Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida (14-son)
19.01.2016
jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5- 6-son, 97-modda) 22-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami 1999-y., 7-son, 40-modda) ijrosini taʼminlash hamda ishga joylashishga muhtoj, ish bilan taʼminlanmagan aholini jumladan, kasbga ega boʻlmagan yoshlarni ishga joylashtirishga koʻmaklashish, shuningdek oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tumanda 2016-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini amalga oshiradigan muassasa, korxona va tashkilotlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (N. Oʻsarov)ga:
ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan. talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida roʻyxatga olingan va ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarning kasb mahoratini, ish tajribasini, yoshi, jinsi va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan qolda jamoat ishini tashkil etayotgan tegishli, korxona, tashkilot va muassasalardagi ishning turi va zaruriy mehnat sharoitlariga muvofiq keladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 23-bandiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilsin.
4. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
5. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarning haq toʻlanadigan jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot markazga 3 kun muddatda yetkazilsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (N. Oʻsarov):
korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 30-dekabrdagi 779-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Raimqulov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim M. BOBOBEKOV
Mirzachoʻl t,
2016-yil 19-yanvar,
14-son
Tuman hokimining 2016-yil 19-yanvardagi 14-sonli qaroriga ILOVA
Tumanda 2016-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini amalga oshiradigan muassasa, korxona va tashkilotlar
ROʻYXATI
