 2015-yil 16-aprelda berilgan TO 0070917-sonli binolar, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga asosan koʻp qavatli turar joy binosiga nisbatan arizachining mulkiy huquqlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Daʼvogar Notarial idoraga 6-sonli koʻp qavatli uyda joylashgan 48 ta kvartirani fuqarolarga sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarini notarial tasdiqlab berishni soʻrab murojaat qilgan. Biroq, notarius 2015-yil 21-maydagi 1332-sonli qarori bilan notarial harakatlarni amalga oshirishni rad qilgan. Notariusning qarorida notarial harakatlarni amalga oshirishni rad qilishda sudning 11-0927/16253-sonli ajrimida Toshkent viloyati, Angren shahri, 2/2-daha, 6-uyda joylashgan jami 48 ta xonadondan iborat koʻp qavatli turar joy binosini arizachi balansiga berish majburiyati yuklatilgan boʻlsada, koʻp qavatli turar joy binosi bank filialiga mulk huquqi, yaʼni tasarruf etish huquqi bilan oʻtkazilganligiga aniqlik kiritilmaganligi va koʻp qavatli turar joy binosida joylashgan kvartiralar har birining raqami, umumiy va foydalanish maydoni koʻrsatilmaganligi vaj qilib keltirilgan.
Shu sababli, arizachi sudga ariza bilan murojaat qilgan.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasi va “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 51-bandiga koʻra, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlar mulk joylashgan hududdagi notarial idorada tasdiqlanishi belgilangan.
Ish koʻrilishi jarayonida aniqlanishicha, Angren shahri, 2/2-dahasida joylashgan 48 ta xonadondan iborat 6-sonli koʻp qavatli turar joy binosi 2011-yil 15-apreldagi topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan topshirilayotganda, dalolatnomaga 5618-sonli turar uy-joy kadastr hujjati, qurilish, inshoot maydonlari, uchastka hajmlarini hisoblash qaydnomasi hamda Nazorat oʻlchovi dalolatnomasi ilova qilingan. Binoni topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga ilova qilingan hujjatlarda koʻp qavatli turar joy binosining tavsifi, yaʼni har bir uyning raqami, umumiy va foydalanish maydoni koʻrsatilgan. Bundan tashqari, kadastr xizmati tomonidan 2015-yil 16-aprelda berilgan TO 0070917-sonli guvohnomaga asosan daʼvogarning koʻchmas mulkka boʻlgan mulkiy huquqlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 38-moddasining birinchi qismiga koʻra, notarius quyidagi hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi, agar:
bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid boʻlsa;
bu harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak boʻlsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari boʻlmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa;
yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki nizomida koʻrsatilgan maqsadlarga zid boʻlsa;
bitim qonun talablariga muvofiq boʻlmasa;
notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmasa.
Biroq, daʼvogar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlib, yuqoridagi Qonun 38-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan notarial harakatni amalga oshirishni rad etish holatlari mavjud boʻlmasada, notarius A.Baymakov tomonidan bunday harakatlarni amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shu sababli, sud arz qilingan talabni qanoatlantirib, notarius A.Baymakovning 2015-yil 21-maydagi 1332-sonli notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topgan.
