545 -q-son 26.02.2016. Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani hokimining
Qarori
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi 54-sonli qaroriga asosan tumandagi transport vositalarining 2016-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Qoʻshkoʻpir tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (D. Rajapov) zarur shart-sharoitlarga (texnik diagnostika uskunalariga, koʻtarish moslamalariga yoki qarab chiqish uchun chuqurchalarga, nazorat-oʻlchash asboblariga, asfalt yoki beton qoplangan bir tekis gorizontal maydonchaga) va malakali mutaxassislarga ega boʻlgan tashkilotlarda va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida, tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining majburiy texnik koʻrikdan (keyingi oʻrinlarda “texnik koʻrik” deb yuritiladi) oʻtkazilishini taʼminlanglar:
a) tumanda yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 10-iyungacha;
b) tijorat asosida yoʻlovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar bir yilda ikki marotaba (1-martdan 10-iyungacha va 1-sentabrdan 31-oktabrgacha);
v) jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilsin;
Ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin, mazkur bandning “b” kichik bandida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno.
2. Tumanda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq, yuridik shaxslarga qarashli transport vositalarining 2016-yilgi majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi tuman komissiyasi:
transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining oʻndan bir qismi miqdorida;
mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yigʻim undirilsin.
Ushbu qarorning 1-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
4. Transport vositalarini texnik koʻrikka jalb qilishda YHHGga tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, qishloq fuqarolar yigʻini raislari jamoatchilik asosida amaliy yordam koʻrsatilishi tavsiya qilinsin.
5. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2015-yil 14-apreldagi 895q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga transport vositalarining texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2016-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
7. Ushbu qaror Qoʻshkoʻpir tuman hokimligining rasmiy nashri hisoblangan “Hayot koʻzgusi” gazetasida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8.Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari X. Valiyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim K. SABIROV
Qoʻshkoʻpir t.,
2016-yil 26-fevral.,
545q-son
Tuman hokimining 2016-yil 26-fevraldagi № 545q-sonli qaroriga 1-ILOVA
Qoʻshkoʻpir tumanidagi transport vositalarini 2016-yil majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi
TARKIBI
1. D. Rajabov — Qoʻshkoʻpir tuman IIB avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoidalari va meʼyorlariga amal qilishni nazorat etish guruhi katta inspektori serjant, komissiya raisi. 2. Sh. Nurmetov — Qushkoʻpir tuman Mudofaa ishlari texnika nazorati boʻlimi boshligʻi. 3. M. Qurbonova — Qoʻshkoʻpir tumani yoʻlovchi tashish transport boshqarmasi boshligʻi. 4. Sh. Kenjayev — Qoʻshkoʻpir tumani MTP DAJ mexanigi 5. O. Xajimov — Tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi, guruh aʼzosi. 6. O. Yuldoshev — Oʻzagrosugʻurta davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi ochiq aksionerlik jamiyati Qoʻshkoʻpir tuman boʻlinmasi menedjeri, guruh aʼzosi.
Tuman hokimining 2016-yil 26-fevraldagi № 545q-sonli qaroriga 2-ILOVA
Tumandagi avtomototransport vositalrini majburiy texnika koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
