Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (464-son)
18.02.2016
xorazm viloyati Xiva tumani hokimining
Qarori
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda), “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi 54-son Qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda;) asosan tumandagi transport vositalarning 2016-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Xiva tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (J. Ollaberganov) zarur shart-sharoitlarga (texnik diagnostika uskunalariga, koʻtarish moslamalariga yoki qarab chiqish uchun chuqurchalarga, nazorat-oʻlchash asboblariga, asfalt yoki beton qoplangan bir tekis gorizontal maydonchaga) va malakali mutaxassislarga ega boʻlgan tashkilotlarda va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida, tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq majburiy texnik koʻrikdan (keyingi oʻrinlarda matnda “texnik koʻrik” deb yuritiladi) oʻtkazilishini taʼminlasinlar:
a) tumandagi yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 10-iyungacha;
b) tijorat asosida yoʻlovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar bir yilda ikki marotaba (1-martdan 30-iyungacha va 1-sentabrdan 31-oktabrgacha);
v) jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
Ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin, mazkur bandning “b” kichik bandida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno.
2. Tumanda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, yuridik shaxslarga qarashli transport vositalarining 2016-yilgi majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi tuman komissiyasi:
transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining oʻndan bir qismi miqdorida;
mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yigʻim undirilsin.
Ushbu qarorning 1-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
4. Transport vositalarni texnik koʻrikka jalb qilishda YHXGga, tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, qishloq fuqarolar yigʻini raislari jamoatchilik asosida amaliy yordam koʻrsatilishi tavsiya qilinsin.
5. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2015-yil 1-apreldagi 409-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi, transport vositalarning texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2016-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
7. Ushbu qaror Xiva tuman hokimligining rasmiy nashri hisoblangan “Xiva tongi” gazetasida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim v.b. A. RAXMONOV
Xiva t.,
2016-yil 18-fevral,
464-son
