Tumanda 2016-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (107-son)
10.02.2016
xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining
Qarori
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda), “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda) nizomga asosan tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish va moliyalash tartibini, ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarning bunday ishlarda ishtirok etish shartlarini belgilash maqsadida qaror qilaman:
1. Tumanda 2016-yilda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish roʻyxati ilovada koʻrsatilgan korxona va tashkilotlarga yuklatilsin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga (Y. Eremmetov) ilovada keltirilgan korxona va tashkilotlar bilan tegishli shartnomalar tuzib, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.
3. Tegishli tashkilotlar rahbarlari:
tashkil etiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun ularning maxsus dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan, mehnat faoliyatining vaqtincha turlariga muvofiq boʻlishini;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqarolarni har oy davomida kamida ikki hafta muddatga haq toʻlanadigan jamoat ishlari bilan taʼminlanishini;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi oʻrtasida muddatli mehnat shartnomasi tuzilishini;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi oʻrtasida muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash harajatlari tegishli tashkilotlar boʻyicha — yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Y. Eremmetov) ushbu qarorni bir hafta muddatda ilovada* koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
* Ilova berilmaydi.
5. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2015-yil 7-fevraldagi “Tumanda 2015-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 196-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror “Gurlan hayoti” gazetasida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari M. Quryazov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Q. MADRAHIMOV
Gurlan t.,
2016-yil 10-fevral,
107-son
