Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2016-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (X-599/09-son)
28.09.2015
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib kuyish toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil 34-son, 333-modda)da belgilangan vazifalardan kelib chiqib hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2014-yil 8-sentabrdagi 138-sonli aloqa xati va tuman hududidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonun (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y, 5-6-son, 97-modda)ning 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Band qilinishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari sonini va ularga qoʻyiladigan talablarni belgilash maqsadida ishchi guruh 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish (2-ilovaga* muvofiq) xodimlar soni 20 nafardan ortiq kishini tashkil etadigan korxonalar uchun jami 7 foiz ( 94 kishi), shundan nogironlar uchun ish oʻrinlarining eng kam soniga muvofiq 3 foiz ( 3 kishi) miqdorida ish joylarini band qilib qoʻyish yoki barpo etish belgilansin.
Jumladan, umumiy band qilib qoʻyilgan yoki barpo etiladigan ish joylariga nisbatan;
a) yolgʻiz ota, yolgʻiz ona xamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor, koʻp bolali ota-onalar uchun 12 foiz (11 kishi);
b) taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 57 foiz (54 kishi);
v) muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 9 foiz ( 8 kishi);
g) nogironlar uchun 3 foiz (3 kishi);
d) pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 4 foiz (4 kishi);
e) jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan shaxslar uchun 4 foiz (4 kishi);
yo) odam savdosidan jabrlanganlar uchun 4 foiz (4 kishi);
j) ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynaladigan shaxslarning boshqa toifalari uchun 7 foiz ( 6 kishi).
3. Ish beruvchilar ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalariga va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasin,
Bunda;
nogironlar uchun salomatligi va mehnat faoliyatiga nisbatan qoʻyiladigan belgilangan talablar hisobga olingan holda mehnat vazifasini toʻsiqsiz bajarish imkonini beruvchi ish joylari;
yoshlar uchun, ular umumtaʼlim muassasalarini tamomlaganlaridan keyin ularning kasb-hunar tayyorgarligiga muvofiq keluvchi ish joylari;
14 yoshga toʻlmagan bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga hamda koʻp bolali ota-onalarga bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlarining bajarilishini birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi oʻzgaruvchan jadvalli ish joylari;
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qarori bilan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligi hisobga olingan xoldagi ish oʻrinlari.
4. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizi hajmda (yigirma besh) ish oʻrinlari band qilib quyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlab, bu toʻgʻrida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yil boshlangungacha yozma ravishda axborot berishini taʼminlasin.
5. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib kuyish korxona, muassasa,tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlab, bu toʻgʻrida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga birinchi chorak tugagandan keyin 10 kundan kechikmay yozma ravishda axborot berish vazifasi yuklatilsin.
6. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib koʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda korxona, tashkilot va muassasalar uchun kuyidagi imtiyozlar belgilanadi:
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman xokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan tuzilgan shartnoma bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplash huquqiga ega boʻladi.
7. Korxona, muassasa va tashkilotlar xar chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga 3-ilovaga* muvofiq axborot berib borishi yuklatilsin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi
8. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori A. Xolovga bir hafta muddatda mazkur qarorni ilovalarda koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari eʼtiboriga qoʻyidagilar yetkazilsin:
korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan ish oʻrinlarining band qilib qoʻyilishi;
ushbu ish oʻrinlariga qarorning 2-bandida koʻrsatilgan shaxslarning ishga joylashtirilishi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmagan korxona, muassasa va tashkilotlarga jarimalar solish toʻgʻrisida yozma axborotni berib borish topshirilsin.
9. Tuman hokimining 2014-yil 20-oktabrdagi X-680/10 sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari K. Xoliqov zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. OMONOV
Dehqonobod t.,
2015-yil 28-sentabr,
X-599/09-son