Sud amaliyotini umumlashtirish natijalari boʻyicha xoʻjalik sudlariga quyidagi tavsiyalar beriladi:
xoʻjalik yurituvchi subyekt davlat organi mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi)dan norozi boʻlganda, sudga bunday xatti-harakat (xarakatsizlik)ni qonunga xilof deb topish toʻgʻrisida shikoyat bilan emas, balki ariza bilan murojaat qilishi hamda arizaning shakli va mazmuni XPKning 112-moddasi talabiga javob berishi lozimligiga;
davlat organi yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilinganda, arizada javobgar sifatida ushbu mansabdor shaxs emas, balki davlat organi yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi koʻrsatilishiga;
bank davlat organi hisoblanmaganligi sababli, uning mansabdor shaxslari xatti-harakati (xarakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudi sudloviga taalluqli emas. Shu sababli, bunday talab bilan murojaat qilinganda, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
davlat organining nizoli hujjati qonun hujjatlariga muvofiqligini davlat organi isbotlagan holda, arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilishiga;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatiga olinganligi holati (fakti) emas, balki uning asosida berilgan guvohnoma davlat organining hujjati hisoblanadi. Shu sababli, agar sudga huquqni davlat roʻyxatiga olinganligi holati (fakti)ni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilingan boʻlsa, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori davlat organi yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjati hisoblanmaydi. Bunday qaror ustidan faqat shirkat aʼzosi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligiga;
davlat organi xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnoma (xulosa, maʼlumotnoma, bayonnoma va hokazo) huquqiy oqibat keltirib chiqarmaganligi sababli davlat organi hujjati boʻlib hisoblanmaydi. Sudga bunday dalolatnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilinganda, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etilishiga, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlangan boʻlsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
davlat organi mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida bunday harakatlar (harakatsizlik) nimada ifodalanganligi va ularni qonunga xilof deb topilishiga asos boʻlgan qonun hujjatlari koʻrsatilishi lozimligiga;
agar davlat organi mansabdor shaxsi xatti-harakatlarining natijalari boʻyicha yuridik yoki jismoniy shaxsga huquq va majburiyat keltirib chiqaruvchi qaror qabul qilinsa, bunday shaxs sudga davlat organi mansabdor shaxsining xatti-harakati ustidan emas, balki bunday xatti-harakat natijasida qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilishi mumkinligiga;
davlat organining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini yoki uning bir qismini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorida albatta ushbu toifadagi ishlarni koʻrishda maxsus protsessual norma boʻlgan XPKning 143-moddasi qoʻllanilganligi koʻrsatilishiga;
DSIning xoʻjalik yurituvchi subyekt mansabdor shaxsini maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab xoʻjalik sudi sudloviga taalluqli emas. Shu sababli, bunday talab bilan murojaat qilinganda, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etilishiga, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlangan boʻlsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishiga;
davlat organi hujjatini tegishli shaxsga ijro etish uchun yuborish muddati yoki tartibi buzilganligi sababli, ushbu hujjatni qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjat deb baholab boʻlmaydi va bunday holat uni haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlmasligiga;
soliq organining qarori qonun hujjatlari normalariga muvofiq boʻlmasdan, soliq toʻlovchining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, u soliq toʻlovchining arizasiga asosan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishiga;
qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yer uchastkasidan qonunda belgilangan muddat mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga boʻlgan huquq tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalda bekor qilinishi mumkinligiga;
davlat zaxirasida boʻlgan yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berish toʻgʻrisida kelishuvning mavjudligi yer uchastkasini tasarruf qilish huquqiga ega boʻlgan davlat organining ushbu huquqdan foydalanishiga toʻsqinlik qilmaydi. Shu bois, bunday yer uchastkasini boshqa shaxsga ajratish toʻgʻrisidagi davlat organining qarori qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjat deb baholanmasligiga;
notarius “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 38-moddasining birinchi qismida nazarda tutilmagan asoslarga koʻra bitimlarni notarial tasdiqlashni rad etishi mumkin emas. Aks holda, sud tomonidan notariusning notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi hujjati haqiqiy emas deb topilishi mumkinligiga;
davlat organi tomonidan qabul qilingan hujjat uni qabul qilgan organ yoki yuqori turuvchi organ tomonidan bekor qilingan boʻlsa, nizo bartaraf etilganligi munosabati bilan hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish rad etilishiga;
egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qoʻyilganidan keyin amalga oshirilishiga;
DSIning xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash haqidagi talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻla turib, xoʻjalik yurituvchi subyekt moliyaviy jarima qoʻllanilishiga asos boʻlgan DSI qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻrab sudga murojaat qilganda, sud XPK 60-moddasining ikkinchi qismiga asosan daʼvoni qanoatlantirishni rad etishiga;
xoʻjalik yurituvchi subyekt (soliq toʻlovchi)ning moliyaviy jarima qoʻllanilishiga asos boʻlgan DSIning qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻla turib, DSI ushbu qarori ixtiyoriy bajarilmaganligi uchun xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻrab sudga murojaat qilganda, sud XPK 60-moddasining ikkinchi qismiga asosan daʼvoni qanoatlantirishni rad etishiga alohida eʼtibor qaratish kerak.
2016-yil 28-aprel.
