Kimyo sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (124-son)
13.03.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Kimyo sanoati korxonalari va tashkilotlarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda ular faoliyatining iqtisodiy samaradorligini oshirish, tarmoq korxonalarini aksiyalashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, kimyo ishlab chiqarishini rivojlantirish, texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi rahbariyatining, shuningdek tarmoq korxonalari rahbarlarining, mamlakatda isloh qilish va xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan umumiy strategiyaga qaramay, kimyo sanoatining yetakchi korxonalarini aksiyalashtirish, xususiylashtirishdan oldin reklama qilish hamda chet el va mamlakatimiz investorlarini jalb etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida hanuzgacha amaliy qadam qoʻyishmaganligi mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan hol hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 27-dekabrdagi F-1313-son farmoyishi bilan tuzilgan kimyo tarmogʻini boshqarish tizimini va qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlashni takomillashtirish boʻyicha maxsus komissiyaning ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzkimyosanoat” DAKni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalari uyushmasi “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi qatnashchilari tomonidan uyushmani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Kimyo tarmogʻini boshqarish tizimini va qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlashni takomillashtirish boʻyicha maxsus komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda belgilangan tartibda:
2001-yil 1-maygacha asosiy fondlarni 2001-yil 1-yanvargacha boʻlgan holati boʻyicha qayta baholashni hisobga olgan holda “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondini shakllantirsinlar, davlat mulki boʻlgan aksiyalar paketini shakllangan ustav fondining 51 foizi miqdorida saqlab qolgan holda emissiya prospekti roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasinlar;
3-ilovaga* muvofiq kompaniya korxonalarini xorijiy investorlarni jalb qilgan holda bosqichma-bosqich ochiq aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshirsinlar.
2001-yilda birja va birjadan tashqari bozorlarda “Sharq taronasi” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining davlat ulushlari sotilishini taʼminlasinlar;
2001-2002-yillarda “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining 4-ilovaga* muvofiq ijtimoiy infratuzilma obyektlarini sotsinlar, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotsinlar.
* 2—4-ilovalar berilmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga kimyo sanoati korxonalarini xususiylashtirish uchun xorijiy konsalting va baholash kompaniyalarini, moliyaviy agentliklarni jalb etishga ruxsat berilsin, buning uchun zarur mablagʻlar ajratilsin.
8. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga maqsadli Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb ataladi) tashkil etish huquqi berilsin, Jamgʻarma mablagʻlari:
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining soliqlar va majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin qolgan sof foydasining bir qismi;
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvida boʻlgan tashkilotlar aksiyalarini sotishdan, shuningdek kompaniyaning oʻz aksiyalarini sotishdan tushgan mablagʻlar, budjetga yoʻnaltiriladigan operatsiya xarajatlari va ulushlar bundan mustasno;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan faqat:
investitsiya loyihalarini, kimyo sanoati korxonalarini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashni shu jumladan, “Oʻzkimyosanoat” AJning tijorat tashkilotlari ustav kapitalidagi ulushini shakllantirishda;
eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlarni tashkil etish va rivojlantirishni;
mahsulotlarning yangi turlarini oʻzlashtirishni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga muvofiq, ilgʻor va innovatsion ishlanmalarni, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini mablagʻ bilan taʼminlashda maqsadli foydalaniladi.
Jamgʻarmaning foydalanilgan mablagʻlari qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish va davlatga joylashtirish orqali “Oʻzkimyosanoat” AJning ustav kapitaliga kapitallashtirilishi belgilansin;
Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, istisno tariqasida, 4-ilovaga muvofiq obyektlarni xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni (qonunchilikka muvofiq korxonalar va Davlat mulki qoʻmitasi ixtiyorida qoldiriladigan mablagʻlardan tashqari), shuningdek “Sharq taronasi”, “Laktam” aksiyadorlik jamiyatlari va “Kimyosavdotaʼminot” yopiq aksiyadorlik jamiyatidagi davlatga tegishli aksiyalarni sotishdan tushgan mablagʻlarni “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ixtiyoriga yoʻnaltirsin, koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlardan Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali maqsadli foydalanilsin.
10. Belgilansinki:
“Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi bilan tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati daromadlari (foydasi) kompaniya aksiyalarini sotish, mol-mulki kompaniyaning ustav fondiga toʻliq kirgan tashkilotlarning ajratmalari (ular sof foydasining 50 foizigacha miqdorda), shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa daromadlardan shakllantiriladi;
“Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi ijro etuvchi apparatining xarajatlari 2002-yil 1-yanvargacha kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari hisobiga, keyinchalik — qonunchilikka muvofiq kompaniya daromadlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
14. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2002-yil 1-yanvargacha qabul qilish-topshirish dalolatnomalari asosida uy-joy fondi, poliklinikalar va kommunal sohaning muhandislik kommunikatsiyalari mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga belgilangan tartibda berilishini taʼminlasin.
15. Toshkent shahridagi “OʻzKimyoloyihaITI” institutini va “OʻzKimyoloyihaITI” institutining Chirchiqdagi filialini birlashtirish va ularning negizida Chirchiq shahar, Toshkent koʻchasi, 4-uyda joylashgan “OʻzKimyoloyihaITI” yagona loyiha-texnologiya institutini tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 8-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hukumat qarorlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida ikki oy muddatda takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 13-mart,
124-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-martdagi 124-son qaroriga 8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalari (“Oʻzkimyosanoat”) uyushmasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1994-yil 19-martdagi 149-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “1998—2002-yillarda Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalarini kompleks rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” 1998-yil 25-martdagi 129-son qarorining 3-bandi.
