Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2016-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (X-933/10-son)
16.10.2015
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda)da belgilangan vazifalardan kelib chiqib hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2015-yil 14-sentabrdagi 866-sonli aloqa xati va tuman hududidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 2016-yilda ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1998-y, 5-6-son, 97-modda)ning 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Band qilish kerak boʻlgan ish oʻrinlari sonini va ularga qoʻyiladigan talablarni belgilash maqsadida ishchi guruhi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish (2-ilovaga* muvofiq) xodimlar soni 20 nafardan ortiq kishini tashkil etadigan korxonalar uchun jami 7 foiz (106 kishi), shundan nogironlar uchun ish oʻrinlarining eng kam soniga muvofiq 3 foiz (4 kishi) miqdorida va 4 foiz (102 kishi) uchun ish joylarini band qilib qoʻyish yoki barpo etish belgilansin.
Jumladan, umumiy band qilib qoʻyilgan yoki barpo etiladigan ish joylariga nisbatan:
a) oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 7,5 foiz (8 kishi);
b) taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 75,5 foiz (80 kishi);
v) muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 2,8 foiz (3 kishi);
g) nogironlar uchun 3,8 foiz (4 kishi);
d) pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 2,8 foiz (3 kishi);
e) jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga kura tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 1,9 foiz (2 kishi);
yo) odam savdosidan jabrlanganlar uchun 0 foiz (0 kishi)
j) boshqa toifalar uchun 5,7 foiz (6 kishi), shu jumladan, safarbarlik chaqiruvi zaxirasiga kiritilgan shaxslar 3 kishi, kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar 3 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Ish beruvchilar ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlarini xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya- gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasin.
Bunda:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun–bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa-maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari.
4. Tumandagi korxona, muassasa va tashkilotlar 2016-yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmda ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlasinlar hamda bu toʻgʻrida tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yil boshlangungacha axborot bersinlar.
5. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib qoʻyish korxona, muassasa, tashkilotlar (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida amalga oshirib, bu toʻgʻrida tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yilning birinchi choragi tugagandan keyin 10 kundan kechikmay yozma ravishda axborot berish topshirilsin.
6. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda korxona va tashkilotlar uchun quyidagi imtiyozlar belgilanadi:
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdorda ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
7. Korxona, tashkilot va muassasalar har chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga 3-ilovaga muvofiq axborot berib borish yuklatilsin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
8. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori S. Oltiboyevga bir hafta muddatda mazkur qarorni ilovalarda koʻrsatilgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari eʼtiboriga quyidagilarni yetkazsin:
korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan ish oʻrinlarining band qilib qoʻyilishi;
ushbu ish oʻrinlariga qarorning 2-bandida koʻrsatilgan shaxslarning ishga joylashtirilishi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmagan korxona, tashkilot va muassasalarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinishi toʻgʻrisida yozma axborotni berib borish topshirilsin.
9. Gʻuzor tuman hokimining 2014-yil 21-oktabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2015-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi X-930/10- sonli qarori 2015-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari X. Joʻrayev zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim Sh. DONAYEV
Gʻuzor t.,
2015-yil 16-oktabr,
X-933/10-son
