Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida (410-I-son)
30.11.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 13-noyabrda taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjetini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilga moʻljallanayotgan makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda Davlat budjeti parametrlari qabul qilinsin, shuningdek Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish hamda undagi tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari uchun qulay muhitni taʼminlash, respublikaning eksport salohiyatini kuchaytirish, xususiy sektor koʻlamlarini kengaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun kafolatlarni mustahkamlash va maqbul sharoitlar yaratish, shuningdek soliq yukini izchillik bilan kamaytirib borish hamda soliq boshqaruvini takomillashtirish, Davlat budjetining umumiy xarajatlarida dotatsiyalar ulushini kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirsin;
iqtisodiyotning barqaror yuqori surʼatlar bilan oʻsishi saqlab qolinishini, mamlakatning makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorligi yanada mustahkamlanishini, aholi farovonligi oshishini hamda inflyatsiya surʼatlari jilovlab turilishini nazarda tutadigan iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishini taʼminlasin;
aholining turmush darajasi oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlimni rivojlantirishga, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini taraqqiy toptirishga qilinadigan xarajatlarning ustuvorligini belgilab qoʻysin;
fermer xoʻjaliklarini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda yerlarning unumdorligini oshirish maqsadida unumdorligi past yerlarda paxta yetishtirayotgan fermer xoʻjaliklariga davlat tomonidan yordam koʻrsatsin;
budjet mablagʻlari maqsadli ishlatilishi ustidan qattiq nazorat qilib borilishini taʼminlasin, Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini takomillashtirish, moliyalashtirishning budjetdan ajratilgan mablagʻlardan samarali va oʻz oʻrnida foydalanilishi darajasini oshirish imkonini beradigan normativ usullarini qoʻllagan holda xarajatlarni maqbullashtirish ishini davom ettirsin;
Davlat budjeti taqchilligini respublika budjetining boʻsh, zaruriy aylanma kassa mablagʻlari hajmidan ortiqcha qoldiqlari hamda boshqa noinflyatsiyaviy manbalar hisobidan moliyalashtirsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning soliq bazasini kengaytirish hamda moliyaviy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy hamda taʼsirchan nazorat oʻrnatsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-noyabr,
410-I-son
